Rasul Hamzatov «MENING DOG’ISTONIM» Kitobidan ostiga chizilgan parchalar

Bizning tog’liklarda shunday odat bor – chavandoz o’z uyining ostonasida otiga sakrab minmaydi. Asta otini yetaklab ovuldan chiqadi. Ehtimol bu hech narsani yoddan chiqarib qoldirib ketmayotganini eslashi va yo’lda nimalar kutayotganini xayoldan o’tkazishi uchun kerakdir?!

***

Odam tilga kirishi uchun ikki yil kifoya, lekin tilini tiyib turishni o’rganishi uchun oltmish yil kerak bo’ladi.

***

Tog’liklarning uyiga mehmonlar kutilmaganda kelishadi. Lekin ular tog’liklar uchun hech qachon kutilmagan mehmon emas. Chunki biz tog’liklar mehmon kelishini har doim, har kun, har soatda, har daqiqada kutib yashaymiz.

***

Nufuzli jurnalning hurmatli bosh muharriri! …Men siz kutganday o’z Dog’istonimni 9-10 sahifa qog’ozga o’ray olmayman. Uzr, Dog’istonning bugungi kuni, ilg’or tajribasi va erishgan muvaffaqiyatlari», «oddiy mehnatkashlarning kundalik tashvishlari, mehnat qahramonliklari va orzu-niyatlari», «tog’li o’lka va uning asrlardan o’tgan an’analari», «ajoyib buguni va porloq ertasi» to’g’risida yozish hazilakam ish emas.
Ruchkamning kichkinagina perosi bunday ulkan yukni ko’tarishi qiyin. Siyohning kichkinagina tomchisi tog’dan sharqirab oqayotgan jilg’alarning, sarkash daryolarning tug’yonini, olam taqdirini, hatto birgina odam taqdirini o’zida jamlashi mushkul.

***

…biz shoirlar butun dunyoga javobgarmiz, ammo o’z tog’liklari haqida gapira olmagan odam butun dunyo nomidan gapira oladimi? Nazarimda u o’zi tug’ilgan yurtdan ketib o’zga mamlakatda uylangan va qaynonasini ona degan odamga o’xshaydi. To’g’ri, hamma qaynonasini hurmat qilishi kerak, lekin baribir ona ona-da!

***

Ular biz haqimizda qayoqdan ham bilardi, agar biz o’zimizni to’la bilmagan bilsak. Biz million kishimiz. Dog’istonning toshloq tog’lari orasidamiz. Million kishi va qirqdan ziyod til…

***

To’g’ri, barcha dog’istonliklar uchun Dog’iston bitta, yagona. Lekin har bir dog’istonlikning qalbida o’z Dog’istoni bor.

***

Men avar shoiriman. Lekin qalban nafaqat Avaristonga, Dog’istonga, ulkan mamlakatga, balki butun sayyoraga, XX asrga javobgar ekanimni his qilaman. Bundan boshqacha yashashim mumkin emas.

***

Ehtimol, kelajakda dog’istonlik fol`klorshunoslardan biri qarg’ishlarni ham o’rganar, ularni to’plab, kitob holiga keltirar, o’shanda odamlar so’zga topqirlik me’yorini, nozik fahmlilik chegarasini, qanchalik xayolga erk berish mumkinligini, tog’liklar so’zida ifodalash ko’lamining kengligini bilib olishardi.

***

…Onasining uyiga to’plangan qarindoshlari o’z Vatanini tashlab ketib, uni o’zga yerlarga almashgan o’g’il
haqidagi hikoyani g’amgin tinglashdi. Ular adashgan o’g’ilni kechirganday bo’lishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi so’rab qoldi:
— Sizlar avarcha so’zlashdinglarmi?
— Yo’q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u frantsuzcha.
Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar o’z o’g’lining o’lganini eshitganda shunday qilishadi…

***

Tog’liklardan so’rashdi: nega sizlar tog’larning borib bo’lmaydigan joylarida uylaringizni qurasizlar?.. Tog’liklar javob berishdi: «Yaxshi do’stlar pisand qilmasdan yomon so’qmoqlardan ham o’tib kelishadi, yomon kishilarning esa bizga keragi yo’q».

***

Men Dog’istonning eng baland cho’qqisiga ko’tarildim va tevarak-atrofga nazar tashladim. So’qmoqlar har tarafga taralgan, qaydandir qo’ng’iroq ovozi eshitiladi, har-har joyda gulxanlar yoqilgan, tutun ko’kka o’rlayapti.
Oyog’ing qadrdon zamin ustida turganda dunyoga qarash qanday yaxshi!

***

Tog’liklarda shunday odat bor: mehmonga uyingdagi biror narsa yoqib qolib, uni maqtaguday bo’lsa, achinsang ham sovg’a qilishing kerak…
Bir vaqtda Qo’miqdan mehmon kelib, uydagi bor narsani maqtashga tushibdi. Unga maqtagan hamma narsasini berishibdi. Lekin uni kuzatayotganda etigiga yopishgan tuproqni sidirib olishdi…

***

Jimjiloq kichkina bo’lgani bilan usiz ulkan mushtni qattiq tugish mumkin emas.

* * *

Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu sharafli vazifani zimmaga olishga o‘zini tayyorlashi kerak.

* * *

Hech bir yozuvchi faqat o‘z millati quvonch-tashvishlari bilan chegaralanib qola olmaydi. Uning qalbini hamisha umuminsoniy quvonch-tashvishlar ham bezovta qiladi.

* * *

Ayrimlar o‘ylaydiki, katta mavzularga qo‘l ursam bas, darhol buyuk bo‘laman, deb. Ammo buyuklikning zamini oddiylikda. Axir, bir tomchi yomg‘irda butun bir selning kuchi bor.

* * *

O‘tkir fikrni jo‘n ifoda etish, qo‘zichoqni och bo‘riga ro‘para qilishday bir gap.

* * *

Tilni o‘rganmasdan she’r yozishga uringan odam suzishni bilmasdan o‘zini sarkash daryoga tashlagan telbaga o‘xshaydi.

* * *

Birovning otini qancha minma, baribir egardan tushib otni egasiga qaytarasan.

* * *

Oilada sevgi qancha kuchli bo‘lsa, sog‘lom bola tug‘ilish ehtimoli shuncha ko‘p.

* * *

O‘tmishga to‘pponchadan o‘q uzsang, kelajak seni to‘pga tutadi.

* * *

Burgut tovuqlar orasida bemalol yuraversa, u burgut emas.

* * *

Yaxshi ish qilmagan bo‘lsang ham — yaxshilik qilish niyating bo‘lgani uchun tashakkur!

* * *

Yog‘ochdan qilingan pichoq qancha chiroyli bo‘lmasin, jo‘jani ham so‘ya olmaysan.

* * *

Onam beshigimni tebratib aytgan alla qulog‘im tagida jaranglamagan biron kun, biron daqiqa bo‘lmagan, desam, mubolag‘a emas. Bu alla mening barcha qo‘shiqlarimni allalab ulg‘aytirdi.

* * *

Ba’zan odamlar miyasida fikr bo‘lgani uchun emas, tilining uchi qichib turgani uchun gapirishadi.

* * *

Tog‘lik ona hech qachon qoidasi buzilgan she’rni jigarbandiga o‘qimaydi.

* * *

Odamlarning tillari har xil bo‘lishi mumkin, lekin yuraklari bir xil tepsa bas.

* * *

Biz Vatanni tanlamaymiz, chunki Vatan bizni allaqachon tanlab bo‘lgan.

* * *

O‘zga mamlakatlar, o‘zga xalqlar haqida yozgan yaxshi, agar sen o‘zligingni topib olgan bo‘lsang.

* * *

Qo‘shiq aytishni o‘z uyingda o‘rganmagan bo‘lsang, uyingdan uzoqda qanday o‘rganasan?

* * *

Kerakli narsani umring bo‘yi izlasang ham omad kulgan lahzadagina topasan.

* * *

Yozuvchi biror mavzuning boshini tutar ekan, faqat yurak amriga quloq solishi lozim.

* * *

Dog‘iston — mening muhabbatim, mening kelajagim, mening tavbam, mening ibodatim! Dog‘iston — hayotimning mazmuni, barcha she’rlarimning bosh mavzusi.

* * *

Albatta, qushlar sayrab turishi kerak, lekin ularning asosiy vazifasi uya qurish, ovqat topish, polaponlarini boqishdir.

* * *

Nafosat, yaxshilik, rahmdillik, muhabbat, go‘zallik, vatanparvarlik, iftixor, nafrat kabi tushunchalar tufayli she’riyat paydo bo‘lganiday, bu tushunchalar she’riyat tufayli ulug‘vor. Ular she’riyatsiz, she’riyat ularsiz mavjud emas.

* * *

Kim jangga kirayotgan vaqtda oqibatini o‘ylasa, botirlik ko‘rsata olmaydi.

* * *

She’riyat va safsatabozlik boshqa-boshqa narsa.

* * *

Kitobim, sen tantanali qabul marosimlaridagi kishilarga o‘xshama. Senda taomildagi so‘zlar emas, mayli, faqat mening fe’l-atvorimga xos so‘zlar bo‘lsin.

* * *

Ona yurtni sevish rohati, ona yurtni kuylab zavqlanish rohati Hamzat Sadasa hayotining mazmuni edi.

* * *

Hamzat Sadasa oddiy mehnatkash edi, qalbida avar xalqining sha’ni va qadriyatlari yashardi. U shu fazilatlarni pok saqlashni sharaf deb bildi.

* * *

Shoir — o‘z she’rlarining uyi, shoir yuragi — she’riyat istirohat qiladigan joy. Umrimning yaxshi va yomon kunlarida ham ular menda yashaydi. Men qayda yashayman, bu ular uchun muhim emas.

* * *

Qasr hech qachon tovuqxonani, tovuqxona esa hech qachon qasrni esga solmasligi kerak.

* * *

Dunyoda bir-biriga o‘xshash ikkita iste’dod bo‘lmaydi, agar bir-biriga o‘xshasa iste’dod atalmaydi.

* * *

Urush hech qachon dunyoda odamlar sonini ko‘paytirmaydi, lekin u yerdagi qahramonlar sonini oshiradi.

* * *

Orzular odamzod umr rishtasi uziladigan chegaradan ham o‘tib ketadi va asrlar osha uchaveradi.

* * *

Skripkani sozlash bilan ish bitmaydi, unda kuy chala olish kerak.

* * *

Agar qog‘ozga yozilgan har bir narsa qo‘shiqqa aylanaverganda, odamlar allaqachon oddiy so‘zlarda suhbatlashishmasdi, bir-biriga qarab qo‘shiq aytishardi.

* * *

Shaldiragan jilg‘a dengizga, yalqov Makkaga yetib bormaydi.

* * *

Burgut shamolga qarshi uchadi, baliq oqimga qarshi suzadi. Shoir ham xoh quvonchli, xoh g‘amli bo‘lsin, uyg‘ongan tuyg‘ulari asosida she’r yozadi.

* * *

Yolg‘on har doim yolg‘on, haqiqat har doim haqiqat. Ular hech qachon arzimas va ulkanga ajratilmaydi.

* * *

Yodingda tut, dunyoda sening ovulingdan boshqa joylar ham bor, unutma dunyoda sendan boshqa odamlar ham yashaydi.

* * *

Faqat shoirgina hayotni shunday tasvirlay oladiki, she’rxonlar ularni o‘qiganda o‘zlari ilgari e’tibor bermagan narsalarni ko‘radi, yovuzlikka qarshi turgan dunyo go‘zalligidan, inson qalbi go‘zalligidan hayratga tushadi.

* * *

Til xalqqa bir umrga beriladi, uni o‘zgartirib ham, yo‘qotib ham bo‘lmaydi.

* * *

Kichkina kalit bilan katta sandiqlarni ochish mumkin.

* * *

Bola tug‘ilayotganda o‘ziga Vatan tanlamaydi — peshonasiga yozilgan joyda dunyoga keladi.

* * *

Kichkina og‘iz ham katta gaplarni so‘zlashi mumkin.

* * *

Uyingni sot, dalangni sot, mol-mulkingdan ayril, lekin kimligingni unutma, odamgarchilikdan chiqma.

* * *

Toshni qushga ur, qush o‘ladi, qushni toshga ur, qush o‘ladi.

* * *

Odam — faqat atama emas, — unvon, unvon bo‘lganda ham, juda yuksak unvon. Bu yuksak unvonga munosib bo‘lish uchun bir umr intilish kerak.

* * *

Nomdan ulug‘, hayotdan aziz narsa yo‘q. Ularni qadrla!

* * *

Savol — nimanidir ko‘zlab otilgan o‘q. Javob — nishonga tekkan o‘q.

* * *

O, ona tilida o‘ylayotgan va kuylayotgan odamlar! Sizga ham tashakkur!

* * *

Hamisha onalar go‘zal, onalar aytgan qo‘shiqlar go‘zal.

* * *

Agar belanchaklar uzra allalar aytilmaganda, ehtimol, dunyoda boshqa qo‘shiqlar yaratilmasdi.

* * *

Onalar — dunyoning eng birinchi shoirlari!

* * *

Onalar allasi — odamzod yaratgan qo‘shiqlarning ibtidosi.

* * *

Qo‘shiq yurakda yaraladi, yurak uni tilga beradi, til esa odamlarning yuragiga yetkazadi, odamlarning yuraklarida asrlardan asrlarga o‘tadi.

* * *

She’r shunday bo‘lishi kerakki, uni hech tortinmay onangga, qizingga, singlingga o‘qiy olgin.

* * *

Mardning boshiga qanday sinov tushmasin, u shikoyat qilishga, yo ko‘z yosh to‘kishga haqqi yo‘q.

* * *

O‘zing bilgan narsalar haqida yoz. Bilmagan narsalaringni boshqa kitoblardan o‘qi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications