Samarali parlament nazorati mexanizmlarini joriy etishning dolzarb masalalari: Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada parlament nazorati nima ekanligi, samarali parlament nazoratini joriy etish usullari, mamlakatimiz va xorijiy davlatlar tajribasi taqqoslangan holda parlament nazorati mexanizmlarini kuchaytirish yuzasidan takliflar keltirilgan.

Kalit so’zlar: davlat, hokimiyatlar bo’linishi prinsipi, parlament nazorati,  O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senat, parlament so’rovi, parlament tekshiruvi.

АКТУАЛЬНЫЙ ВОПРОСЫ ВНЕДРЕНИЯ ЭФФЕКТИВНЫХ МЕХАНИЗМОВ ПАРЛАМЕНТСКОГО КОНТРОЛЯ: ОПЫТ УЗБЕКИСТАНА И ЗАРУБЕЖНЫХ СТРАН.

АННОТАЦИЯ

В данной статье представлены предложения о том, что такое парламентский контроль, пути введения эффективного парламентского контроля, укрепления механизмов парламентского контроля, сопоставление опыта нашей страны и зарубежья.

Ключевые слова: государство, принцип разделения властей, парламентский контроль, Законодательная палата Олий Мажлиса Республики Узбекистан, Сенат, парламентский запрос.

“CURRENT ISSUES OF INTRODUCTION OF EFFECTIVE PARLIAMENTARY CONTROL MECHANISMS: THE EXPERIENCE OF UZBEKISTAN AND FOREIGN COUNTRIES”.

ABSTRACT

This article presents what parliamentary control is, ways to introduce effective parliamentary control, and suggestions for strengthening parliamentary control mechanisms, comparing the experience of our country and abroad.

Keywords: state, the principle of separation of powers, parliamentary control, the Legislative Chamber of the Oliy Majlis of the Republic of Uzbekistan, the Senate, parliamentary inquiry.

Insoniyat yaratilganidan buyon urug’, qabila, qabilalar ittifoqi, ibtidoiy to’dalarga birlashib, keyinchalik ular takomillashib jamiyat va davlatlar tarzida vujudga keladi. Davlat (umumijtimoiy mazmunda) – bu muayyan hududda oliy  hokimiyatni amalga oshiruvchi, maxsus boshqaruv apparatiga ega  boʻlgan, jamiyatdagi barcha ijtimoiy-siyosiy guruhlarning  manfaatlarini ifoda etuvchi, ularni birlashtirib va muvofiqlashtirib turuvchi siyosiy tashkilot[1]. Demak, davlat ma’lum bir hududda oliy hokimiyatni amalga oshirar ekan, uni tartibga soluvchi, nazoratga olib turuvchi tizim ham bo’lishi kerak. Shu o’rinda mashhur fransuz mutafakkiri Sharl Monteskening “Qonunlar ruhi haqida” asarida bayon qilingan hokimiyatlar bo’linishi nazariyasini qo’llash har bir demokratik davlat uchun juda o’rinlidir va ushbu nazariya bir necha asrlardan buyon o’zini oqlab kelmoqda. Uning fikricha, adolatli qurilgan davlatda hokimiyat yagona emas, balki aksincha bir biriga tobe boʻlmagan uchta hokimiyat: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati mavjud boʻlishi shart. Ularning har qanday koʻrinishda biron-bir organ yoki shaxs qoʻlida mujassamlanishi umumiy manfaatlarga putur yetkazadi, suiisteʼmolliklarga olib keladi va shaxsning siyosiy erkinligi bilan aslo kelishmaydi. Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning bir qoʻlda birlashtirilishi qonunning ustun boʻlishiga zarar yetkazadi, bordi-yu, sudyalar faqat sudlov bilan mashgʻul boʻlmay, qonun yaratish ishi bilan shugʻullansalar, u holda insonlar hayoti nohaqlik qurboniga aylanishi mumkin.[2]

Yuridik adabiyotlarda parlament nazorati instituti tushunchasi hokimiyatning boʻlinishi va ularning oʻzaro munosabati prinsiplarida oʻz aksini topadigan qonunchilik hokimiyati organlarining anʼanaviy funksiyasi deb taʼriflanadi.

Parlament nazorati deganda parlamentning qonun chiqaruvchi organ sifatida ijro etuvchi hokimiyat, birinchi oʻrinda hukumat faoliyati ustidan nazorat tushuniladi. Ushbu tizimni rivojlantirish maqsadida 2016-yil 11-aprelda O’RQ-403-sonli Parlament nazorati to’g’risida O’zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning 3-moddasiga ko’ra parlament nazorati subyektlari quyidagilardan iborat:

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati;

– Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari, komissiyalari;

– Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari;

– Qonunchilik palatasi deputatlari;

– Senat aʼzolari;

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman).

Qonunning 5-moddasida parlament nazorati shakllari quyidagilardan iborat ekanligi ko’rsatib o’tilgan:

– Davlat byudjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzasini koʻrib chiqish;

– Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi) mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini eshitish;

– Qonunchilik palatasi, Senat majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish;

– Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish;

– Senat majlislarida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining tegishli hududni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining (bundan buyon matnda Hisob palatasi deb yuritiladi) hisobotini eshitish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotini eshitish;

– parlament soʻrovi;

– Qonunchilik palatasi deputatining, Senat aʼzosining soʻrovi;

– Qonunchilik palatasi, Senat qoʻmitalari tomonidan davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish;

– qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari tomonidan oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan ular tomonidan monitoringni amalga oshirish;

– parlament tekshiruvi.

Parlament nazorati sohasida nafaqat xorijiy mamlakatlar parlamentlarida, balki oʻzbek milliy parlamentarizmi tarixida ham oʻziga xos tajriba toʻplangan. Mazkur institut mamlakatimiz parlamenti ikki palatali shaklda faoliyat yurita boshlaganidan soʻng yanada takomillashtirildi.

Nega biz samarali nazoratga intilamiz? Samarali parlament nazoratining foydasi nimalarda namoyon bo’ladi? Bundan tashqari, qanday qilib biz jamoatchilik vakillari va boshqalar bilan muloqot qilamiz, manfaatdor tomonlar nazoratining ijobiy ta’siri qanday?

Samarali nazorat ikkita ijobiy xususiyatga ega: takomillashtirilgan jarayon va takomillashtirilgan siyosat. Samarali nazorat va demokratiya bevosita bog’liq jarayon: samarali nazorat ko’proq odamlarni jalb qiladi, qarorlar manfaatlarni yaxshiroq aks ettirishi uchun butun jamiyat uchun qabul qilinadi, javobgarlikni yaxshilaydi, shaffoflikni oshiradi va korrupsiyani kamaytiradi, parlamentni esa har jihatdan  kuchaytiradi. Siyosat va qonunchilik mustahkamlanib, boshqaruv yanada barqarorlashishiga ko’mak beradi.[3]

Parlament nazorati funksiyasining ahamiyati shundaki, birinchidan, qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi darajasini oʻrganish, ikkinchidan, qonunlarning amaliyotda qoʻllanilishiga salbiy taʼsir etuvchi obyektiv va subyektiv omillarni aniqlash, uchinchidan, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, toʻrtinchidan, tegishli qonunlarga nazorat-tahlil natijalariga asosan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, beshinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning qonun hujjatlari qoida-talablariga soʻzsiz amal qilish maʼsuliyati va majburiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Jahon parlamentarizmi anʼanalariga va koʻpchilik davlatlar parlamentlarining tajribasiga nazar tashlanadigan boʻlsa, boshqaruv shakliga qarab parlamentlar u yoki bu darajada ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradilar. Bunday qoida Buyuk Britaniya, Belgiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Kanada, Kosta – Rika, Litva, Rossiya, Fransiya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Daniya, Qozogʻiston, Ozarbayjon va boshqa koʻplab davlatlar qonunchiligida mustahkamlangan. Masalan, 1978-yilda qabul qilingan Ispaniya Konstitutsiyasining 66-moddasi 2-qismida: “Bosh korteslar Davlatda qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi, uning Byudjetini maʼqullaydi, Hukumat faoliyatini nazorat qiladi, Konstitutsiya zimmasiga yuklagan boshqa vakolatlarni bajaradilar”, – deyilgan. Yaponiya Konstitutsiyasi esa hukumatning Parlament (Kokkey) oldidagi kollektiv javobgarligi prinsipini mustahkamlagan. Buyuk Britaniyaning “Parlament toʻgʻrisida”gi 1911-yildagi qonuniga koʻra, parlament Hukumat faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. U quyidagi shakllarda tashkil etiladi: Vakillar palatasi deputatlari hukumat aʼzolariga savollar yoʻllaydilar. Vazirlar Vakillar palatasi majlislarida ushbu savollarga javob qaytaradilar, shuningdek yozma javob tayyorlaydilar, bu javob parlament hisobotlarida nashr etilib, jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Avstriya Konstitutsiyasiga binoan Federal Prezident va Federal Hukumat aʼzolari Federal Parlament oldida javobgarligi toʻgʻrisidagi norma mustahkamlab qoʻyilgan.

Dunyodagi parlamentlar tajribasi asosida ilmiy tahlil yuritiladigan boʻlsa, hozirgi kunda parlamentning nazorat yoki nazorat-siyosiy vazifalariga u yoki bu institut, avvalo hukumat va boshqaruv organlari ustidan amalga oshiriladigan parlament nazorati quyidagi shakllarda namoyon boʻladi:

  1.  Hukumat oldiga masala qoʻyish.
  2. Munozaralar.
  3. Hukumat va vazirlarning oʻz faoliyati yuzasidan parlament, palatalar yalpi majlislarida maʼruzasi va hisoboti.
  4. Ishonchsizlik votumi bildirish.
  5. Parlament tinglovi
  6. Impichment.
  7. Interpellyatsiya.
  8. Parlament tekshiruvi
  9. Parlament maxsus majlislari.
  10. Hukumatga tanbeh e’lon qilish.
  11. Parlamentning doimiy qoʻmitalariga tegishli vazirliklarning vazirlik faoliyatining bir yilligi boʻyicha hisobotlarni taqdim etishi.
  12. Parlament komissarlari va parlamentda faoliyat koʻrsatuvchi boshqa organlar faoliyati.
  13. Parlament topshirigʻiga koʻra ijro etuvchi hokimiyat tomonidan chiqarilgan va qonun kuchiga ega boʻlgan hujjatlar – taqdim etilgan qonun hujjatlari chiqarishni nazorat qilish.
  14. Ijro etuvchi hokimiyat tomonidan tuzilgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish orqali.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlamentning hukumat faoliyati ustidan amalga oshiradigan nazorat faoliyatining shakllarini rivojlantirish, parlamentning nazorat faoliyatini yanada kengroq amalga oshirishga va mamlakatimizda hokimiyatlar boʻlinishi prinsipining amalda toʻla tatbiq etilishini taʼminlashga qaratilgan islohotlar jarayonida parlamentning nazorat qilish bilan bogʻliq funksiya va vakolatlarini yanada takomillashtirish alohida ahamiyatga ega. Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, parlament nazorati sohasida mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilgan ishlar, xususan, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi, qolaversa, viloyatlar hokimlarining hisobotlarini eshitish tartibi joriy etilganligi parlament nazorati sohasidagi amaliy natijalardan hisoblanadi. Shu bilan birga Parlamentda bo’ysunuvchi davlat tashkilotlari sonini oshirishni taklif qilgan bo’lardik. Fikrimizcha, tartibga solish obyektlari ko’p bo’lsa, mamlakatda kuchli nazorat tarkib topadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

  1. Parlament nazorati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Qonuni.
  2. Saydullayev Sh. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik. – Toshkent: TDYU, 2018.
  3. Монтескье Ш.Л. Избранные произведения. – М., 1955. – 290-bet.
  4. Hironori Yamamoto. Tools for parliamentary oversight, A comparative study of  88 national parliaments. Schwitzerland – 2007.

Internet manbalari:


[1] Saydullayev Sh. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik. – Toshkent: TDYU, 2018.

[2] Монтескье Ш.Л. Избранные произведения. – М., 1955. – 290-bet.

[3] Hironori Yamamoto. Tools for parliamentary oversight, A comparative study of 88 national parliaments. Schwitzerland – 2007.

Abdurasulova Durdona Sherzod qizi

 Toshkent davlat yuridik universiteti, Xususiy huquq fakulteti 2- kurs talabasi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications