Sir – Muhammad Yusuf

Shamoldek beqaror shoir sevgisi,
Uning bor davlati — savlati.
Sog’inchdan yoqar-u rayhonlar isi,
Meni tanlaganing g’alati…

Na bir shirin kalom ming zahmatingga
Na bir salomingga alik oladi.
Muhabbating nima Muhammadingga?..
Qalamni quchoqlab uxlab qoladi.

Qasri shuhrat aro qon yig’lar yurak,
Ko’ksingda nimadir g’ijjak chaladi.
Unga she’r kerakdir,
Senga er kerak.
Koshki tushunsa u valadi…

U so’z kutar, uni sen kutib oylab
, Bir umr yo’l qarab ko’zing toladi.
Sevgilim, farishtam… tentagim, yo rab
Baxtingni yarmini she’rim taladi!..

Gunohing ne edi, ey munglig’ dilbar,
Seni tanlaganim g’alati…
Asl shoir asli uylanmay o’tar,
Uylansa ham ko’rmay xotin oladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications