Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini oʻtkazadi:

● kameral soliq tekshiruvi;

● sayyor soliq tekshiruvi;

● soliq auditi.

Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

soliqqa oid qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi boʻlganida;

taqdim qilingan soliq hisobotida tafovut yoki xatolar aniqlanganida.

Mazkur tekshiruv soliq organi rahbarining buyrugʻi asosida, 60 kundan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha 2 kunda soliq toʻlovchiga talabnoma yuboriladi. Soliq toʻlovchi 10 kunda kamchiliklarni bartaraf qilib tasdiqlovchi hujjatlar bilan soliq organiga berishi kerak.

Sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan koʻp boʻlmagan muddatda oʻtkaziladi.

OAVda soliq va valyutaga oid huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlar eʼlon qilinsa, sayyor soliq tekshiruvi uchun asos boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishning yana 5 ta asosi mavjud.

Sayyor soliq tekshiruvida hujjatlar va buyumlarni tungi vaqtlarda (23.00 dan 06.00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida) olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Soliq auditi quyidagi soliq toʻlovchilarda oʻtkaziladi:

soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub boʻlgan;

kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etmasa;

ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda;

soliq toʻlovchilarning jinoiy ishlar boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati taftish qilinish doirasida;

faoliyatini toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications