Soliq va yig’im qanday farqlanadi?

Soliq deganda Soliq Kodeksda belgilangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga (bundan buyon matnda budjet tizimi deb yuritiladi) to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lov tushuniladi.

Yig‘im deganda budjet tizimiga Soliq Kodeksda yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lovtushuniladi, bu yig‘imning to‘lanishi uni to‘lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo‘ladi. Shaxsning zimmasiga sud tartibida yuklatilgan jarimalar va boshqa to‘lovlar, shuningdek qonunda belgilangan hollarda mol-mulkni musodara qilish hamda boshqacha tarzda olib qo‘yish soliqlar yoki yig‘imlar jumlasiga kirmaydi.

(Soliq kodeksi 16-modda)

O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:

1) qo‘shilgan qiymat solig‘i;

2) aksiz solig‘i;

3) foyda solig‘i;

4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

5) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;

6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

7) mol-mulk solig‘i;

8) yer solig‘i;

9) ijtimoiy soliq.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yig‘imlar belgilanishi mumkin. Yig‘imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Soliq Kodeksida hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilanadi.

Avtotransport yig‘imini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Soliq Kodeksi bilan tartibga solinadi.

Davlat bojini hisoblab chiqarish va undirish tartibi davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.

(Soliq kodeksi 17-modda)

Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:

1) aylanmadan olinadigan soliq;

2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;

3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.

Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.

(Soliq kodeksi 18-modda)

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications