Sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan pasport oʻrniga yangi pasport berish tartibi joriy qilinadi

Prezident farmoni bilan ayrim hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Shunga koʻra, endilikda pasport berish uchun “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuni bilan belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi (ilgari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda davlat boji undirilgan).

Qaror bilan, sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan pasport oʻrniga yangi pasport berish tartibi joriy qilindi.

Qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi respublika hududida ushlangan taqdirda sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan pasport ichki ishlar organlari yoki chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan maʼlumotlarni yigʻish punktiga yoʻq qilish uchun joʻnatish maqsadida olib qoʻyiladi va unga pasporti olib qoʻyilganligi haqida dalolatnoma beriladi.

Vaqtincha xorijda boʻlgan pasportining amal qilishi toʻxtatib turilgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasini olish uchun Oʻzbekistonning konsullik muassasasiga murojaat etganda uning pasporti olib qoʻyiladi va unga bu haqida dalolatnoma beriladi. Olib qoʻyilgan pasportni yoʻq qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi orqali maʼlumotlarni yigʻish punktiga yuboriladi.

Sud ajrimi bilan pasportining amal qilishi toʻxtatib turilgan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga yangi pasport maʼlumotlarni yigʻish punkti tomonidan ushbu bandda koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun ichida beriladi.

Bunda yangi pasportni olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

● belgilangan shakldagi ariza;

● protsessual majburlov chorasi bekor qilinganligi haqidagi tasdiqlangan qaror nusxasi;

● davlat boji toʻlanganligi haqida kvitansiya.

Sud ajrimi bilan pasportining amal qilishi toʻxtatib turilgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.

Tergov hibsxonalari yoki vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxsga yangi pasport rasmiylashtirish ushbu shaxslar saqlanayotgan joyga borgan holda amalga oshiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications