“Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021-yildan boshlab Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining ish haqlari va qoʻshimcha toʻlovlari toʻliqligicha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda quyidagi toʻlovlar 2021-yil 1-oktyabrgacha Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab esa respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi:
➖ sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar;
➖Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining malaka darajasi va mansab darajasi uchun qoʻshimcha haq.
Farmon bilan Sudyalar, sud apparati xodimlari, Sudyalar oliy kengashi, shuningdek, Sudyalar oliy maktabi, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari tasdiqlandi.