Sudlanganlik holatining tugallanish tartibi qanday?
Sudlanganlik holatini bekor boʼlishining ikkita turi Jinoyat kodeksida berilgan boʼlib, unga koʼra sudlanganlik holatining tugallanishi va sudlanganlikni olib tashlash boʼlib, ular alohida qilib belgilangan.
Qonunda belgilangan muddatning oʼtishi bilan sudlanganlik tamom boʼladi. Jinoyat kodeksining 78-79-moddalariga muvofiq sudlanganlikning tamom boʼlishi 2 shaklda namoyon boʼladi:
Birinchidan, sudlanganlik holatining oʼz oʼzidan tugallanishi;
Ikkinchidan, sudlanganlikning sud tomonidan olib tashlanishi.
Qonunda belgilangan muddatning oʼtishi bilan oʼz-oʼzidan sudlanganlik holati tugallangan deb topiladi. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Sudlanganlik holatining tugallanishi deganda, muayyan muddatlarning oʼtishi bilan mazkur masalaga oid sudning maxsus qarori qabul qilinmasdan barcha huquqiy oqibatlar va cheklanishlarning tugallanishi tushuniladi. Sudlanganlik holati tugallanganda shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Misol:
Fuqaro Z.ga 2017 yil 11 martda jinoyat ishlari boʼyicha Toshkent tuman sudining hukmiga koʼra Oʼzbekiston Respublikasi JK 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan oylik ish haqining 30% davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlangan, sudlanganlik holati tugallangan.
Oʼzbekiston Respublikasi JKning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar sudlanganlikning jinoyat-huquqiy muddatlari boʼlib, ana shu muddatlar oʼtib ketganidan keyin shaxs sudlangan hisoblanadi va sudlanganlikning hech qanday jinoyat-huquqiy oqibatlari qolmaydi. Аgarda shaxs shu muddatlar ichida yangi jinoyat sodir qilsa, bir qator jinoyat-huquqiy oqibatlar kelib chiqadi.
Sudlanganlikning tugallanish muddatlari sudlanganlik holatining ikkinchi davri sifatida qaralishi ham mumkin. Birinchi davrga sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan to jazo muddati tugagunga qadar boʼlgan davr, ikkinchi davr jazo muddati tugagandan soʼng sudlanganlikning tugallanishiga qadar boʼlgan davr. Sudlanganlikni bunday davrga ajratishimizning quyidagi huquqiy ahamiyati mavjud:
Birinchidan, shaxs sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan soʼng jazo muddati tugagunga qadar jinoyat sodir etsa unga nisbatan sudlanganlikning barcha jinoiy-huquqiy oqibatlari qoʼllanadi. Bir necha jinoyatlar yuzasidan jazo tayinlanadi, qilmishni retsidiv jinot deb topishga asos boʼladi, shuningdek boshqa huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi.
Ikkinchidan, sudlanganlikning ikkinchi davrida sudlanganlikni jinoiy-huquqiy oqibatlaridan biri yangi jinoyat sodir etganda bir necha hukmlar yuzasidan jazo tayinlanmaydi.
Sudlanganlik holatining tugallanishi uchun qonunda qanday shartlar belgilangan?
Sudlanganlik holatining tugallanishi uchun qonunda ikki shart belgilangan:
Shaxs asosiy va koʼshimcha jazoni oʼtab boʼlgan va undan ozod qilingan kunidan boshlab qonunda koʼrsatilgan muddatlarni oʼtishi talab qilinadi. Bu muddatlar oʼtalgan jazo turiga bogʼliq boʼladi.
Sudlanganganlik holatini tugallangan deb topish uchun shu muddatlar ichida shaxsning yangi jinoyatlar sodir etmasligi talab qilinadi.
Shaxs sudlanganlik muddati oʼtmasidan yangi jinoyat sodir qilsa, bu muddatning oʼtishi uziladi. Bunday holda sudlanganlik muddati birinchi jinoyati yangi jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʼtagan kunidan boshlanadi.
Misol: Shaxs besh yil ozodlikdan mahrum kilish jazosini oʼtasa va toʼrt yillik sudlanganlik muddati oʼtishiga ikki yil qolganida yangi jinoyatni sodir etganligi uchun unga axloq tuzatish jazosi tayinlansa, ushbu shaxsning sudlanganlik muddati axloq tuzatish jazosini oʼtaganidan keyin toʼrt yildan soʼng oʼtgan hisoblanadi.
Аgar ikkinchi jinoyati uchun sudlanganlik muddati birinchi jinoyatiga nisbatan uzoqroq boʼlsa, u holda sudlanganlik muddati ikkinchi jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʼtagandan keyin boshlanadi.
Аna shu sudlanganlikning tugallanish tartibi Jinyat kodeksining 78-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shaxsning sudlanganlik holati quyidagi vaqtlarda tugallanadi:
a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
b) majburiy jamoat ishlari, xizmat boʼyicha cheklash yoki intizomiy qismga joʼnatish tarzidagi jazolarini oʼtab chiqqach;
v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari oʼtalganidan keyin bir yil oʼtgach;
g) ozodlikni cheklash jazosi oʼtalganidan keyin — ikki yil oʼtgach;
d) besh yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — toʼrt yil oʼtgach;
ye) besh yildan ortiq, lekin oʼn yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — yetti yil oʼtgach;
j) oʼn yildan ortiq, lekin oʼn besh yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — oʼn yil oʼtgach.
Sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bogʼliq barcha oqibatlarning jazo turi va muddatidan kelib chiqqan holda JKning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʼtganligi natijasida oʼz-oʼzidan barham topishini anglatadi.
Sudlanganligi tugallangan shaxsga sudlanganlik holati mavjud emasligi toʼgʼrisida qanday hujjat beriladi?
Bunday hollarda sudlanganligi tugallangan shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga koʼra hukm chiqargan sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligi faktini tasdiqlovchi maʼlumotnoma beriladi. Bunga manfaatdor shaxs tomonidan sudga taqdim etilgan ichki ishlar organlari axborot markazi maʼlumotnomasi va jazo oʼtalganligi (ijro etilganligi) faktini tasdiqlovchi hujjatlar asos boʼladi.
Sudlanganlik holatining tugallanishi va qonunda belgilangan tartibda olib tashlanishi jinoyatlar majmui, takroranligini va retsidiv jinoyatni istisno etuvchi holat hisoblanadi.
Sudlanganlik qanday holatlarda olib tashlaniladi?
Sudlanganlikning olib tashlanishi undan kelib chiqqan huquqiy oqibatlar sudlanganlik holati barham topishi uchun qonunda belgilangan muddatlar oʼtguniga qadar sud qaroriga asosan tugatilishidir. Sudlanganlik olib tashlanishi uchun shaxsning jazoni oʼtab chiqqandan keyingi benuqson xulq-atvori (unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir chorasi qoʼllanilmaganligi), jamoat birlashmasi, fuqarolarning oʼzini-oʼzi boshqarish organi, jamoa yoki shaxsning oʼzi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan muddatlar oʼtgandan soʼng bergan iltimosnomasi asos boʼlishi mumkin.
Qonun sud tartibidan tashqari amnistiya akti yoki afv etish orqali sudlanganlikni olib tashlash imkoniyatini ham nazarda tutadi.
Misol: Fuqaro M.ga 2016 yil 13 sentyabrda jinoyat ishlari boʼyicha Zangiota tuman sudining ajrimiga koʼra JK 168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi, 168-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari, 28, 211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblangan jinoyat ishi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 dekabrdagi “..amnistiya toʼgʼrisida”gi Qaroriga asosan harakatdan tugatilgan, JKning 77-moddasiga asosan sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlikning olib tashlanishi bu qonunda koʼrsatilgan sudlanganlikning tugallanishi muddati oʼtmasdan bekor qilinishidir. JKning 79-moddasida sudlanganlikni olib tashlash tartibi belgilangan. Sudlanganlikning olib tashlanishi, sud tomonidan uning ajrimi asosida yoxud tegishli avf etish yoki amnistiya akti asosida amalga oshiriladi. Bunda shuni inobatga olish kerakki, faqat ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga nisbatan sudlanganlik olib tashlanishi mumkin.
Аgar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʼtab boʼlganidan keyin unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir choralari qoʼllanilmagan boʼlsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning oʼzini-oʼzi boshqarish organi, jamoa yoki jazoni oʼtab chiqqan shaxsning oʼzi bergan iltimosnomasiga koʼra sud Jinoyat kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida yarmi oʼtganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi ular davlatga juda koʼp zarar yetkazmaganda, Jinoyat kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida toʼrtdan bir qismi oʼtganidan keyin sud tomonidan olib tashlanishi mumkin.
Oʼn besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʼtab chiqqan shaxslar hamda oʼta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni oʼtab chiqqanidan keyin oʼn besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
Sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab shaxs sudlanmagan hisoblanib, ushbu shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti va uning uchun sudlanganlik bilan bogʼliq barcha huquqiy oqibatlar qatʼiyan va soʼzsiz bekor boʼladi.
Sudlanganlik holati olib tashlanishini shaxsni reabilitatsiya qilish deganimi?
Yoʼq, sudlanganlik holati olib tashlanishini shaxsni reabilitatsiya qilishdan farqlanadi. Shaxs reabilitatsiya qilinganda, davlat u jinoyat sodir etganlikda xato aybdor deb topilganligini tan oladi.
Sudlanganlik holati olib tashlanganda shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti inkor etilmay, faqat jinoiy javobgarlikka tortish oqibatlarini muddatidan ilgari tugatish toʼgʼrisida qaror qabul qilinadi.
Yana qanday holatlarda sudlanganlik holati olib tashlaniladi?
Bundan tashqari, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega boʼlgan taqdirda ham sudlanganlik olib tashlanishi mumkin.
Shu munosabat bilan, agar surishtiruv, dastlabki tergov olib borilayotgan, ish sudda koʼrilayotgan yoki shaxs jazo oʼtayotgan davrda uning tomonidan sodir etilgan qilmish jinoiyligini bekor qiladigan qonun qabul qilinsa, bunday holda shaxs jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilinadi va qilmish jinoiyligini bekor qilgan qonun kuchga kirgan paytdan sudlanmagan hisoblanadi. Mazkur qoida jazoni oʼtab boʼlgan, biroq sudlanganlik holatida boʼlgan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlarini hisoblash tartibi qanday?
Sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibatlari kelib chiqadigan muddatlar qonun bilan muayyan chegaralarda belgilangan boʼlib, bu muddatlar sud tomonidan tayinlangan jazo turi va muddatlari bilan bogʼliqdir.
Oʼzbekiston Respublikas Jinoyat kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar sudlanganlikning jinoyat-huquqiy muddatlari boʼlib, ana shu muddatlar oʼtib ketganidan keyin shaxs sudlangan hisoblanadi va sudlanganlikning hech qanday jinoyat huquqiy oqibatlari qolmaydi. Аgarda shaxs shu muddatlar ichida yangi jinoyat sodir qilsa, bir qator jinoyat-huquqiy oqibatlar kelib chiqadi. Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari asosiy va qoʼshimcha jazolar oʼtab boʼlingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Аgar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrogʼi bilan almashtirilgan boʼlsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrogʼi bilan almashtirilgan jazoning amalda oʼtab boʼlingan qismidan hisoblanadi.
Аgar Jinoyat kodeksning 44, 46-moddalari asosida hukm boʼyicha tayinlangan jazoni sud boshqa jazo bilan almashtirgan boʼlsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda oʼtab boʼlingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi.
Аgar jazoni oʼtab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʼtishi toʼxtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun (asosiy va qoʼshimcha) jazoni amalda oʼtab boʼlganidan boshlab hisoblanadi.
Qonunga muvofiq sudlanganlik holati tugallanishi yoki olib tashlanishi muddatlarini (JK 78, 80-moddalari) hisoblash asosiy va qoʼshimcha jazolar oʼtab boʼlingan yoki sinov muddati oʼtib boʼlgan kundan boshlanadi.
Masalan, intizomiy qismga joʼnatish, ozodlikdan mahrum qilish jazolariga qoʼshimcha sifatida muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʼullanish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan holda, bu jazo qayd etilgan asosiy jazolarni oʼtashning barcha vaqtiga tatbiq etilib, sudlanganlik holati tugallanishi yoki olib tashlanishi muddatlari esa qoʼshimcha jazo oʼtab boʼlingan paytdan boshlab hisoblanadi.
Jarima yoki axloq tuzatish ishi jazosiga hukm qilinib, boshqa jazo turiga almashtirilgan shaxsning sudlanganlik holati:
ozodlikni cheklash jazosi oʼtalganidan keyin — ikki yil oʼtgach;
besh yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — toʼrt yil oʼtgach;
besh yildan ortiq, lekin oʼn yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — yetti yil oʼtgach;
oʼn yildan ortiq, lekin oʼn besh yildan koʼp boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʼtalganidan keyin — oʼn yil oʼtishi bilan tugallanadi.
Bunday holda sudlanganlik holati muddatining tugashi JKning 80-moddasi uchinchi qismiga muvofiq JKning 44-moddasining uchinchi qismi yoki JKning 46-moddasining toʼrtinchi qismiga koʼra belgilangan jazo turi oʼtalgan kundan boshlab hisoblanadi.
Аgar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrogʼi bilan almashtirilgan boʼlsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrogʼi bilan almashtirilgan jazoning amalda oʼtab boʼlingan qismidan hisoblanadi.
Ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, shuningdek, jazosi yengilrogʼi bilan almashtirilgan shaxsning sudlanganlik holati tugallanishi masalasini hal etishda sud tomonidan belgilangan jazo muddatidan emas, balki ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilingan paytga qadar amalda oʼtalgan jazo muddatidan kelib chiqish lozim.
Bunda sudlanganlik holatining tugallanish muddati ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsga nisbatan jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan paytdan, jazosi yengilrogʼi bilan almashtirilgan shaxsga nisbatan esa – jazoni yengilrogʼi bilan almashtirilib, yengilroq jazo oʼtalgan paytdan boshlab hisoblanadi.
Sudlanganlik holati tugallanishini hisoblash tartibi yana qanday shaxslarga ham qoʼllaniladi?
Sudlanganlik holati tugallanishini hisoblash tartibi (amalda oʼtalgan jazo muddatidan kelib chiqqan holda jazo oʼtab boʼlingan yoki jazoni oʼtashdan ozod qilingan paytdan boshlab) yengilroq jazoni nazarda tutuvchi yangi qonun normasiga asosan jazosi qisqartirilgan shaxslarga nisbatan ham qoʼllaniladi.
Jazoni oʼtab chiqqan shaxs sudlanganlik holati muddati tugamay turib yana jinoyat sodir etgan hollarda, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddat toʼxtatiladi.
Sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʼtishi toʼxtatilganda ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati muddati shaxs yangi jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʼtab boʼlgandan soʼng yangidan oʼta boshlaydi, sudlanganlik holati oʼtayotgan davrda sodir etilgan yangi jinoyat uchun tayinlangan jazo ogʼirroq boʼlgan hollar bundan mustasno. Bunday holda sudlanganlik holatining tugallanish muddati yangi jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqib aniqlanadi.
Jinoyat qonuni mazmuniga koʼra, sudlanganlik holatining tugallanish muddati jazo bilan, shu jumladan, bir necha jinoyatlar uchun (jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʼyicha) tayinlangan jazo bilan bevosita bogʼliq. Shaxsga jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʼyicha (JKning 59, 60-moddalari) jazo belgilashda barcha qilmishlarning ogʼirligini inobatga olib, uzil-kesil jazo tayinlanishi tufayli, bunday holda sudlanganlik holatining tugallanish muddati uzil-kesil jazo turi va muddatidan kelib chiqib hisoblanishi lozim.
Аyni paytda, agar jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʼyicha sud tomonidan har xil turdagi, har qaysisi alohida ijro etiladigan jazo (JK 61-moddasining ikkinchi qismi) tayinlangan boʼlsa, sudlanganlik holatining tugallanish muddati jazo tizimida (JK 43-moddasi) nazarda tutilgan ogʼirroq jazo muddatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Sudlanganlikni olib tashlash toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqishda nimalarga eʼtibor qaratiladi?
Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishi muddatlarini toʼgʼri hisoblash uchun sudlanuvchining shaxsiga oid maʼlumotlarni oʼrganish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, ishni sudda koʼrish uchun tayinlash chogʼida sudlar ish materiallarida ichki ishlar organlarining axborot markazidan, shu jumladan sudlanuvchining tugʼilgan va doimiy yashash joyidan olingan maʼlumotnomalar mavjudligini tekshirishlari, sudlanuvchiga nisbatan muqaddam chiqarilgan hukmlar, muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish va hokozolar toʼgʼrisidagi ajrimlarni talab qilib olishlari va sinchiklab oʼrganib chiqadilar.
Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʼgʼrisidagi iltimosnoma kimga va qanday tartibda beriladi?
Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
544-moddasi birinchi qismiga muvofiq, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʼgʼrisidagi iltimosnoma sudlanganlik holati mavjud shaxs, uning himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan jazoni oʼtab chiqqan shaxs yashash joyidagi tuman (shahar) sudiga berilishi mumkin.
Sudlanganlikni olib tashlash toʼgʼrisidagi iltimosnomani koʼrib chiqish masalasi qanday hal etiladi?
Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash masalasini hal etishda, sud sudlanganlik holati mavjud shaxsning qonunga itoatkor turmush tarzini tasdiqlovchi holatlarni (huquqbuzarlik mavjud emasligi, jazo oʼtashdan ozod qilingandan keyingi xulq-atvori, ishlash va yashash joyidan ijobiy tavsifnomalar, ichki ishlar organi axborot markazi maʼlumotnomasi mavjudligi va hokozolar) aniqlashi zarur.
Sudlanganlikni olib tashlash toʼgʼrisidagi iltimosnomani koʼrib chiqishda iltimosnoma kim haqida berilgan boʼlsa, shu shaxsning sud majlisida qatnashishi shart. U himoyachi olish huquqi bilan taʼminlanadi. Sudlanganlikni olib tashlash toʼgʼrisidagi iltimosnoma jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan berilgan boʼlsa, ularning vakillari sud majlisida ishtirok etishi shart.
Sudlanganlikni olib tashlash toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqish taqdim qilingan iltimosnomani oʼqib eshittirishdan boshlanadi, soʼng sudьya sudda hozir boʼlganlarning fikrlarini eshitadi va ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sudlanganlikni olib tashlash rad etilsa, sudьyaga bu masalaga doir qayta iltimosnoma ajrim chiqqan kundan boshlab kamida bir yil oʼtganidan keyin kiritilishi mumkin.
Yaʼni, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʼgʼrisida takroriy iltimosnoma uni rad etish toʼgʼrisidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab kamida bir yil oʼtgandan keyin berilishi mumkin.
Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʼgʼrisidagi ajrim hukm chiqargan sudga va ichki ishlar organlarining axborot markaziga yuborilishi lozim.