Bosh sahifa / She'rlar / Muhammad Yusuf / Suvpari – Muhammad Yusuf

Suvpari – Muhammad Yusuf

Seni hech kim sevolmaydi meningdek:
Vaslingga zor bu oshiqlar, ehtimol,
Poyingga tiz cho’kib yig’lar, ehtimol,
Lekin sodiq bo’lolmaydi meningdek!..

Aldanma yor, aldamchilar makriga,
Malak bo’lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag’riga,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Yo’ling kesib o’tsam — o’zim xijolat,
Uzoqdan bir seni ko’rsam kifoyat,
Bir nigohing o’zi menga inoyat,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Joningga jon bo’lmayman-u, sevaman,
Yoningga bir kelmayman-u, sevaman,
Ismingni ham bilmayman-u, sevaman,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Sen ko’kdagi harir ko’ylak, hur-pari,
Ko’k ko’ldagi tinib qolgan suvpari.
Muhammadning ko’nglidagi dilbari,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

0