Tadbirkorlar davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishi mumkin

“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-martdan tadbirkorlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishi mumkin.

Bunda:

● agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari xodimlari akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan beriladigan va koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga ega boʻlishi shart;

● sertifikatlar 3 yil muddatga beriladi va ularni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

● tadbirkorlar tomonidan agent sifatida xizmatlarni koʻrsatish Davlat xizmatlari agentligining yagona platformasi doirasida amalga oshiriladi;

● Davlat xizmatlari agentligi agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlarning yagona elektron reyestrini shakllantiradi va yuritadi;

● fuqarolar uchun yagona elektron reyestr orqali oʻziga qulay agentlarni tanlab olish imkoniyati yaratiladi;

● agent xizmatlari uchun fuqarolar tomonidan alohida toʻlov amalga oshiriladi, bunda narxlar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda uning tasarrufida qoladi;

● tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida xizmatlar koʻrsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications