Tafakkur kitobidan parchalar (Imom G’azzoliy)

Imom G’azzoliy Tafakkur kitobi.

«Havoriylar Iyso ibn Maryamga: Ey Ruhulloh! Bugun yer yuzida sizga o’xshagan kishi bormi, deb so’rashdi. U bunga shunday dedi: “Kimning nutqi zikr, sukuti fikr va nazari ibrat bo’lsa, albatta u menga o’xshabdi». Hasan: «Kimning so’zi hikmat bo’lmasa, u larv (behuda)dir, kimning sukuti tafakkur bo’lmasa, u xato, kimning nazari ibrat olish bo’lmasa, u lahv(befoyda amal)dir», degan.

***

Abu Sulaymon aytadiki: «Dunyo haqida o’ylash oxiratdan to’sadi, jabrini esa valiylar totadi. Oxiratni o’ylash hikmatni paydo etib, qalblarni tiriltiradi».

***

Hotam: «Ibratdan ilm ko’payadi, zikrdan muhabbat oshadi, tafakkurdan xavf kuchayadi», deydi.

***

Ibn Abbos:
«Yaxshiliklarni fikrlab ko’rish yaxshilik qilishga undaydi, yomonliklardan afsuslanish undan voz kechishga boshlaydi», degan.

***

Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo kitoblaridan birida aytadiki: «Har bir hikmat sohibining so’zini qabul qilavermayman, uning o’y-fikr va ishtiyoqiga qarayman. Agar uning o’y-fikr va ishtiyoqi men uchun bo’lsa, sukutini
tafakkur, so’zini hamdga aylantirib qo’yaman».

***

Hasan aytadiki: «Oqil kishilarning qalblari hikmatni so’zlamagunga qadar zikrdan tafakkurga, tafakkurdan zikrga qaytaveradilar».

***

Junayd aytadiki: «Majlislarning eng sharafli va eng oliysi tavhid maydonida tafakkur qilib o’tirish, ma’rifat
nasimlaridan bahramand bo’lish, muhabbat kosasida uning daryosidan sipqorish, Alloh azza va jallaga yaxshi
gumonda bo’lishdir. Ey majlislarning eng ulug’i, ey sharbatlarning eng shirini! Sen nasib etgan kishilar naqadar baxtlidirlar!»

***

Shofe’iy rahimahulloh taolo aytadi: «Sukut saqlash bilan gapirishga, fikrlash bilan xulosa chiqarishga yordam beringlar».

***

Shuningdek, u yana aytadiki: «To’rtta fazilat bor: (birinchisi) hikmat, uning asosi fikrda, (ikkinchisi) iffat, uning asosi shahvatni tiyishda, (uchinchisi) quvvat, uning asosi g’azabda, (to’rtinchisi) odillik, uning asosi nafsoniy
quvvatni muvozanatga keltirishdadir».

***

Nabiy alayhissalomning so’zlariga qarang:
«Ruh ul-quds (Jabroil alayhissalom) menga shunday dedi»:
«Kimni yaxshi ko’rsang ham, undan ajralasan. Qancha yashasang ham, albatta bir kuni o’lasan.
Qancha amal qilsang ham, albatta ajrini olasan».
Albatta bu so’zlar avvalgilar va keyingilar hikmatini o’zida jamlagan chuqur ma’nodagi so’zlardir. Bizdan dalil so’raganlarga shuning o’zi ham kifoya qiladi. Negaki, bu so’zlar ma’nosidan to’lig’icha voqif bo’lganlar hech
qachon undan ko’ngil uzolmaydilar. Ana shu narsa ular bilan dunyoga berilganlar o’rtasini ajratib qo’yadi…

***

Johillikning oxirgi nuqtasi oqillikning boshlanish nuqtasidir.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications