Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon Internet tarmogʻida axborot xavfsizligini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga qoʻshimchalar kiritildi.
Endilikda veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan axborotga foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda taqiqlangan axborotlar aniqlansa, veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
Taqiqlangan axborotlarni aniqlash va xabarnomani yuborish taqiqlangan axborotlar aniqlangandan 24 soatdan kechiktirmasdan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi (Markaz) tomonidan amalga oshiriladi.
Xabarnoma Markazning rasmiy axborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi.
Xabarnomada taqiqlangan axborot joylashtirilgan axborot resursi nomi, axborot joylashtirilgan sana koʻrsatiladi. Taqiqlangan axborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, qoʻshimcha ravishda ushbu axborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilishi mumkin.
Axborot resursi egasi, bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan taqiqlangan axborotni olib tashlashi hamda bu toʻgʻrida Markazni uning rasmiy axborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qogʻoz shaklida xabardor qilishi lozim.
Agar taqiqlangan axborot xabarnomada koʻrsatilgan muddatda axborot resursi egasi, shuningdek bloger tomonidan olib tashlanmasa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki Markaz ushbu axborotni olib tashlash boʻyicha taqiqlangan axborot joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq yoki messenjer maʼmuriga yoki daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, taqiqlangan axborotlar – Oʻzbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etishga, urush, zoʻravonlik va terrorizmni targʻib qilishga qaratilgan, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, pornografiyani targʻib qiluvchi va shu kabi boshqa maʼlumotlardir.