Tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashish tartibi soddalashtiriladi

“Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashishni soddalashtirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yana-da qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, bojxona nazorati ostida avtomobil yoʻllarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish hamda chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartiblari tasdiqlandi.

Shunga koʻra, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida bojxona hamrohligida, maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi joʻnatuvchi hamda manzil bojxona postlarida, shuningdek, qabul qilish-topshirish punktlarida ustuvor tartibda amalga oshiriladi.

Bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshirishda tashuvchi, yuk joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchining sarf-xarajatlari bojxona organlari tomonidan qoplab berilmaydi.

Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan transport vositalari ichki ishlar organlarining blok-postlarida toʻxtatilishi hamda tovarlarni koʻrish uchun avtomobilning yuk boʻlmasi ochilishi taqiqlanadi.

 

Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlarini taʼminlash vakolatli shaxslar tomonidan elektron shaklda, onlayn taqdim etiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications