Telegram

Civil.uz

1 000 000 obunachi

Telegram

Yakka nikohlilikning buzilishi nima?

Mamlakatlar o‘rtasida migratsiya jarayoni kuchaygan hozirgi davrda kishilar o‘z yurtidagi rasmiy nikohdan ajralmasdan, boshqa davlatlarda rasmiy nikoh tuzish holatlari uchramoqda. Bunday holatlar sudlarga taraflarning maqsadi va amaldagi holatlarni hisobga olishda o‘ziga xos qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Yakka nikohlilikning buzilishi ham ushbu nikohni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ba’zi hollarda qo‘sh nikohdan qaysi birini haqiqiy emas deb topish haqidagi masala sud tomonidan chuqur o‘rganishni talab etadi. Bunda sud taraflarning xohish-istagini, amaldagi faktik oilaviy munosabatlarni hisobga olishi lozim.

Yakka nikohlilik tamoyili buzib tuzilgan nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza birinchi nikohdan ajratilmagan er yoki xotin, shuningdek, ikkinchi nikohdagi tomonlardan birining talabiga asosan ko‘rib chiqiladi. Haqiqiy bo‘lmagan nikohda bo‘lgan shaxsning o‘limidan so‘ng sudga da’vo bilan mazkur shaxsning vorislari (vafot etganning birinchi nikohdagi farzandlari, uning aka-ukalari, opa-singillari, ota-onalari va boshqalar), shuningdek, o‘lgan shaxsning nikohini haqiqiy emas, deb topishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslar (moliya, ijtimoiy ta’minot organlari) murojaat etishi mumkin. Chunki nikohda bo‘lgan shaxs, agar u haqiqiy nikohda bo‘lsa, o‘ziga pensiya tayinlashni yoki uy-joyga bo‘lgan huquqini belgilashni talab qilishi mumkin.

Telegram

Nikoh yoshiga qo‘yilgan shartlar buzilsa qanday choralar ko‘riladi?

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan tuzilgan nikoh hali nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxsning manfaatlari talab qilgan hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday nikohni haqiqiy emas deb topishni nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxs, uning ota-onasi yoki homiysi, shuningdek, vasiylik va homiylik organi hamda prokuror talab qilishga haqlidir.

 

Er-xotindan biri nikoh yoshiga yetmagani tufayli nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ish, agar er-xotin (ulardan biri) ish sudda ko‘rilayotgan paytda nikoh yoshiga yetmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

 

Ish sudda hal qilinish paytigacha er yoki xotin nikoh yoshiga yetgan bo‘lsa, nikoh faqat uning talabi bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

 

Nikoh yoshiga to‘lmagan shaxs bilan tuzilgan nikoh hamma vaqt ham sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilmaydi. Hali nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxsning manfaatlari talab qilgan hollarda­gina sud bunday nikohni haqiqiy emas, deb topishi mumkin.

 

Asos: Oila kodeksi, 51-modda.

Telegram

Nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari va oqibatlari qanday?

Oila qonunchiligida yuqorida qayd etilgan shartlarning buzilishi sud tomonidan ushbu nikohni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi mumkin. Oila kodeksining 49-moddasiga ko‘ra, qonunda belgilangan shartlar buzilganda (ya’ni, nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, belgilangan nikoh yoshi buzilganda, nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar ro‘y berganda), soxta nikoh tuzilganda, ya’ni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini ko‘zlamay nikoh qayd qildirganda, nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda, agar ikkinchisi sudga shunday talab bilan murojaat etsa nikohni haqiqiy emas deb topilishi uchun asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, nikoh quyidagi holatlar bo‘yicha ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin:

a) yakka nikohlilik buzilganda;

b) nikoh nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarin­doshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida tuzilgan bo‘lsa;

v) nikoh farzandlikka olgan shaxs bilan – farzandlikka olingan shaxslar o‘rtasida tuzilganda;

g) nikohga o‘tish vaqtida oila qurish maqsadi soxta bo‘lsa (deylik, doimiy ro‘yxatdan o‘tish (propiska) uchun, ikkinchi tomonning mol-mulki, boyligiga sherik bo‘lish ilinjida);

d) nikoh muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs bilan tuzilganda.

Telegram

Er-xotin va farzandlarning turar joyiga nisbatan haqdorligi qanday?

Uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidir. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidir. Oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishi mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanadi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

 

Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.

 

Asos: Uy-joy kodeksi, 32-modda.

Telegram

Nikohdan ajratish jarayonida to‘y xarajatlari qoplanadimi?

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.

Asos: Oila kodeksi, 44-modda.

Telegram

Er-xotinga yarashish uchun berilgan muhlat nima?

Oxirgi paytlarda nikohdan ajralish ishlarini ko‘rishda sud o‘z faoliyatini er-xotinni yarashtirishga va oilaviy nizolarga sabab bo‘luvchi vaziyatlarni chuqur o‘rganib, uni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratmoqda. Bu jarayonda oilani saqlab qolish, uning bardavomligini ta’minlashga barcha – davlat va jamiyat tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, mahalla-ko‘y, mehnat jamoalari ham mas’ul ekani ko‘rinadi.

Qonunchilikka ko‘ra, sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashishi uchun olti oyga muhlat tayinlashga, ajrim chiqarishga haqli.

Sud yarashtirish uchun berilgan muddatni, er-xotinni yarashtirish maqsadida, zarur hollarda, ajrim nusxalarini ular yashaydigan joydagi xotin-qizlar qo‘mitalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi – mahalla fuqarolar yig‘iniga muhokama qilish va yarashtirish uchun yuborishi mumkin.

Bunda ishni ko‘rish boshqa vaqtga qoldirilayotgan muhlat er-xotinning o‘zaro munosabatlarini va ularning yashab ketish imkoniyatlarini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.

Asos: Oila kodeksi, 40-modda.

Telegram

Vafot etgan deb e’lon qilingan shaxs qaytib kelishining oqibatlari qanday?

Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turgani ma’lum bo‘lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.

Sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelgan va tegishli sud qarorlari bekor qilingan hollarda, nikoh er-xotinning birgalikdagi arizasiga ko‘ra fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan tiklanishi mumkin. Agar er (xotin) yangi nikohga kirgan bo‘lsa, nikohni tiklash mumkin emas.

Asos: Fuqarolik kodeksi, 37-modda; Oila kodeksi,48-modda.

Telegram

Fuqaroni sud tartibida vafot etgan deb e’lon qilish nima? Uning huquqiy oqibatlari-chi?

Fuqaroning qayerda turgani haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning (ota-onalari, eri (xotini), farzandlari (farzandlikka olingan bolalari), kreditorlari) arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.

Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.

Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi. O‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning o‘lgan kuni deb topishi mumkin.

Sud tartibida er-xotindan birining vafot etgan deb e’lon qilinishi ham huquqiy oqibati bo‘yicha o‘limga tenglashtiriladi. Shuning uchun vafot etgan deb e’lon etilgan shaxs bilan uning eri yoki xotini o‘rtasidagi nikoh ham tugallanadi.

Er-xotindan biri vafot etgan yoki sud tartibida vafot etgan deb e’lon qilingan hollarda ular o‘rtasidagi nikoh huquqiy munosabati tugallanadi. Bunday holda tirik bo‘lgan tomon yangi nikohga kirish huquqiga ega. Fuqaroni qonunda belgilangan tartibda vafot etgan deb e’lon qilish uni vafot etgan, degan ehtimolga asoslanadi. Ba’zi hollarda bu fuqaro tirik bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

 

Asos: Fuqarolik kodeksi 36-modda; Oila kodeksi, 48-modda.

Telegram

Er va xotinning umumiy mulkini nimalar tashkil etadi?

Er va xotinning nikoh davomidagi birgalikda orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlar, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

 

Asos: Oila kodeksi, 23-modda.

Telegram

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish shartmi?

Oila kodeksiga oilaning yanada mustahkam va barqaror bo‘lishi, kelajak naslni sog‘lom dunyoga kelishi uchun muhim omil sifatida 17-modda kiritilgan bo‘lib, u nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga bag‘ishlangan.

Yuqorida qayd etilgan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomda nikohlanuvchi shaxslar qaysi kasallik turi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tishning hajmi va tartibi nazarda tutilgan.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hajmi quyidagichadir:

  • Ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish: anamnestik; psixopatologik; somatonevrologik; paraklinik.
  • Narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish: klinik tekshirish; anamnestik; psixopatologik; somatonevrologik; laboratoriya tekshiruvi.
  • Zaxm yuzasidan tekshirish: genitaliy doirasida yara yoki eroziya mavjud bo‘lganda yoki terining boshqa joylarida zaxmdan shubhalanadigan toshmalar mavjud bo‘lganda material to‘plash; presipitasiya mikroreaksiyasi usuli bilan zaxm yuzasidan qonni tekshirish; qonni serologik tekshirish.
  • Sil yuzasidan tekshirish: anamnez; ko‘krak qafasi organlarini tekshirish; ko‘krak qafasi organlarining rentgenoskopiyasi (yirik kadrli flyuorogramma); ko‘krak qafasi rentgenografiyasi; balg‘amni, yaraning yiringini, bakteroskopiya usuli bilan siydikni sil mikrobakteriyasiga tekshirish.
  • OIV/OITS yuzasidan tekshirish: anamnez; klinik tekshirish; birlamchi immunoferment tekshirish; immunoblot usuli bilan qonni tekshirish.

Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Asos: Oila kodeksi, 17-modda, Vazirlar Mahkamasining

2003 yil 26 avgustdagi 365-sonli “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom

You have made it till the end!

No post here!

Scroll to Top

Telegram kanalimizga obuna bo'ling