2021-yilgi Davlat dasturida nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, nogironlikni belgilash jarayonini soddalashtirishga eʼtibor qaratilgan.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-fevraldagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonida ilgʻor xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda, 2021-yil 1-iyunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi amaliyot joriy etilishi belgilangan:
muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash amaliyotini sertifikat berish tizimiga oʻtkazib, fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra davlat tomonidan beriladigan mablagʻlar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish;
nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, ular nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.
Bundan tashqari, Davlat dasturida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olishi va kasb egallashiga koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilib, uning maqsadlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 100 milliard soʻm ajratilishi belgilangan.
6-23 oylik bolalar uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar “A” vitamini, 2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlanadi. Bunga byudjetdan 28 milliard 870 ming soʻm ajratilmoqda.