
Til va huquqning uzviy munosabati
Durdona Rasulmuhamedova
Toshkent davlat yuridik universiteti
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi
Til bilish – madaniyat belgisi. Bizning ko‘pmillatli respublikamizda davlat tili o‘zbek tili bo‘lib, boshqa til vakillariga bu tilni o‘rgatish hozirgi kunda muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, yuridik oliy o‘quv yurtlarining rus guruhlarida talabalarni yurisprudensiya materiallari asosida davlat tili o‘zbek tilidan foydalanishga o‘rgatish, og‘zaki va yozma nutqlarini yanada takomillashtirish, ularning siyosiy-ijtimoiy sohada hamda yurisprudensiya doirasida turli matnlar tuza olish va matnlarni isloh qilish malakalarini shakllantirish, muayyan nutqiy vaziyatlarda yuridik tilga xos grammatik bilimlarni berish dolzarb vazifalardan biridir.
Muammolarning asosiysi o‘zbek tiliga o‘rgatish jarayonini tezlatishdan iborat. Buning uchun esa o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish tamoyillarini, mazmuni va metodikasini qayta isloh qilish kerak. Rusiyzabon talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatish va o‘qitishning ham oson, ham samarali usullaridan foydalangan ma’qul. Buning uchun esa har bir o‘qituvchi pedagog zamon talablari asosidagi bilim saviyasiga, yetuk malaka mahoratiga ega bo‘lmog‘i lozim.
Til o‘rganish maqsadlari har xil bo‘ladi. Ba’zi bir o‘rganuvchiga faqat qisqacha vaqt muloqot qilish uchun tayyor iboralarni qo‘llash va tushunish kerak bo‘lsa, ba’zilar uchun rasmiy aloqa uchun kerak bo‘ladi, boshqasiga kasb yuzasidan til o‘rganish zarur. Til o‘rganishning qaysi usuli qo‘llanilishiga qaramay, har bir o‘rganuvchiga shaxsan alohida yondashish muhim ahamiyatga ega. Har bir o‘rganuvchi o‘z iqtidori, qobiliyati, o‘z izlanuvchanligi, o‘z mehnatsevarligi bilan farqlanib turadi. Malakali ustoz o‘rganuvchining shu kabi xususiyatlarini o‘z vaqtida aniqlab, ularni til o‘rgatishda va vazifa berishda albatta e’tiborga olishi kerak. Ayrim o‘rganuvchilarning eshitish qobiliyati yaxshi bo‘lib, eshitgan so‘z va iboralarini to‘g‘ri va o‘z o‘rnida qo‘llay oladilar. Ba’zi o‘rganuvchilarda ko‘rish qobiliyati rivojlangan bo‘lib, ular so‘z yoki gaplarning yozilish shaklini yaxshi eslab qoladilar va sxema yordamida yangi gaplar tuza oladilar. Ba’zilari esa avval grammatikani o‘rganib, keyin gap va iboralar tuza oladilar. Grammatik qoidalarni yaxshi bilib olmasalar, matn tarjimasi yoki gap tuzish ular uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. Ba’zi o‘rganuvchilarning o‘zlari mustaqil ravishda kitobdan yoki kompyuter yordamida til o‘rganishga qobiliyatlari yetarli bo‘lib, ularga o‘qituvchi faqat yo‘nalish berib turadi. Boshqa o‘rganuvchilar esa har bir so‘zni, har bir iborani grammatik qoidalarga tayanib o‘rganadi. Shuning uchun o‘rganuvchining shaxsiy xususiyati hisobga olingan holda mashg‘ulot olib borish rejasini tuzish maqsadga muvofiq. Nomilliy guruhlarning rusiyzabon talabalarida boshqalar bilan muloqotga kirishish ehtiyojini tug‘dirish kerak. Chunki nutq faoliyati yuzaga kelishi uchun birinchi navbatda bunday faoliyatga ehtiyoj bo‘lishi kerak. Masalan, biror bir ish bilan shug‘ullanayotgan bola atrofdagilardan maslahat olish yoki ma’lum bir narsani aniqlash maqsadida nutqiy faoliyatga kirishadi. Tabiiy nutq sharoitida nutq faoliyatini yuzaga keltiruvchi asosiy omil hayotiy ehtiyojdir.
O‘zbek tili darslarida rusiyzabon guruh talabalarining nutq faoliyatini ta’minlash uchun birinchi navbatda shunday ehtiyojni yuzaga keltirish lozim. Ammo bizning kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pchilik o‘qituvchilar aynan shu omilga kam e’tibor beradilar. Ma’lumki, bunday sharoitda yuzaga keladigan talabaning nutq faoliyati uning ichki ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lmay o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan topshiriq bilan belgilanadi, bunday topshiriq talabalarda ikki xil ehtiyoj tug‘dirishi mumkin: biri – o‘qituvchi topshirig‘ini puxta bajarib, ikkinchisi – topshiriqni bir amallab bajarib, tezroq xotirjam bo‘lish. Bunday topshiriq jarayonida yuzaga keladigan vaziyat bevosita muloqot jarayoniga qaratilmagan bo‘ladi.
Rus guruhlarida o‘zbek tili grammatikasidan, nazariy bilimlardan matnlar va misollarga qarab emas, balki matnlarni og‘zaki va yozma tarzda ishlash orqali o‘zbek tilining grammatikasini tushuntirib borishga erishish kerak. Chunki talabalar matnni osonroq qabul qiladilar, matndagi murakkab so‘zlarning ma’nosini aniqlash orqali ular lug‘at bilan ishlashni o‘rganadilar. Lug‘at bilan ishlagan talabaning fikr doirasi kengayadi, so‘z boyligi ortadi, o‘tilgan mavzu yoki topshiriqni bemalol tarjima qila oladi. Lug‘atdan foydalanish orqali talaba adabiy tilga xos bo‘lgan so‘zlarni og‘zaki nutqdagina uchraydigan so‘zlardan bemalol farqlay oladi. Matn bilan ishlash jarayonida matndagi murakkab so‘zlarning lug‘atini tuzish talabaga mustaqil topshiriq sifatida berilishi kerak. Murakkab so‘zlarning lug‘ati tuzilgach, ularning ma’nosi tushuntirib berilishi, o‘sha so‘zlarning sinonimlarini topish ham talabani mustaqil ishlashga undaydi.
Yurisprudensiyaga oid matnlardan foydalanganda talabalar yuridik terminlar bilan tanishadilar, ularning o‘zbek va rus tillaridagi muqobillarini topishga harakat qiladilar. Hozirgi kunda bir qator yuridik terminlar ona tilimizda o‘z muqobilini topgan. Bu ijobiy hol, albatta. Masalan : grajdanskiy kodeks – fuqarolik kodeksi, veщyestvennoye dokazatelstvo – ashyoviy dalil, miravoy sud – murosa sudi, ordaliye -qiynoq usuli, chastnoye pravo – xususiy huquq va boshqalar. Lekin ba’zi yuridik terminlar xalq ommasiga o‘zlashib ketgan va umumiste’molda faol qo‘llanib kelmoqda. Shunday terminlarni o‘zbekchalashtirish shartmikan? Masalan, transport, deklaratsiya, prokuror, advokat, amnistiya va boshqalar. Bunday so‘zlar keng xalq ommasiga singib ketgan bo‘lib, ular tarjimaga muhtoj emas. Ko‘rinadiki, yurisprudensiyada tilshunoslik ilmi ham zarurdir, qolaversa, bo‘lajak huquqshunos kadrlar yuridik ilmlar bilan bir qatorda filologiya sirlarini ham mukammal o‘zlashtirishlari kerak.
Til o‘rganish jarayonida og‘zaki nutq asosiy o‘rinni egallaydi. Til o‘rganuvchi talabaning og‘zaki nutqini o‘stirish, ya’ni o‘zaro muomala jarayonidagi nutqiy aloqa zamirida o‘zbek tilida ravon va tushunarli, lo‘nda fikr bera olish ko‘nikmasini tarbiyalash yotadi. Har bir jarayonda bunday ko‘nikmani hosil qilish uchun eng muhim usul savol-javob usuli bo‘lishi kerak. Bu borada matnlar asosida tuzilgan har xil savol-javoblar, og‘zaki mashqlar talabalarning so‘z boyligini yanada oshirishga yordam beradi.
Talabalarning og‘zaki nutqini o‘stirish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolardan yana biri – bu grammatik qoidalarni o‘zlashtirish bilan muloqotga o‘rgatish jarayonini to‘g‘ri tashkil qilishdir. Talaba til xususiyatlarini aks ettiruvchi nazariy materiallarni ongli ravishda puxta o‘zlashtirsa, u nutq ko‘nikma va malakalarini shu bilimlarga suyangan holda hosil qiladi, ammo ko‘p hollarda grammatik qoidalarni yaxshi o‘zlashtirgan talabalar mazkur qoidalarni jonli nutqda qo‘llay olmaydilar yoki qo‘llashda xatoga yo‘l qo‘yadilar. Chunki ko‘pincha dars jarayonida grammatik qoidalarni o‘zlashtirish, ular asosida kerakli nutq ko‘nikmalarini hosil qilinishi jonli muloqot bilan bog‘langan holda olib borilmaydi. Ana shu ishni tashkil etishning maqbul usullaridan biri muloqot usulidir. Bu usul chet tillarni o‘qitishda ham keng qo‘llaniladi. Albatta, rusiyzabon talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bilan chet tillarni egallash orasida katta farq bor. Ammo bu ikki fanni bog‘lab turuvchi umumiy jihatlar ham mavjudki, shulardan biri – muloqot usulidan foydalanishning samaradorligidir. Dars jarayonida talabalarni amaliy nutq faoliyatiga yo‘llashning yana bir usuli – bu hozirgi ijtimoiy hayotga oid biror bir voqyea yoki dolzarb mavzu haqida so‘z ochib, talabalarni munozaraga jalb etishdir. Masalan, oynai jahon orqali namoyish etilgan qiziqarli biror bir ko‘rsatuv, sportning tennis yoki futbol birinchiligi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalar, matbuotda e’lon qilingan qiziqarli bahs, biror vokea – hodisa haqidagi xabar munozaraga asos bo‘la oladi. Munozara jarayonida suhbat chog‘ida qo‘llanilgan original so‘z, gap mazmuniga talabalar e’tiborini tortish va birorta talabaning shu mavzu haqidagi o‘z fikrini asosli dalillar bilan isbotlashi, o‘z so‘zini mantiqan to‘g‘ri va ravon qilib bayon etishini ko‘rsatish. Bunday talabaning nutqiga yuqori baho berish yaxshi natija beradi.
Demak, rusiyzabon guruhlarda o‘zbek tili fanini o‘qitishning asosiy maqsadi – to‘g‘ri, ravon so‘zlash, o‘z fikrini og‘zaki va yozma ravishda ifoday olish, mutaxassislikka oid so‘zlarni bilish, ularning nutq faoliyatida ishlata olishdir. Talaba yil davomida o‘rgangan leksik va grammatik materiallar hajmidagi matnning mazmunini so‘zlay olishi, o‘qituvchining nutqini, topshiriq va savollarini tushunib borishi, o‘zi ham atrofdagi kishilarga savol bera oladigan bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, oliy o‘quv yurtlarining rus guruhlarida olib boriladigan o‘zbek tili darslarida talabalarning ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislik matnlari o‘rganiladi. Bunday matnlar bilan ishlashdan maqsad, talabalarning nafaqat o‘zbek tilida so‘zlashuv nutqini, balki ularning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha suhbatlasha olish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir. Zero, bunday darslarni tashkil qilishda birdaniga bir necha dars usullaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Masalan, matnni tarjima qilish, terminlarni tahlil qilish, savollar tuzish, suhbat va dialog o‘tkazish va boshqalar. Bundan tashqari, dars davomida ixtisoslikka yo‘naltirilgan turli xil vaziyatli o‘yinlardan ham foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu usullardan dars jarayonida kompleks tarzda foydalanish talabani mustaqil fikrlashga hamda o‘z fikrini nutqda to‘g‘ri va yaxshi ifodalashga o‘rgatib boradi. Ixtisoslikka oid matnlarni dars davomida ishlashda o‘qituvchi quyidagi talablarga e’tibor qaratishi zarur:
– tanlangan mavzu qiziqarli, hayotiy va mutaxassisligi yo‘nalishi asosida bo‘lishi kerak;
– matnlardagi terminlar diqqat bilan o‘rganilishi lozim;
– savollar izchillik asosida tuzilishi zarur;
– talabalarning javoblarini e’tibor bilan tinglash;
– ularning erkin suhbatlashishlari uchun sharoit yaratish;
– talabalarning barchasini darsga jalb qilish;
– talabalar fikrini izohlash.
Yuridik terminlarni o‘zlashtirayotganda talaba bevosita o‘zi o‘qiyotgan yo‘nalishga doir matnlardan davlat tilini o‘rganishda foydalanadi. O‘z mutaxassisligiga oid so‘zlarni, yuridik terminlarni, ularning ma’nodaoshlarini, fe’l bilan bog‘langan birikmalardan qanday foydalanishni o‘rganadi, yuridik sohada ko‘p uchraydigan tayanch so‘zlarni aniqlaydi. Matnlarni tarjima qilish, lug‘at tuzish rusiyzabon talabalarda og‘zaki va yozma ixtisoslik nutqini shakllantirish va rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Matn ustida ishlash jarayonida talaba ixtisoslikka oid matnni to‘g‘ri o‘qish va so‘zlab berishga, matndagi yuridik terminlarni ajratish va ma’nosini izohlashga, yuridik terminlarni ma’nodoshi bilan almashtirish va mustaqil gap tuzishga o‘rganadi.