To’y kechasi – Muhammad Yusuf

Yuzga upa surmasdan,
To’lin bo’ldi Zebijon.
O’n sakkizga kirmasdan,
Kelin bo’ldi Zebijon.

Men ne derdim, nima dey?
Olov edik, sho’x edik.
Zebi bilan erinmay
O’n yil birga o’qidik.

Eski maktab, alvido,
Xonalari tor edi.
O’rtamizda bir Xudo,
Bir siyohdon bor edi.

Men lapashang, albatta,
So’ramadim ko’nglini.
O’n yil o’qib bir marta
Ushlolmadim qo’lini…

O’ltiribman endi jim,
Keksa onam oldida.
To’yga men ham borardim,
Yomg’ir yog’ib qoldi-da!

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications