Toshkent shahar IIBB huzurida yangi markaz tashkil etildi. U poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qiladi

“Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, bevosita joylarga chiqqan holda profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni oʻrganish hamda bartaraf etish boʻyicha “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

2021-yil 1-sentyabrgacha profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yurituvi toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” tarzda qatnashish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi patrul-post xizmati batalyonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita boʻysunuvidan chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga oʻtkaziladi va ularning kunlik xizmati mahallalar kesimida yoʻlga qoʻyiladi.

Jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda poytaxtdagi barcha ichki ishlar organlari faoliyati, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi.

Shunga koʻra, Jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.

Shuningdek, qaror bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazi tashkil etildi.

Markaz poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qiladi.

Qaror bilan Mahalla huquq-tartibot maskani toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications