Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qanday olinadi?

Oʼzbekiston Respublikasining qonuni bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʼlgan shaxslar — Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʼyxati tasdiqlangan. Bular quyidagilardir:

1. Qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) — xususiy mulk qilib olingan uy-joyga.

2. Qarindoshlar — oʼzlarining toʼgʼri shajara boʼyicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga.

3. Vasiylik va homiylikdagi shaxslar — vasiy (homiy) doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga.

4. Ota-onasi boʼlmagan voyaga yetmagan tugʼishgan aka-uka va opa-singillar, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz boʼlgan hamda oʼz oilasi boʼlmagan voyaga yetgan tugʼishgan aka-uka va opa-singillar — oʼzlarining tugʼishgan aka-uka yoki opa-singillari doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga.

5. Er (xotin) — xotini (eri) doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga, basharti kamida bir yil birgalikda yashayotgan boʼlsa. Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinganidan soʼng bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, er (xotin) Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida olingan doimiy propiskani yoʼqotadi.

6. Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega boʼlgan fuqarolar — ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzil boʼyicha doimiy propiska qilinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.

7. Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʼlgan fuqarolar — ular Toshkent viloyatida boshqa manzil boʼyicha doimiy propiska qilinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.

8. Ilgari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilingan fuqarolar — oʼqishni, ishni, uzoq muddatli xizmat safarini tugatganidan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilganidan keyin doimiy yashash uchun tegishincha Toshkent shahriga va Toshkent viloyatiga qaytib kelganida.

9. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar, shuningdek ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek ularning oʼz oilasi boʼlmagan farzandlari) — mazkur fuqarolar lavozimda turadigan davrga.

10. Qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan fuqarolar, shuningdek ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek ularning oʼz oilasi boʼlmagan farzandlari) — mazkur fuqarolar lavozimda turadigan davrga.

11. Davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga koʼra, shuningdek ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek ularning oʼz oilasi boʼlmagan farzandlari) — mazkur fuqarolar lavozimda turadigan davrga.

12. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 14 sentyabrdagi PQ-694-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq uy-joy bilan taʼminlangan harbiy xizmatchilar, shuningdek ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek ularning oʼz oilasi boʼlmagan farzandlari).

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications