Turkiston qayg’usi asari haqida (Uvaysxonto‘ra Shokirov — Alixonto‘ra Sog‘uniy nabirasi)

BISMILLOHIR ROHMANIR ROHIYM

Muhtaram o‘quvchi! Ma’lumdirki, inson bolasi o‘z padari buzrukvoriga qarab qad rostlaydi. Lekin millatni jahon miqyosida shuhratlantiradigan buyuk shaxslar haqida yozish hamisha sharafli, mas’uliyatli va bir vaqtda o‘ta murakkab vazifadir. Mazkur vazifaning qo‘shimcha og‘irligi o‘z bobongiz haqida yozishdir, chunki «hissiyotlarga berilib, mavzu xolisona yoritilmagan» deyilishi mumkin gumonlarga asos bo‘lmasligi kerak. Shu sababli boshqalar yozishadi degan umidda ko‘p yillar o‘tdi. Keyingi yillarda bosilib chiqayotgan maqolalarning ko‘pi bir tomonlama bo‘lib, Alixonto‘rani o‘z davrining siyosiy, mafkuraviy tuzumini qabul qilgan, uning g‘oyalariga ishonib aldangan olimlar qatorida ifoda etishga urinishlar bo‘ldi. Bu, albatta, shu davrning yozuvchilari uchun qulay, chunki bu inson ham o‘zimizdan edilar demoqchi bo‘lishadi. Lekin haqiqat unday emas ekanligini ushbu kitobdan bilib olasiz. Shu bois bu haqda batafsilroq ma’lumot berish zarur deb bildim.
Ulug‘ bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885 — 1976), Alloh u kishini rahmat qilgan bo‘lsin, komil inson bo‘lib, zamonamizning ko‘p ilmlarni mukammal egallagan buyuk allomalaridan edilar. Birinchi navbatda u kishi diniy ilm teologiya sohasida katta bilimga ega bo‘lganligi va mashhurligi hozirgi kunda ko‘pchilikka ma’lumdir. Xususan, «Tarixi Muhammadiy» asari nashrdan chiqqandan keyin (T., 1991) u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida shuhrat qozondi. Shu bilan birga bobomiz o‘tkir zehn sohibi, tarix ilmining, ayniqsa islom tarixi va Turkiston tarixining zukko bilimdonlaridan edi.
Sermazmun hayotining oxirgi 30 yili davomida Alixonto‘ra yozib qoldirgan ulkan ilmiy meros ichida «Turkiston qayg‘usi» tarixiy asari alohida o‘rin egallaydi. Bu asarda u kishining yigitlik va kamolotga yetgan davri xotiralari asosida o‘z e’tiqodi, dunyoqarashi, qaysi g‘oyalar uchun jonfido bo‘lib kurashganlari, nimalarga Vatan ahlini da’vat qilganliklari, suyukli Vatanimiz tarixi saboqlari, kelajak bo‘g‘inlar ulardan qanday xulosalar chiqarmoqlari kerakligi, Vatanimiz mustaqilligi muqarrar ravishda qo‘lga kelishi bashorati, uni mustahkamlash uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi to‘g‘risida chuqur o‘y-fikrlar o‘z ifodasini topgan va bayon etilgan.
Bu asardan ayrim parchalar «Yoshlik» jurnalida (1992 yil, 3 —4-sonlari) va shu yili
«O’zbegim» kitobida chop etilgan bo‘lib, to‘liq holda u endi birinchi marta kitob shaklida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

«Turkiston qayg‘usi» asari 1966 1973 yillarda Toshkentda yoziladi. Bu davrda sovet mustabid tuzumi kuch qudratga to‘lgan, o‘z siyosatini zo‘ravonlik bilan nafaqat mamlakat ichkarisida, balki uning uzoq tashqarisida ham o‘tkazib turgan payt edi. Shu sababli ko‘pchilik ziyolilarimiz hukmron maslakka qattiq ishonib, kechayu kunduz uning xizmatida bo‘ldilar. Qanchadan qancha yuksak qobiliyat egalari, iste’dodli shoir va yozuvchilarimiz bu soxta mafkura kuychilari, tashviqot va targ‘ibotchilari edi. Ular tuzumga to‘g‘ri bo‘lmagan bir og‘iz siyosiy so‘z, mustaqil fikr aytish u yoqda tursin, bu to‘g‘rida o‘ylashning o‘zi noto‘g‘ri, telbalik, aqldan emas deb bilishar, boshqalarni ham bunga ishontirish uchun barcha minbarlardan bor ras-miy, norasmiy usullar va jonfidoyilik bilan harakat qilishar edi.
Boshqa millat vakillari bo‘lgan inson huquqlari himoyachilari, umuminsoniy qadriyatlar targ‘ibotchilari akademik A.Saharov, yozuvchi A.Soljeniqin va shular safidagi boshqa mustabid tuzumning zulmini ko‘rgan haqiqat va adolat kurashchilari tarix sahnasiga endi birinchi qadamlarini qo‘ymoqda edi.
Mana shunday muhitda, ya’ni yurtimizda hukm surayotgan ixtiyoriy qullik davrida, sobiq qizil imperiya hududida birinchilardan bo‘lib, bobomiz bu tuzum va mafkura tub negizi va mohiyati bilan inson tabiatiga, umuminsoniy qadriyatlarga zid, insoniyat taraqqiyoti yo‘lining xato ko‘chasi ekanligini asoslab shunday yozadilar: «Hayot olamida eng ulug‘, oliy darajalik yaratilgan narsa shubhasiz shu insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ayrilmas bir tarmog‘idir.
…Madaniyat qaerda, qaysi millatda bo‘lsin, insoniyat haqlarini saqlash uchun hukumat qo‘lida adolat quroli bo‘lib turar ekan, ana shu chog‘dagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladi. Buning natijasida insoniyat xususiyati bo‘lgan har kimning erk-ixtiyori o‘z qo‘lida saqlanadi. Yer yuzining qaysi o‘lkasida bo‘lishni kim tilar ekan, hech qanday to‘sqinlik ko‘rmaydi».
«Asrimiz boshida chiqqan siyosiy firqalar ichida kommunizm kabi aqldan yiroq, xayoliy bir maslak ahli bo‘lgan emas. Mana shu xayoliy maslak egalari 50 yildan beri aqldan tashqari tuzumlarini qurol kuchi bilan xalq ustida yurgizib keladilar».
«…Insoniyat olamining ofati, kufrnifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday yerda qizidi? So‘zga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yo‘qsillik-kambag‘allikda yashayotgan gumroh, Vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan ongsiz nodonlar ko‘p bo‘lsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi».
«… Hech davrda ko‘rilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bolsheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy yemak ,ichmak, oziq-ovqatlariga osilib, biror kishi uyida don urug‘idan ortiqcha hech narsa qoldirmay yig‘ib olishdi. Shu orqalik xalqni och o‘ldirish qo‘rqinchi bilan o‘zlariga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldilar. …Chunki 6u kabi boshi tuyuq, qorong‘u ko‘chaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina bo‘lishi mumkindir».
O’sha davrda, Toshkentda yashab turib, maxfiy uy nazorati ostida bo‘lishiga qaramay, insonlar haq-huquqi, sovet tuzumi va mafkurasi ustida shu kabi haqiqatni qayg‘urib so‘zlash uchun qanday iymon e’tiqod, maslak va irodaga ega bo‘lmoq kerak edi? Qaysi qudrat va g‘oya u kishini bunday jasoratga boshlagan? Nega boshqa ziyolilarimiz shu paytda bu to‘g‘rida fikr yuritishga jur’at etolmaganlar? Ular o‘z boshlarini asrab, turmush rohatini ko‘zlab, qanday qullikda, mutelikda, kimlarning tobeligida hayot kechirayotganliklarini anglashni istamadilar.
Bulardan farqli o‘laroq, bobomlardagi birinchi quvvat ummoni haqiqiy islomiy iymon etiqodi va haqqoniy hur fikrligi bo‘lsa, ikkinchi ulug‘ manba ul zotning Vatan va millatga bo‘lgan cheksiz muhabbatidir.
Bobomlar yozadilar: «Umrim ichida qanchalik og‘ir ishlarni, ko‘p qo‘rqinchlik kunlarni boshimdan kechirdim. U chog‘da ko‘nglimdagi iymon e’tiqodim, Allohga va uning haq payg‘ambari Muhammad alayhissalomga bo‘lgan muhabbatim, men uchun eng kuchlik ishonchim va eng ortiq suyanchim edi. …Iymonlik kishilarga har vaqt bu ulug‘ davlat nasib bo‘lg‘usidir».
«Hozirgi madaniyat davrida diyonat bilan taraqqiyot birga yasholmaydi degan xato fikr oqillar oldida emas, jahon bo‘yicha johillar orasida tarqalmishdur. Haqiqatda esa, din poklikdur. Poklikka qurilgan axloqdur. Dinimizning asli aqldur, quroli ilmdur. Hozirgi taraqqiyot islom axloqi asosida olib borilsa, insonlar uchun eng foydalik madaniyat bo‘lishida shak yo‘qdir. Umuminsoniy haq huquqlar butun xalq oldida, ayniqsa, hukumat doiralarida qonuniy ravishda himoyalanib saqlanar ekan, o‘shandagina madaniyati fozilaga erishiladi. Shu kunlarda ustimizda hukmron bo‘lgan dinsizlar madaniyati ersa fosiq madaniyat deyiladi. Bunday madaniyat insonlarni ham axloqiy, ham ruhoniy fazilatlaridan butunlay ajratadi».
Vatanimiz, millatimiz yuz yildan ortiq bosqinchilar qo‘lida, mustamlaka zulmi ostida yotganining asosiy sabablari xonliklar davrida Turkiston o‘lkasida yuzaga kelgan ittifoqsizlik; dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘lishi; mamlakat mudofaa quvvatiga ahamiyat berilmagani; xalqimizning xurofot zulmati va jaholat botqog‘iga butunlay botganligi; zamonaviy fan ilmlarini o‘qish va o‘qitish ishlariga e’tibor bo‘lmaganligi haqida bobomlar kuyinib gapiradilar.
«Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O’zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa bog‘lamadilar, o‘qish o‘qitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur». «Bular Vatan va millat oldida eng kechirilmas jinoyatchi odamlar, chunki davlatlarini inqirozga, millatlarini qullikka, Vatanlarini xorlikka olib keldilar».
«Hozirgi madaniyat olamida millatning o‘z xuquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina bog‘lanmishdir. Shuning uchun to‘liq mudofaa kuchiga ega bo‘lmagan millatlar insoniy huquqlaridan butunlay ajrab, hayvonlar qatorida xo‘rlik bilan yashamoqqa majburdirlar». «Shunga ko‘ra, Vatan bolalari oldimizdagi kelajak kunlarni eskarib, zamonaviy ilm o‘qishga chin ko‘ngillari bilan kirishib, halol meros o‘z Vatanlarini egallash uchun mudofaa quvvati tayyorlashga tish-tirnoqlari bilan yopishsinlar».
Kitobda hozirgi zamon ilm-fanini tirishib o‘qish, zamonaviy texnika va texnologiya hunarlarini yaxshi o‘zlashtirish bilan bir qatorda, xalqning milliy hissiyotini ko‘tarish, o‘z ona tilini saqlash, adabiyotini yuksaltirish bizni millat sifatida yutilib ketishdan to‘g‘on kabi asraydigan zarurat ekanligi uqtiriladi: «Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargandek, yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan vatan o‘g‘illarining qo‘llari bilan vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdip.
«…Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo‘lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o‘zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo‘yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chog‘da millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlang‘usidir. Agar bunday bo‘lmay, balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chog‘da ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug‘ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug‘ Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon sharaflik nom nishonlari o‘chiriladi demakdir».
Alixonto‘ra umr bo‘yi Turkiston xalqining ozodligi va milliy mustaqilligi uchun kurashgan, yoshligida chor Rusiyasiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarda faol ishtirok etgan, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyatining 1-Prezidenti va marshal bo‘lgan, mustabid sovet tuzumining butun kirdikorlarini ilk kunlaridan boshlab tanqid qilgan va unga qarshi turgan, uning mustamlaka siyosatini qabul qilmagan fidoyi inson edi. Umrining ko‘p qismini quvg‘inda, qamoqxonalarda, tazyiq va ta’qib ostida o‘tkazdi.
Har davrda «saxovatli» sovet hukumati tomonidan taklif etilgan har xil «in’omlarni», jumladan, u kishiga umrbod tayinlangan katta nafaqani, oilasi bilan yashash uchun ajratilgan katta hovlini, Fanlar Akademiyasiga a’zo bo‘lish taklifini rad etib, o‘z iymon- e’tiqodiga har doim sodiq bo‘lib qolganlar. U kishi oddiy xalq ichida tanilib, katta obro‘ e’tiborga ega bo‘lganligi uchun sovet tuzumining maxfiy idoralari tazyiq o‘tkazib turgan bo‘lsa ham, mahkamaga tortish, qamash choralarini qo‘llashga jur’at etmaganlar.
Ul zotning metinday mustahkam iymon-e’tiqodini, Vatanimizga, millatimizga bo‘lgan chuqur muhabbatini, istiqlolning qo‘lga kelishiga, milliy davlatchiligimizning tiklanishiga bo‘lgan ulug‘ ishonchini hech narsa buka olmagan. «Biz, O’zbekiston xalqi, haqiqatda shu vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, yer ustiga qadam qo‘ygan kundan boshlab, bizning ota bobolarimiz shu O’zbekiston o‘lkasida yashab kelgan ekanlar shu kunlargacha tiriklarimizni bo‘ynida ko‘tarib, o‘liklarimizni qo‘ynida saqlamishdir. Bu Uzbekiston Vatanimizning bir qatlami biz o‘zbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan ko‘tarilmishdir. Bo‘ynida ko‘targan, qo‘ynida saqlab oq sut berib tarbiyat qilgan bu O’zbekiston Turkiston bizning o‘z ona vatanimizdir.
Endi biz shu kungi holimizni yuzaki emas, chuqurroq tekshirib ko‘raylik. Qaysi holda turamiz, qanday xorlik ostida yashaymiz, hayotimiz ustidan kimlar hukm yurgizib, takdirimiz kimlar qo‘liga topshirilmishdir? Jannat kabi bog‘i-bo‘ston, noz-ne’matlik Vatanimizga kimlar ega bo‘lib, ul joylarda kimlar o‘ltiradi? Vatanimiz, boz ustiga mol- dunyomiz, axloq-odoblarimizdan bizni kim ajratdi? Butun hayot, hosilot, erk ixtiyorimizni majburiy ravishda qo‘limizdan kimlar tortib oldi?».
«Kerakligicha din ilmini o‘qish hammaga farz bo‘lganidek, o‘z hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini o‘qib bilishlik ham farzdir». «Vatanimizni ozod qilish, o‘z davlatimizni qo‘lga keltirish va uni saqlash uchun, har davrning o‘ziga yarasha butun sabablarini qilish, Qur’onda aytilgan Alloh amri deb bilishimiz kerak».
«…Payg‘ambarimizning g‘oyibdan xabar bergan mo‘‘jiza so‘zlariga qaraganda va hozirgi jahon siyosatining ketishicha, oldimizda ulug‘ voqealar bo‘lishi shubhasizdir. Mana shu kabi buyuk voqealar bo‘lar ekan, dunyo bo‘yicha umumiy o‘zgarishlar bo‘lmay qolishi mumkin emas. Shu o‘zgarishlar natijasida mustabid tuzumning temir qo‘rg‘onlari tor mor qilinib, asrlar bo‘yi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari o‘zlarining halol meroslari ona vatanlari bo‘lgan Turkiston o‘lkasiga shunda, albatta, ega bo‘ladilar».
Umumjahon siyosatining o‘zgarishi, millatlarning milliy uyg‘onishlari kuchayishi natijasida mazlum xalqlarning o‘z milliy yetakchilari ham yetishib chiqishini bobomlar orzu qilib aytadilar: «Yer usti insonlari yer osti ma’danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir-ko‘mirlari ko‘p bo‘lg‘andek, oltin-olmoslari ham oz emasdir. …Agar shundoq kunlar to‘g‘ri kelar ekan siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o‘z hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o‘z hukumati o‘z qo‘lida bo‘lmas ekan, cho‘poni-qo‘ychiboni yo‘q bir to‘da qo‘y kabi yirtqich qushlarga, och bo‘rilarga yem bo‘lib, oxiri inqirozga uchrab yo‘qoladi».
Asarda kelajakda quriladigan milliy davlat va jamiyat asoslari haqida ham fikr bildirilgan. Islom dini bilimdoni Alixonto‘ra Sog‘uniy qarashlaricha, ular umuminsoniy haq-huquqlar himoyalanib saqlanadigan, din erkinligi kafolatlanadigan, islom axloqi va madaniyatiga tayanadigan, kuchli ilmiy, askariy quvvatga ega bo‘lgan dunyoviy davlat va jamiyatdir. Shunday bo‘lganda keyingi asrlarda Turkiston xalqi boshiga tushgan qo‘rquvparast ruhiy muhitdan qutilmoq, qudratli qo‘shni davlatlar siyosatining qurboni bo‘lishdan saqlanmoq, zamonaviy taraqqiyot to‘g‘ri yo‘lida tez rivojlanmoq imkoniyatlari yaratiladi. «Endi shuni bilmak kerakkim, deydi Alixonto‘ra, Qur’onning hukmiga, Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, o‘z Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolg‘on musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur».
Kitobda Turkiston xalqlarining ittifoqi masalasi ham har tomonlama keng yoritilgan. «Mustamlaka zulmi ostiga tushib qolishimiz sabablarining birinchisi xonliklar vaqtida yuzaga kelgan ittifoqsizlik shumligidir. Xozirgi davrda millatimiz manfaatini dunyo siyosati darajasida to‘la himoya qilish uchun Turkiston xalqlari, davlatlari, birinchi navbatda, mintaqaviy ittifoqqa birlashmoqlari zarur. Shundagina bu ittifoqning yaratadigan qudratli siyosiy va iqtisodiy salohiyati dunyo siyosatdonlarini undagi davlatlar manfaatini hurmat qilishga majbur qilishi mumkin. Bo‘lmasa ma’lum bir tarixiy sharoitda qudratsiz davlatlar yana kuchli davlatlarning qurboni bo‘ladi. Turkiston davlatlari birlashishlari uchun tabiiy asos mavjud. Bu tarix, yurt va madaniyat birligi, umumiy din va til borligidur. Qur’on mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi».
Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan XIX asr oxirigacha bo‘lgan davr ichida qurgan davlatlari, sohibqiron Amir Temur haqida, turkiy xalqlar madaniyati, turmushi, etnografiyasiga oid qimmatli tarixiy, ilmiy ma’lumotlar mavjud. Ayniqsa Sharqiy Turkiston o‘lkasida shu paytdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy mustaqillik uchun uyg‘ur xalqining olib borgan kurash tarixi keng yoritilgan. Milliy tariximizni qoralab sovet davrida «bosmachilar harakati» deb nomlangan, aslida Vatan ozodligi uchun kurashgan millat qahramonlari to‘g‘risida ham fikr bildirilgan. Albatta, muallif bu harakatga o‘zining shaxsiy munosabatini bildiradi va ular mag‘lubiyatining asosiy sabablaridan biri buyuk ozodlik g‘oyasi atrofida millatni birlashtirgan, zamon siyosatini yaxshi tushungan, ongli rahbariyat yoki millat yetakchisi bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Kitob nihoyatda tiniq, badiiy go‘zal, ravshan tilda yozilgan. Jumladan, tabiat manzaralarining tasvirlari o‘quvchi qalbida ona Vatanimizga chuqur muhabbat va mehr uyg‘otadi.
«…Bu tarixiy so‘zlarni yozishdan ko‘zlagan mening tubgi maqsadim, deydi Alixonto‘ra, o‘z Vatanida turib g‘arib bo‘lgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajak Vatan yoshlarini ogohlantirib, o‘lim uyqusidan uyg‘otishdir. Ko‘nglimdagi munglik qayg‘ularimni qalam tumshug‘idan to‘kib yozgan bu kitobimni o‘quvchi va ham eshituvchi vatanparvar, millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirig‘im shulki, tilim uchidan emas, dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik so‘zlarimni faqat uqibgina o‘tmasdan har bir og‘iz so‘zini tekshirib, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas, madaniyat taraqqiyoti bo‘lmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini saqlash uchun qaysi narsalarni qo‘lga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning chorasiga kirishsinlar».
O’zining bu so‘zlariga amal qilib, Alixonto‘ra Sog‘uniy 1962 yildayoq ulug‘ sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» nomli kitobini eski forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qiladilar. Dastlab «Guliston» oynomasi sahifasida bu kitobning ko‘p qismi 1967 yili u kishining jur’atli kirish so‘zi bilan bosilib chiqadi. O’sha davrda «qonxo‘r Temur»ni oqlab yozish katta jasoratni talab qilar edi. Vaholanki, bobomiz sohibqiron Amir Temurni o‘zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Shundan bir yil keyin, ya’ni 1968 yili O’zbekiston Fanlar akademiyasining viqe prezidenti I.M. Mo‘minov ko‘pchilik tarixchi olimlar muhokamasidan o‘tkazgan holda «Amir Temurning O’rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» risolasida ehtiyotlik bilan u kishiga ijobiy baho berishga harakat qiladi. Shundan keyin O’zbekiston matbuotida deyarli 25 yil davomida bu mavzuda ma’lumot berilmaydi. Ajablanarli hol shundaki, 1991 yili «Temur tuzuklari» qaytadan kitob shaklida chop etilib, tarjimon bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifi qo‘shib qo‘yildi. Unga kirish so‘zi yozgan tarixchi olimning fikricha, bu «asarning muallifi ma’lum emas»mish. «Temur tuzuklari» feodalizm, hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini ko‘zlab yozilgan …» asarmish. O’sha olimning keyingi yillarda Amir Temur haqida yozgan asarlarini o‘qib, bu kabi ko‘z-qarashlari ancha o‘zgarganidan xursand bo‘lasan kishi. Mustabid tuzumning yemirilgan davrida ham tarixchi olimlarimiz Alixonto‘raning birinchi bo‘lib ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temurni va uning shon-shuhratini himoya qilib ko‘rsatgan bu jasorati to‘g‘risida ochiq gapirishdan, tarixiy haqiqatni tiklashdan biroz hayiqdilar.
Mustahkam iymon, buyuk e’tiqod, haqqoniy maslak egasi bo‘lgan, Vatanim Turkistonim deb qayg‘urib yig‘lagan, uning ozodligi, istiqboli uchun umr bo‘yi kurashgan, davr tuzumining siyosiy, iqtisodiy tazyiqlariga bardosh bergan insonlarni odatda millatning vijdoni deb bilishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Alixonto‘ra Sog‘uniy 1960—1980 yillarda ana shunday insonlardan bo‘lgan edi, deyishga to‘la haqlimiz. U kishining ta’limoti zamonamiz yoshlarini yuksak ma’naviyat, axloq, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash imkonini yaratadi. Shunday ekan, umid qilamizki, minnatdor avlod o‘zining buyuk bobokalonlaridan bo‘lgan Alixonto‘raning Vatanimiz, millatimiz oldidagi xizmatlarini munosib taqdirlaydi, hayoti va ko‘p qirrali ijodini chuqur o‘rganadi, milliy tariximiz va adabiyotimiz sahifalarida ul zotning o‘z munosib o‘rni bo‘ladi, inshoalloh!
O’tmish tariximizdagi buyuk bobokalonlarimizga uy muzeylari tashkil qilish imkoniyati bo‘lmagan bo‘lsa ham, yaqin yillarda yashab o‘tgan bu kishiga sharafli hayoti, ibratli ta’limoti haqida to‘la ma’lumot beradigan uy-muzeyi tashkil qilinsa yaxshi bo‘lur edi. Bu muzey u zot qanday sharoitda yashab millat ozodligi uchun kurashgan, dilida millat va Vatan ishqi yongan haqiqiy inson nimalarga qodir ekanini bildiradigan, kelajak avlod o‘g‘il-qizlarimiz tarbiyasi uchun oliy ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladigan bir tabarruk joy bo‘lur edi.
Bobomlar biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo‘lganlar. Mening yoshlik, yigitlik davrim u kishining yonida, umrlarining oxirigacha tarbiyasida bo‘lish baxti bilan o‘tgan. 1964 — 1967 yillari u kishining qoshida norasmiy «Ong o‘stirish to‘garagi» mavjud bo‘lib, bu yerda biz yoshlar har haftada ikki marta yig‘ilar edik. Arab tili va islom dini asoslaridan saboqni, milliy tariximizdan darslarni, axloq-odob, inson haq-huquqlari to‘g‘risida birinchi tushuncha va ma’lumotlarni u kishidan shu paytda uqqan edik. Bobomiz biz uchun ma’naviyat, tarix va milliy qadriyatlarimizning tirik qomusi; har qanday mushkulot yechimini topa oladigan dono murabbiy zamonamiz tuzumi, siyosati haqida bor haqiqatni to‘g‘ri so‘zlovchi botir inson edilar. Ul zot islom dini, o‘tgan ulug‘larimiz, milliy qadriyatlarimiz, Vatan va millat haqida gap ketganda g‘oyatda to‘lqinlanib, behad g‘urur bilan so‘zlardilar. Notiqlikda oldiga tushadigani kam topilardi. So‘zlaganlarida nuroniy yuzlaridan hamisha yog‘du taralib turar edi. Darslarda bizga nihoyatda samimiy muloqotlari ohangrabodek ta’sir etardi va hayajonli taassurot qoldirardi. Yoshlikdan ilmni qunt bilan o‘rganish lozimligini aytib, «Yoshlikda egallangan bilim toshga o‘yilgan naqshdur», «Ong yo‘q joyda jasorat bo‘lmaydi», «Bu dunyoda hech narsa tan-sog‘liqqa yetmas» kabi shiorlarni ko‘p eshitar edik.
Milliy tarix darslaridan birida shunday deganlar: «Insonlar o‘z hayotlarini ongli ravishda tushunib turishlari uchun dunyo ilmlari ichida boshqalardan ko‘ra tarix ilmiga hojatlari ayniqsa ko‘pdur. Shuning uchun har davrning dono olimlari tarafidan bu to‘g‘rida bek (ko‘p) kitoblar yozilmish ekandur. Tarix demak, o‘quvchilarning ko‘z oldilariga qo‘yilgan bir ko‘zgu kabi bo‘lib, unga qaragan kishilar esa yuz-ko‘zlariga yuqqan yomon narsalarni ko‘rar ekanlar, albatta, undan o‘zlarini tozalaydilar.
Shunga o‘xshash, o‘tmishdagi ota-bobolarning oynaklarini keyingi bolalari qo‘llariga olib qarasalar, o‘zlarining kim ekanliklarini, endi kim bo‘lg‘onliklarini shu ko‘zguda ochiq ko‘radilar. Mehribon ona Vatanlari bosqinchi oyoqlar ostida depsalib, ingrab yotqonlig‘ini ko‘rgach, uning sabablarini tekshirishga kirishadilar. Ongsizlik o‘lim uyqusida yotgan bir millatni uyg‘otish uchun o‘tmishdagi ota-bobolarining shonlik tarixini bilishdan ortiq narsa yo‘qdir.
Bu ilmdan kutilgan asosiy maqsadlar bir davlat qurilgandan so‘ngra, u qaysi ishlar bilan taraqqiy topib rivojlanmishdur, yoki inqirozga uchrab zavol topishi nima sababdan bo‘lishidur. Chunki dunyoda o‘tgan, yo o‘tmoqda bo‘lgan yaxshi-yomon ishlar paydo bo‘lishining, albatta, sabablari bordur. Hayot olamida hech narsa sababsiz yuzaga chiqishi mumkin emasdur. Masalan, ilgari butun dunyoga nomi chiqqan, tillarda doston shu O’zbekiston bizning suyukli ona Vatanimiz nega qo‘limizdan chiqdi? Biz Turkiston xalqi o‘z davlatimizdan nega ajradik? Mana bularning sabablarini ko‘rsatish tarix ilmining asosiy vazifasidur.
Yana bir darsda aytganlari: Kelajakka faqat o‘tmish yo‘l ko‘rsatadi. Tarix shuni bildiradiki, ikki buyuk qo‘shni davlat bilan olib boriladigan yaxshi, o‘zaro manfaatli siyosat yetarli emas. Chunki ular har doim Turkistonga o‘z manfaatlari bo‘lgan muhim o‘lka sifatida qarab ish yuritishgan. Shu sababli asosiy masalalarda hamisha til topishib, Turkiston taqdirini o‘z manfaatlari yo‘lida hal qilishgan. Masalan, Sharqiy Turkiston xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashi bu davlatlar manfaatiga zid bo‘lganligi sababli qurbon qilindi. Yoki Turkiston xalqi o‘zining qaysi tub manfaatlarini ko‘zlab, Ikkinchi jahon urushida shuncha ko‘p qurbonlar berdi?
Yer kurrasining imkoniyati chekli bo‘lishiga qaramay moddiy ehtiyoj keskin o‘sib borayotgan XX asrda millatlar taraqqiyoti va taqdiri ko‘proq qudratli davlatlar siyosati va manfaatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli Turkiston o‘lkasida uchinchi bir buyuk davlat manfaatini yaratish zarurati bor. Ravshanki, muhim masalalarda uch davlatning hech biri birortasining bir tomonlama manfaatdor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunda tadbirli siyosat yurgizuvchi kichik davlat, albatta, uning manfaatini ko‘proq ko‘zlab ish tutayotgan davlat tomonida bo‘ladi».
Shu tartibda biz bobomizning «Tarixi Muhammadiy» qo‘lyozma asari orqali islom dini va tarixi bilan tanishdik, o‘zlari fors tilidan tarjima qilgan mashhur Herman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» asarini va ulug‘ sohibqiron Amir Temur «Tuzuklari»ning birinchi tarjimasini qo‘lyozma holatda u kishining ishtirokida o‘qib o‘rgandik. Islom falsafasi nimalarga ko‘proq urg‘u beradi degan savolga: «Sharq falsafasi avval boshidan boshlaboq asosan inson ruhiyatini, uning ma’naviy olamini bilishga, odamlarning o‘zaro munosabatlarini anglashga e’tibor bergan. Bu ta’limotda odam qalbini hayvoniy hirslardan ozod etish, uni Allohga ishonch, iymon nuri bilan yoritish, komil inson masalalari ustida ko‘proq fikr yuritiladi», deganlarini uqqanmiz.
Har doim 3 — 4 soatdan kam davom etmaydigan maroqli darslarimizda ko‘p tarixiy voqealarga ul zotning ajoyib mukammal, siyosiy-ijtimoiy mantiq qonunlariga asoslangan sharhlarini eshitishga muyassar bo‘lganmiz. Masalan, Vatanimiz mustaqilligi va erkining yo‘qolishiga nobop kishilarning hokimiyat tepasiga chiqib qolishi ham sabab bo‘lganligi to‘g‘risida gapirib, aytganlarini eslayman: «Har bir davlat arbobi siyosatda bilimdonlik, sezgirlik, izchillik va jasorat kabi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirmog‘i kerak. Bu toifadagi hukmdorlar o‘zlari kuchli bo‘lganligi uchun atrofiga mard va ochiqcha so‘zlasha oladigan kishilarni to‘plab ish yuritadi. Ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temur shunday zotlardan edi. Temur sulton ta’rificha, hukmdorga o‘z fikrini va mulohazalarini aytishga botina olmaydigan hamda o‘z soyasidan cho‘chiydigan, qul tabiatli mansabdorlar saltanatning eng xavfli dushmanlaridur. Chunki ular o‘zlarining ojizligi va jasoratsizligi orqasida ikkiyuzlamachilik bilan ish yuritadilar, kezi kelganda esa o‘z hukmdoriga va hatto vataniga xiyonat qilishdan toymaydilar. Shu boisdan buyuk Amir Temur qul tabiatli amaldorlarni yoqtirmay, o‘z qadru-qimmati, vijdoni, or-nomusi va g‘ururini saqlay oladigan kishilarni davlatning ustuni deb hisoblagan».
Ul zot yana shunday deganlar: «Agar mo‘min-musulmon bir nohaq ishni ko‘rsa, albatta, ul ishga qo‘li bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati yetmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech bo‘lmasa ko‘ngli bilan norozi bo‘lsin. Bu so‘nggisi iymonning eng kuchsiz bo‘lishidandur. Agar ko‘ngli bilan ham ul ishga norozi bo‘lganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu hol iymonsiz kishilarning belgisidur. Ularni payg‘ambarimiz tiriklar o‘ligi deb aytganlar.
Payg‘ambar Muso alayhissalom ummati vujudiga singdirilgan qullik asoratini siqib chiqarish uchun o‘z qavmini qirq yil Sahroyi Kabirda olib yurgan ekan. Chunki bu illat millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora ko‘rilmas ekan, ko‘p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o‘chirilib, u millat tub tomiri bilan yutilib yuboriladi.
Insonning eng sevgan qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘ladilar.
Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmokdur. O’zida erki yo‘q, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bor?
Ikkinchisi — shar’iy yoki qonuniy kasblari orqali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lgan xos mulkidur.
Uchinchisi — har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota- bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq Vatan avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.
To‘rtinchisi — har mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur».
Bobomizning Naqshbandiya ta’limotiga e’tiqod qo‘yganlari ham ma’lumdir. «Hazrat Bahouddin Naqshband tariqatlari Qur’oni karim va Hadisi sharifga asoslanadi. Ul zotning «Dil ba yoru dast ba kor!», ya’ni ko‘ngil Alloh yodi bilan, qo‘l esa ish bilan band bo‘lsin, degan shiorlari butun musulmon olamiga mashhurdir. Sohibqiron Amir Temur ham bu tariqatga amal qilgan. Raiyat ravnaqini ko‘zlab, «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar!» deb bu kishining nasihatlarini ta’kidlaganlar. Allohni sevish, uning visoliga yetish uchun og‘ir, mashaqqatli poklanish yo‘lini bosib o‘tishimiz lozimdir. Har bir kishi o‘z vaqtini sarhisob qilib turishi, chunki vaqt boyliqdur, bir kasbni egallashi, o‘z qo‘l kuchi bilan halol luqma topmoqligi bu ta’limot asoslaridandir», deganlarini eshitganmiz. O’z hayotlari davomida shunga amal qilib dorishunoslik, tibbiyot ilmlarini mukammal egallaganlar va hojatbaror shifokorligi tufayli ko‘pchilik o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega edilar. Kichkina hovlining tashqarisida doimo sog‘in sigir bilan bir tana boqilar edi. Yoshligimda ularga yem-xashak va ivitilgan somonga kepakni ixlos bilan o‘zlari qorishtirib berayotgan ish ustida bobomlarni ko‘p marta ko‘rganman.
Erta bahor kunlari edi. Saharda bir qarindoshning to‘y oshiga bobomlar bilan birga bordik. Kun sovuq, endi tong otmoqda edi. Ko‘pchilik aytilgan bo‘lsa kerak, ko‘chada saf tortib, osh yeyishga navbat kutib, odob bilan bobomlarni oldinga kuzatayotgan tumanat odamlarni ko‘rib, hassaga ikki qo‘lini qo‘ygan holda to‘xtadilar. «Bay, bay, bay! Qani edi bu o‘zbek o‘g‘lonlari shu tartibda, shunday g‘ayrat va ixlos bilan Vatan ozodligi uchun jangga kirsa!» deb, tizilib turgan uzun safga zavq bilan uzoq tikilib qolganlarini eslayman. Shunda bu manzara to‘qsonni qoralab qolganiga qaramay, qomatini mag‘rur tikka tutib turgan sobiq marshalning Vatan ozodligi uchun olib borgan shiddatli muqaddas janglarining qaysi yolqinli damlarini ko‘ngliga solgan ekan, deb o‘yladim.
Alixonto‘ra keng bilimlar egasi, chinakamiga qomusiy olim edi. Yuqorida tilga olingan asarlaridan, tarjima qilgan kitoblaridan tashqari u kishining qalamiga mansub «Shifo ul- ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzdan ko‘p kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan. Ko‘p tillarni chuqur bilganligi bois shu tillarda she’rlar ham yozganlar. «Devoni Sog‘uniy» nomli devon sohibi hamdir. Shu davr ichida bobomiz tomonidan yana Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoe» asari, Darvesh Ali Changiyning «Musiqa risolasi» asari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Alloma Sog‘uniyning obro‘-e’tibori oddiy xalq orasida nihoyatda yuqori edi. Ul zot faqatgina islomparvar bo‘lmay, balki tom ma’noda insonparvar bo‘lgani sababli oldiga uzoq-yaqin joylardan juda ko‘p kishilar o‘z dardlari va tashvishlariga davo, maslahat izlab kelishar edi. Ayniqsa «Temur tuzuklari» oynomada bosilib chiqqandan keyin mashhurligi yanada oshdi. Ko‘plar fors, arab, turkiy tillarida bosilgan, turli sohalarga mansub qadimgi nodir asarlarning tarjima va sharhlariga yordam so‘rasalar, boshqalar ilm izlab kelganini, tabobat, milliy tarix, diniy ilm sohalarida bilim olish uchun shogird bo‘lish niyatida ekanini bildirardilar. Ko‘p o‘zbek shogirdlari uydan qatnab ilm olsalar, uzoq yurtlardan kelgan tojik, qirg‘iz, qozoq, tungon, kavkaz xalqlariga mansub shogirdlari tashqari hovlidagi boloxonada yotib dars olardilar. Har payshanba kun iftorliklariga ko‘pchilik qatnashishga intilar edi, chunki bu yerda bo‘ladigan ajoyib maroqli suhbat va majlislarda ulug‘ e’tiqod, milliy qadriyatlarimiz, shon-shavkatli tariximiz, diniy masalalar yuzasidan fikr va sharhlar aytilar edi. Keyinchalik bu suhbatlar kengayib, jumladan, muborak ramazon oyi iftorliklari mehmonga chaqiriladigan katta hovlilarda, dala bog‘larida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu kishining ishtirokidagi majlis va suhbatlarga katta ilm sohiblari, ayrim shoir va yozuvchilar, din arboblari, olimlar va boshqa obro‘yli kishilar juda katta hurmat va ehtirom, haqiqiy ma’naviyatga chanqoqlik bilan qatnashar edilar. Kundalik hayotimizdagi o‘zgarish va hodisalarga u kishi katta qiziqish va xalq manfaati nuqtai-nazaridan qarar edilar. Ular millatimizning erki, tinchligi va kelajagi uchun foydali bo‘lsa butun vujudi bilan xursand bo‘lib, olqishlar edi.
«Huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari  hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan o‘g‘lon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib o‘zlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur» deganlarini bilaman.
1976 yil fevral oyining oxirgi kunlari, men Leningrad shahrida xizmat safarida edim. Bobomlarning ahvoli og‘ir ekanligi to‘g‘risida xabar keldi. Tezda Toshkentga uchdim. Samolyotdan tushib to‘g‘ri bobomlarning Taxtapuldagi hovlisiga yo‘l oldim. Qarindosh- urug‘, yaqinlar bilan to‘lgan hovliga kirishim bilan otamning «O’g‘lim, tezroq kir, bobong ketmoqda», degan nidosini eshitdim. Uyga kirishim bilan musaffo sokinlikda ko‘zlari yumuq yotgan bobomlarga ko‘zim tushdi. Atrof-yonlarida farzandlari. Ko‘zlariga termulib otam nihoyatda past, mungli tovush bilan Qur’ondan «Yosin» surasini tilovat qilib turardi. Ko‘zlaridagi yosh bilan shoshilinch holatda menga suv tutib, «Otamga suv tomiz», dedilar. Yig‘lab turib muborak lablariga dokada sekin suv tutdim. Ohista ko‘zlarini ochdilar. Otam bobomga tikilib turib, nihoyatda past ovoz bilan «O’g‘lingiz Uvaysxon yetib keldi», dedilar.
Bobomning ko‘z qorachiqlari men tomonga yalt etib o‘girildi. Bir «uf» tortdilar, muborak, xotirjam yuzlariga ikki tomchi yosh dumalab tushdi. Ko‘zlarini asta yumdilar va shu zahoti kalimai shahodat ustida jon uzdilar. Hayotlarining oxirgi soniyalarida ul zotning oldida bo‘lish va muborak lablariga oxirgi suvni tomizmoq menga nasib etganidan Allohga ko‘p shukronalar qilaman. Bu ne’matni hayotligida qilgan ulug‘ duolarining ijobati, ul kishiga bo‘lgan cheksiz muhabbatimning bir belgisi deb bilaman.
O’zbekistonning har joyidan va Markaziy Osiyo respublikalaridan yetib kelishgan ko‘p sonli kishilar bilan birga butun Toshkent ahli ul zotning tobutlarini Taxtapul mahallasidan yelkalarida ko‘tarib, vasiyatiga ko‘ra Ko‘kcha dahasidagi so‘nggi maskani bo‘lgan Shayx Zayniddin bobo qabristoniga oborib qo‘ydi. U kishining janozasini vasiyatiga binoan taqvo birodarlari Temurxonto‘ra o‘qishlari lozim edi. Ammo asrlar bo‘yi zolimlar tomonidan xalqimiz qalbiga singdirib kelingan qullik asorati bo‘lmish jur’atsizlik oqibatida janozani Ko‘kcha jome’ masjidida marhum Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon mufti hazratlari o‘qidilar.
Hazrat Imom al-Buxoriy nasliga mansubligimiz bilan hurmatdamiz, Temur avlodidan ekanligimiz bilan faxrlanamiz, Alixonto‘ra Sog‘uniy vatandoshimiz bo‘lganligi bilan g‘ururlanamiz. Mana shunday buyuk siymolar shu Vatandan chiqqanligi uchun, ular umuminsoniy qadriyatlar asoschilari va targ‘ibotchilari bo‘lganliklari uchun va biz ham shu millat ahlidan ekanligimiz uchun bu Vatanni sevamiz! Uni milliy madaniyat, din, axloq go‘zalliklarining majmuasi bo‘lganligi uchun, o‘zlikni anglash g‘ururini qalblarda
uyg‘otgani uchun yana ham ko‘proq sevamiz! Yosh avlod shu muqaddas Vatanimizga, ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lib fikr yuritmog‘i, mehnat qilmog‘i va hech kimdan kam bo‘lmaslikni maqsad qilib kelajakka intilmog‘i kerak! Shunda ulug‘ bobolarimiz ruhlari shod va Vatan kelajagidan xotirjam bo‘ladi.
Shunday ekan «O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida» deb nomlangan 700 betlik yangi tarix kitobida 1960-1980 yillarda o‘zbek xalqining mustabid sovet tuzumiga qarshi olib borgan kurashiga bag‘ishlab muhtaram tarixchi olimlarimiz juda oz ma’lumot berganini qanday izohlash mumkin! Bundan shu jannatmakon Vatanni bizga meros qoldirgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhlari iztirob chekishi, qolaversa mustaqil O’zbekiston tarixining bu sahifalarini o‘qiydigan yosh avlodda ota-bobolarimiz mustabid tuzumga qarshi yetarlicha kurashmagan degan noto‘g‘ri fikr tug‘ilmaydimi?
Axir, bu tuzumdan norozi bo‘lib, unga qarshi harakat qilgan boshqa shaxslar ham bo‘lgan. Masalan, milliy enqiklopediyada nomlari keltirilib, faoliyati boshqa kitob va jurnallarda ham keng yoritilgan, asarlari oliy o‘quv yurtlarida darslik qatorida o‘rganilayotgan, maktab, mahalla va ko‘chalarga nomlari qo‘yilgan Alixonto‘ra Sog‘uniy va uning singari ko‘plab allomalarning har tomonlama chuqur asoslangan Vatan ozodligi, milliy mustaqillik uchun kurash g‘oyalarini tarix kitoblarida keltirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O’zbek tili va adabiyoti darsliklariga Alixonto‘ra Sog‘uniyning Vatanni, ilmni, o‘zligimizni ulug‘laydigan she’r va dostonlaridan parchalar ham kiritilsa farzandlarimiz tarbiyasi uchun foydali bo‘lardi.
O’zbek millatiga mansub ekanmiz, uning kelajagi uchun hammamiz mas’ulmiz. Shu sababli millatimizning istiqbol tomon harakatida yo‘l ko‘rsatkich shamchiroqlaridan bo‘lgan Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida jamiyatimiz, birinchi navbatda, uning ongli qismi ziyolilarimiz umumiy, asosli bir fikrni bildirganlarida nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi.
Asarda yozilishicha, otamlar bobomlarni jallodlar qo‘lidan tun qorong‘usida qochirgan ekanlar va ul zotning vasiyatiga binoan tarix kitobining davomini yozishga muyassar bo‘ldilar. Bizga bunday ulug‘ sharafli ishlar nasib qilmagan bo‘lsa ham, bu kitobni nashrga tayyorladim va uni to‘laligacha kompyuterga kiritdim. O’z xotiralarim, muallif va asar to‘g‘risidagi ayrim taassurotlarim haqida ojiz fikrimni bu yerda bildirdim.
Yana shuni aytishim kerakki, muallifning o‘zi mazkur asarini qism yoki boblarga bo‘lmagan. Asarni sinchiklab o‘rganish va nashrga tayyorlash jarayonida uning mundarijasini berish lozim deb, uni taxminan 13 qismga bo‘lib nomladim. Asarda ko‘rsatilgan kursiv ajratmalar, tushunilishi qiyin so‘zlar, ayrim shaxs va joy nomlari uchun izohlar ham biz tomondan berilgan. Kitob muqovasidagi manzara ham muallifning asosiy g‘oyasini ifodalaydi. Hayotbaxsh Turonzaminda ulug‘ Turkiston eli qadim chinorining keyingi bo‘g‘in millatlari kallaklangani ko‘rsatilgan. Bu zaminga taxdid solib bulutli osmon tagida ikki buyuk davlat manfaatlari qoya bo‘lib turibdi. Ufqda ozodlik quyoshi tong otmoqda. Uning nurlarida kesilgan bo‘g‘inlar, albatta, ko‘karib o‘sishiga ulug‘ ishonch ramziy bildirilgan.
Bu kitobni bosmaga tayyorlash va chiqarishda menga yordam bergan, ko‘maklashgan kishilarga minnatdorchilik izhor etishni o‘zimning muqaddas burchim deb bilaman. Birinchidan, 6u kitobdan parchalar tayyorlab oldinroq xalqimizni u bilan tanishtirgan va bobomiz ilmiy meroslarini dunyoga tinimsiz targ‘ibot qiluvchi amakimiz Qutlug‘xonto‘raning xizmatlari kattadir. U kishiga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Hozirgi kunda bu kitobning turkcha tarjimasi Turkiyada u kishining boshchiligida amalga oshirilmokda. Ikkinchidan, qarib qolgan chog‘larida g‘ayrat qilib, bu asarni arab imlosidan kirillga o‘tkazgan va uni ukamiz Abdullaxon, jiyanimiz Ma’rufxonlar bilan birgalikda xatolarini to‘g‘rilab qayta bosgan akamiz Ahadxonto‘raga katta minnatdorchilik bildiraman. U kishining bu tashabbusi kitobning tezroq bosilishiga turtki bo‘ldi. O’g‘illari qishloq xo‘jalik fanlari doktori Furqatxon bobomizning bosh evarasi bu kitobning bosilishiga birinchi fidoyilardan bo‘ldi. Kitobni chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha moliyaviy masalalarda jonkuyarlik bildirib, yordamini ayamadi. Jiyanimning bu himmati va g‘ayrati uchun unga ko‘p tashakkurlar aytaman. Barcha amakilarim, ukalarim, jiyanlarim, o‘g‘lim va o‘rtog‘i Saidumar otamiz boshliq bu ishning har xil jarayonida o‘z maslahat va yordamlarini ko‘rsatdilar. Ularga va bu yerda nomlari aytilmay qolgan boshqa birodarlarimizga o‘z tashakkurlarimni ayturman.
Alohida minnatdorchiligimni qo‘lyozmani ko‘rib chiqib, taqriz yozib o‘zlarining qimmatli maslahatlarini bildirgan O’zbekiston FA Tarix instituti direktori, professor D.Alimovaga, tarix fanlari doktori S.A’zamxo‘jaevga, arxitektura fanlari doktori P.Zohidovga va Tarix institutining yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Q.Rajabovga bildiraman.
Tariximizning qorong‘u yillarida Vatanimiz ozodligi, millatimiz haq-ququqi uchun kurashgan bu ulug‘ zotning kelajak avlod uchun vasiyat qilib aytgan yolqinli so‘zlari xalqimizning o‘zligini anglashi, Vatan tuyg‘usining shakllanishi, g‘ururimizning tiklanishiga xizmat qilar degan umidda bu kitobni chop qildirdim. Shu kichik bir xizmatimiz xalqimizga xushnud tushsa bobomiz vasiyatlarini va farzandlik burchimizni qisman bo‘lsa ham bajardik va u kishining ruhlarini shod etdik, deb umid qilgan bo‘lur edik.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications