Tushlarimga kir – Muhammad Yusuf

Share on telegram
Share on twitter
Share on facebook
Share on whatsapp
Share on odnoklassniki

Kapalakday kelib,
Qoshingga qo’nib,
Ko’zingga termulib umrim o’tsaydi…
Nima ham ko’ribman men yigit bo’lib?
Sochingni silashga qo’lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.

Tovoning o’padi ariqdagi suv,
Ko’ylaging etagin o’padi maysa.
Men-chi, bir giyohcha bo’lolmadim-ku,
Ey, ko’zlari jayron, kiprigi nayza!
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir.

Ko’chib borayotir bu umr — karvon,
Kunlarning bo’ynida yurak qo’ng’iroq.
Men senga armonu sen menga armon,
Ko’nglimning to’rida tutar shamchiroq.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir…

Kapalakday kelib, qoshingga qo’nib,
Ko’zingga termulib umrim o’tsaydi.
Qoldingu bag’rimda jonimdek bo’lib,
Sochingni silashga qo’lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir…

Scroll to Top