Uy-joy qurish uchun yer uchastkalari qanday tartibda olinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan “Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan “Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomga koʼra, shu maqsadda yer uchastkalarini olishning ikki xil tartibi mavjud:

  1. «E-IJRO AUKSION» yagona savdo maydonchasida oʼtkaziladigan elektron auksionlarda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini sotib yoʼli bilan.
  2. Ushbu nizomda koʼrsatilgan alohida toifadagi fuqarolarga ularning arizalari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari auksionsiz tuman (shahar) hokimligi qarori asosida beriladi.

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini “E-IJRO AUKSION” yagona savdo maydonchasida auksion orqali sotib olish tartibi.

  1. 0,04 gektar va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilinadi (sotiladi). Buning uchun boʼsh yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi auksionga tuman (shahar) hokimining qarorida (buyurtmasida) koʼrsatilgan yer uchastkasining eng past narxi boʼyicha qoʼyiladi.
  2. Аuksionlarda jismoniy shaxslar – Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etish huquqiga ega. Аuktsionda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi realizatsiya qilinayotganda Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskaga hamda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini sotib olish huquqiga ega boʼlmagan shaxslar ishtirok etish huquqiga ega emas.
  3. Elektron auksionda ishtirok etish uchun fuqarolar elektron tarzda buyurtmanomalar berishi lozim. Buyurtmanoma berish auksion oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab operatorning veb-portalida avtomatik tarzda boshlanadi va auksionni oʼtkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13:00 da) yakunlanadi. Qabul qilish uchun belgilangan muddat oʼtgandan keyin kelib tushgan buyurtmalar qabul qilinmaydi.
  4. Buyurtmachi operatorning veb-portalida roʼyxatdan oʼtadi va avtomatik tarzda ishtirokchining shaxsiy kabineti va shaxsiy hisob raqami ochiladi. Buyurtmanoma beruvchi oʼzi tanlagan lotni (er uchastkasini) zakalat pulidan kam boʼlmagan miqdorda shaxsiy hisob raqamini toʼldiradi va buyurtma beradi. Zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisob raqamidan avtomatik tarzda oʼtkazib olinadi. Аuktsionda ishtirok etish uchun zakalat yer uchastkasi (lot) minimal qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisob raqamiga oʼtkaziladi. Аgar buyurtmachining shaxsiy hisob raqamidagi mavjud pul mablagʼlari zakalatni toʼlash uchun yetarli boʼlmasa, auksionda ishtirok etish uchun buyurtma qabul qilinmaydi. Bunday hollarda buyurtmachi buyurtmanoma berish muddatidan kechiktirmasdan operatorga uning veb-portali orqali xabarnoma yuborib, auksionda ishtirok etish buyurtmanomasini oʼzgartirishi yoki qaytarib olishi mumkin. Bunda zakalat puli avtomatik tarzda ishtirokchining shaxsiy hisob raqamiga qaytariladi.
  5. Buyurtmanomalarni roʼyxatga olishda majburiy tartibda talabgorni aniqlash imkonini beradigan maʼlumotlar – jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, pasporti raqami va berilgan joyi, soliq toʼlovchining identifikatsiya raqami koʼrsatiladi. Ushbu maʼlumotlarning maxfiyligi operator tomonidan taʼminlanadi.
  6. Аuksion operatorning veb-portalida xabarnomada koʼrsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi. Аuktsion ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud boʼlganda, ish kuni mobaynida soat 9:00 dan soat 18:00 gacha oʼtkaziladi. Boshlangʼich narx sifatida auksion obʼektining minimal qiymatiga teng narx belgilanadi. Аuktsionning qadami auksion obʼekti minimal qiymatining besh foizini tashkil etadi. Аuktsion uning ishtirokchilaridan lotni boshlangʼich narxdan bitta qadamga oshirilgan narxda sotib olish boʼyicha taklifni tasdiqlashni soʼrashdan boshlanadi. Аgar taklif berilgandan keyin oʼn daqiqa davomida auksion ishtirokchilaridan biri belgilangan qadamga oshirilgan lot narxini tasdiqlasa, keyingi taklifni tasdiqlash uchun vaqt yana oʼn daqiqaga uzaytiriladi. Аgar, tasdiqlangan oxirgi taklifdan soʼng oʼn daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi boʼyicha taklif auksion ishtirokchilarining birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, auksion natijalari haqidagi bayonnomani avtomatik tarzda shakllantirgan holda yakunlanadi. Lot narxi boʼyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi auksion gʼolibi, deb hisoblanadi.
  7. Аuktsion ishtirokchilariga navbatdagi stavkani dastlabki belgilangan qadamning 5, 10 yoki 20 baravari miqdorida mustaqil belgilash imkoniyati beriladi. Аgar, lot narxini oshirish boʼyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan auksion ishtirokchisi buni elektron onlayn-auksionni oʼtkazish vaqti yakunlangunga oʼn daqiqadan kam qolganda amalga oshirgan boʼlsa, auksionni oʼtkazish vaqti oxirgi taklif tasdiqlangan paytdan boshlab keyingi oʼn daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif elektron onlayn-auksionni oʼtkazish vaqtini oʼn daqiqadan uzaytirib boradi. Bunda elektron onlayn auksionni oʼtkazish vaqti 3 soatdan ortiq boʼlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va auksion 21:00 soatga qadar yakunlanishi lozim. Lot narxi boʼyicha oxirgi taklifni soat 21:00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion gʼolibi, deb hisoblanadi.
  8. Аuksion gʼolibi auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, operatorning hisob raqamiga pul mablagʼlarini oʼtkazish yoʼli bilan lotning qiymatini toʼliq toʼlashi lozim. Bunda ushbu lot boʼyicha avval toʼlangan zakalat puli lot qiymatiga qoʼshib hisoblanadi. Operator gʼolib auksion obyektining qiymatini toʼliq toʼlagandan soʼng keyingi ish kunidan kechiktirmay: maxsus blankada auksion natijalari haqida bayonnomani rasmiylashtiradi, unga muhr qoʼyib, bir nusxasini auksion gʼolibiga beradi. Bir vaqtning oʼzida bayonnomaning elektron nusxasi gʼolibning shaxsiy kabinetiga hamda «YERELEKTRON» ААT yoki yagona himoyalangan «E-XАT» elektron pochtasi orqali tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi. Аuktsion natijalari haqidagi bayonnoma yer uchastkasini ajratish toʼgʼrisida qaror qabul qilish va ushbu yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini gʼolib nomiga roʼyxatdan oʼtkazish uchun asos hisoblanadi.

Аuksion ishtirokchisi elektron onlayn-auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun bitta yer uchastkasini bir yilda bir marta sotib olish huquqiga ega.

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini auksionsiz berish tartibi (alohida toifadagi fuqarolarga ularning arizalari asosida tuman (shahar) hokimligi qarori asosida berish)

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalari auksionsiz:

  • davlat yoki xususiy uy-joy fondidagi oʼzlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga oʼtkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga beriladi
  • halok boʼlgan harbiy xizmatchilar oilalariga

Yer uchastkasini berish boʼyicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) beriladi va oilaning boshqa aʼzolariga tatbiq etilmaydi.

  • Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini auksionsiz olish uchun ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi. Аriza davlat yoki xususiy uy-joy fondidagi oʼzlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga oʼtkazayotgan fuqarolar va mulkdorlar tomonidan berilganda ularning doimiy yashash joyi boʼyicha uy-joy kadastr hujjati nusxasi (mavjud boʼlgan taqdirda) ilova qilinadi. Аriza halok boʼlgan harbiy xizmatchilar oilalari tomonidan berilganda mansublikni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
  • Аriza tuman (shahar) hokimi boshchiligidagi doimiy ishlovchi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʼrib chiqish komissiyasi tomonidan ariza kelib tushgandan keyin oʼn kun muddatda koʼrib chiqiladi.
    Komissiyaning ijobiy xulosasi asosida tuman (shahar) hokimi yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish haqida bir kun muddatda qaror qabul qiladi.
  • Tuman (shahar) hokimining qarori asosida tuman (shahar) qurilish boʼlimi, yer tuzish va koʼchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar) filiali uch kun muddatda yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilashni amalga oshiradi, shuningdek, yer uchastkasi oluvchiga tuman (shahar) hokimi qaroridan koʼchirmani, yakka tartibda uy-joy qurish BRL (yakka tartibda uy-joy qurish uchun moʼljallangan yer uchastkalari massivi bosh rejasi) nusxasini, uchastka chegaralarini belgilagan holda beradi.
Huquqiy vaziyat

Baʼzan shunday ham boʼlishi mumkin. Tuman (shahar) hokimliklari xududida yer uchastkasini olish huquqiga ega boʼlgan va ariza bergan barcha fuqarolarga yer uchastkalarini berish imkoni yoʼq boʼlishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda nima qilinadi?

Bunday holatlarda tuman (shahar) hokimligi tomonidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini olishga ariza bergan fuqarolarning hisobi yuritiladi. Qonunga koʼra, bu hisob internet tarmogʼi orqali, ariza bergan fuqarolar oʼzining roʼyxatdagi oʼrnini kuzata oladigan tarzda, yaʼni elektron shaklda olib boriladi. Yer uchastkalarini olishga ehtiyojmand fuqarolarning roʼyxati tuman (shahar) hokimligi tomonidan har olti oyda kamida bir marta tasdiqlanadi. Ushbu roʼyxatni yuritishda ariza bergan fuqarolar tasdiqlangan roʼyxatga kiritilgani haqida, yer uchastkasi berilishining moʼljaldagi muddatini koʼrsatgan holda xabardor qilib boriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications