Uyda do’kon ochish uchun uyning bir qismini noturar joyga aylantirish kerakmi?

Uyning bir qismida do‘kon ochish uchun uni noturar joyga o‘tkazish shart emas.

Siz do’konni turar joy holatida ham ochsangiz bo‘ladi. Buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ro‘yxatdan o‘tsangiz kifoya.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirishdir.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qoidaning mazmuniga ko‘ra jismoniy shaxs o‘ziga tegishli mulkdan foydalangan holda YATT tashkil etishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga 1-ilovada Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati keltirilgan.

Mazkur ro’yxatga ko‘ra oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish (bundan alkogolli va tamaki mahsulotlari mustasno) faoliyati bilan YATT sifatida o‘z uyida shug‘ullanishi mumkin.

YATT tashkil etishning ikki xil usuli mavjud.
Birinchisi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borgan holda;
Ikkinchisi www.my.gov.uz sayti orqali.

Bunda jismoniy shaxs quyidagi hujjatlarni DXMga olib borishi kerak:
– pasport;
– davlat bojining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati:
👉 o‘zingiz DXMga borsangiz 223.000 so‘m (01.02.2021 kunidan 245.000 so‘m);
👉 sayt orqali ro‘yxatdan o‘tsangiz unda 111.500 so‘m (1-fevraldan 122.500 so‘m)

Xulosa qiladigan bo‘lsak, siz uyingizni noturar obyektga o‘tkazmagan holda do‘kon ochishingiz mumkin.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications