Uyqudagi qiz – Muhammad Yusuf

Nurxon xotirasiga

Qaro yerga qo’yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko’zlariga to’lib yosh,
Hur qizgina uxlaydi.

Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yonoq.
Ko’ngli to’la armoni,
Qo’yni to’la qizg’aldoq…

Bu dunyoda hech sendek
Qiz yo’q edi, tur, singlim,
O’zing orzu qilgandek
To’y qilamiz, yur singlim.

Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro’mol o’rarsan.
Gul-gul yonib muqaddas,
Chimildiqqa kirarsan…

Qaro yerga qo’yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Nurxon otli qalamqosh,
Hur qizgina uxlaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications