Vafot etgan shaxsning pensiyasini boshqa shaxsga o’tkazish mumkinmi?

Pensiya bitta shaxs nomidan boshqa shaxs nomiga o‘tkazilmasa-da, vafot etgan pensiya oluvchining merosxo‘r qarindoshlari ma’lum bir to‘lovlarni olishga haqli. Bunda quyidagilarni inobatga olish lozim.

Fuqarolarning pensiya ta’minoti 2  qismdan iborat:

  • davlat pensiyasi;
  • jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti.

Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan davlat pensiyasi puli oila a’zolariga oyning u vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanadi. Bunda qarindoshlar pensioner vafot etganidan keyin 60 kun ichida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limiga ariza bilan murojaat etishi kerak (“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 63-moddasi).

Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ida jamg‘arilgan mablag‘lar esa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda merosga o‘tadi va merosxo‘rga bir yo‘la to‘la hajmda to‘lanadi (“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasi). Bunda to‘lovlar notarius tomonidan berilgan merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi (Fuqarolik kodeksining 1146-moddasi).

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications