Vasiyatnomani o‘zgartirish, bekor qilish mumkinmi?

Vasiyat qoldiruvchi o‘zining vasiyatnomada izhor qilgan irodasini xohlagan vaqtda o‘zgartirishi va bekor qilishga haqli. Bu haqda FKning 1127-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan, ya’ni vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini to‘laligicha bekor qilishga yoxud unda mavjud bo‘lgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.

Vasiyatnomani to‘liq bekor qilish, birinchidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda vasiyat qoldiruvchi notariusga yozma ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga muvofiq notarius notarial idorada saqlanayotgan vasiyatnoma nusxasi, notarial harakat qayd etilgan resstr hamda vasiyatnomalarni ro‘yxatga olish alifbo kitobiga belgi qo‘yish orqali uni bekor qiladi. Vasiyat qiluvchi o‘zida saqlanayotgan vasiyatnoma nusxasini taqdim etgan taqdirda, vasiyatnomaning bekor qilinganligi to‘g‘risida bu nusxaga ham yozib qo‘yadi. Agarda ariza vasiyatnoma notarial tasdiqlangan yoki u saqlanayotgan idoradan boshqasiga taqdim etilsa, u tegishli idoraga yuboriladi.

Ikkinchidan vasiyatnomani to‘liq bekor qilish yangi vasiyatnoma tuzish orqali amalga oshiriladi. Bunda yangi vasiyatnoma oldingi vasiyatnomaning to‘laligicha inkor qiladigan mazmunda tuzilgan bo‘lishi lozim. Bu holatda ilgari tuzilgan vasiyatnomani bekor qilish to‘g‘risida alohida farmoyish bo‘lishi shart emas. Bunda keyingi vasiyatnomaning bekor bo‘lishi oldingi vasiyatnomani qayta tiklashga sabab bo‘lmaydi. Lyokin, keyingi vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishi oldingi vasiyatnomaning qayta tiklanishiga olib keladi.

Vasiyatnomani qisman bekor qilish va o‘zgartirish. Vasiyatnoma qisman o‘zgartirilganda,

birinchidan, yangi tuzilgan vasiyatnomada oldingi vasiyatnomaning ayrim bandlarini bekor qilish orqali;

ikkinchidan, undagi ayrim bandlariga zid ravishda tuzilish yo‘li bilan o‘zgartirish kiritiladi. Shuningdek, vasiyat qoldiruvchi notariusga ariza berish yo‘li bilan ham vasiyatnomaga o‘zgartirish kiritishga haqli.

Bundan tashqari, keyingi tuzilgan vasiyatnoma oldingi vasiyatnomani bekor qilmasdan yoki o‘zgartirmasdan, qo‘shimcha farmoyishlar bilan to‘ldirishi ham mumkin. Agarda oldingi vasiyatnomada meros qoldiruvchi o‘zining mol-mulkidan bir qismini vasiyat qilib qoldirgan bo‘lib, keyingi vasiyatnomada mulkning qolgan qismiga vasiyatnoma tuzgan bo‘lsa, meros ochilganda har ikkala vasiyatnoma ham haqiqiy hisoblanadi. Bunday hollarda har ikkala vasiyatnoma bo‘yicha ham vorislar meros oladilar.

Vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishi.

Vasiyatnoma, bir tomonlama bitim hisoblanib, u meros qoldi­ruvchining shaxsan o‘zi tomnidan, vasiyat bo‘yicha huquq oluvchining roziligisiz tuziladi.

FKning 1130-moddasiga asosan, tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma – uni tuzish, imzolash va tasdiqlashning qonunda belgilangan tartibi buzilgan taqdirda haqiqiy emas deb topiladi.

Vasiyatnomaning ayrim bandlari haqiqiy emasligi uning qolgan qismining haqiqiyligiga daxl qilmaydi. Vasiyatnoma to‘liq haqiqiy emas deb topilgan hollarda, ushbu vasiyatnomaga binoan merosdan mahrum bo‘lgan merosxo‘r umumiy asoslarda meros olish huquqiga ega bo‘ladi.

Vasiyatnomani haqiqiy emas deb topish, u bir tomonlama bitim bo‘lganligi sababli, FKning 9-bobi 2-paragrafida nazarda tutilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qoidalarga asosan ham haqiqiy emas deb topiladi. Sud tomonidan vasiyatnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizalar meros ochilgan paytdan boshlab 3 yil muddatda sud tomonidan ko‘rilib hal qilinadi. Bunda o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan vasiyatnomalarga nisbatan da’vo muddati tadbiq etilmaydi.

Masalan,muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan tuzilgan vasiyatnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi. Uni haqiqiy emas deb topish uchun sudga murojaat qilish shart emas.Demak, bunday hollarda da’vo muddati qo‘llanilmaydi. Lekin, vasiyatnomani haqiqiy emasligining oqibatlarini qo‘llash bo‘yicha da’vo muddati qo‘llaniladi.

Masalan, o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan vasiyatnoma bo‘yicha meros egallangan bo‘lsa, meros mol-mulkiniqaytarilishiga nisbatan talablarni qo‘llashda da’vo muddati qo‘llaniladi.

Vasiyatnoma butunlay bekor bo‘lgan taqdirda, unda vasiyat qilib qoldirilgan mulk qonun bo‘yicha vorislar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Vasiyatnomaning ayrim qismlari haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, uning shu qismida ko‘rsatilgan mulk, qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘rlar o‘rtasida teng bo‘linadi.

Notariuslar tomonidan vasiyatnomaga o‘zgartirish kiritilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi ma’lumotlar alifbo kitobiga va tizimga kiritilishi lozim.

Shuningdek, vasiyatnomani tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan vasiyatnoma o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Agar mansabdor shaxs vasiyatnomani bekor qilgan yoki o‘zgartirgan bo‘lsa, bu haqda notarial idoraga kechiktirmay ma’lumot berishi zarur.

Mansabdor shaxslar vasiyatnomani o‘zgartirish va bekor qilish uchun asos bo‘lgan hujjat nusxasini belgilangan tartibda notarial idoraga berishi shart.

Mansabdor shaxslar tomonidan vasiyatnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lgan hujjatlar notarial idoraga yuborilganida, notarius u kelib tushgan kundan kechiktirmay vasiyatnomaga o‘zgartirish kiritilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi ma’lumotlarni alifbo kitobiga va tizimga kiritishi lozim.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications