Voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari profilaktikasida Mahallaning o‘rni

Mahalla, asosan, O‘rta Osiyo davlatlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Mahalla instituti juda qadim tarixga borib taqaladi. O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda mazkur o‘zini o‘zi boshqaruvchi ijtimoiy tashkilotning noyob shakli azaldan mavjud bo‘lgan va shu kungacha ham saqlanib qolgan. Mahalla “vatan ichra vatan”dir. Mazkur iborani tahlil qiladigan bo‘lsak, vatan deganda, muayyan davlat nazarda tutilayotgan bo‘lsa, uning ichidagi vatan esa o‘sha davlatda joylashgan va uning funksiyalarini amalga oshiruvchi tashkiliy birlikdir. Darhaqiqat, bugungi kunda mahallaga alohida extibor berilmoqda va bu e’tibor hech bir sohani chetlab o‘tgani yo‘q. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Gulshan” mahallasiga qilgan tashrifida “Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul – hammasini bilishi lozim. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo‘ladigan maskanga aylantirishdir”, deb ta’kidlagan edilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida huquqbuzarliklar profilaktikasi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Barchaga birdek ma’lumki, huquqbuzarliklar profilaktikasi eng avvalo voyaga yetmaganlar huquqbuzarligi profilaktikasidan boshlanadi. Zero aholisining ko‘pchilik qismini yoshlar – voyaga yetmaganlar tashkil qiladigan O‘zbekiston Respublikasi kabi davlatda ushbu masala juda dolzarb hisoblanadi.

Ushbu masala so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining zirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga 1-ilova sifatida keltirilgan “Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom aynan mana shunday normativ-huquqiy hujjatlardan biridir. Mazkur Nizomning 2-bobi Profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalari va funksiyalariga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu bobdan o‘rin olgan 3-band to‘rtinchi bandi to‘g‘ridan-to‘g‘ri  fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilishiga bag‘ishlangan. Biz mazkur normani voyaga yetmaganlar huquqbuzarlari profilaktikasiga yaqqol misol sifatida olishimiz mumkin.

Shuningdek, ushbu Nizomning 4-bandi “v” kichik bandi mazkur hamkorlikka bag‘ishlangan. Ungga ko‘ra:

  • huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolarning, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazish masalalari bo‘yicha ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari, davlat organlari, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish;
  • aholi bilan o‘tkazilayotgan mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etishning maqbul yo‘llarini aniqlashga qaratilgan uchrashuvlarda ishtirok etish;
  • fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida qonun hujjatlari talablariga rioya etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalarida tushuntirish ishlarini tashkil etishda hamkorlikni amalga oshiradilar.

Sohada qabul qilingan eng so‘nggi normtiv-huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga 1-ilova sifatida keltirilgan “Mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risida”gi Nizomni keltirsak o‘rinli bo‘lar edi. Chunki Nizomning 1-bandidayoq Mahalla huquq-tartibot maskani mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiradigan, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etadigan ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi nazarda tuzilgan.

So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklari profilaktikasida mahallaning o‘rni juda salmoqli va bu barcha jabhalarda o‘z tasdig‘ini topmoqda. “Mahalla – sharq demokratiyasi” degan iborani eshitmagan inson kamdan-kam uchrasa kerak. Shunday ekan mahallalarni jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan holi hududga aylantirish yuqoridagi iboraning tub mohiyatiga real yetib borishning eng birlamchi yo‘llaridan biri hisoblanadi.

 

Ulfat Shonazarov

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali

Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications