Xavotir – Muhammad Yusuf

Qo’rqaman, ertaga men o’lib ketsam,
Yotar bo’lsam qumga botib ko’zlarim,
Ko’nglimni ko’chkiday bosadi bir g’am —
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim…

Eng yaqin do’stlarim g’iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku ne qilsa o’zlari bilar,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim.

Shoir o’lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakdan ko’p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to’kilar to’p-to’p…

Tildan qolsam ko’zda qotib yoshlarim,
Ko’nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim.

Ular yosh.
O’limdan qo’rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig’lasin debon,
Qizlarim ko’zyoshin asray olmadim!

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications