Xizmat tekshiruvini o’tkazish tartibi: qonunchilik talablarining mohiyati va ahamiyati

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida turli sohalarda ishlayotgan xodimlarning huquqlarini himoya qilishga va ularning mehnat majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan bir qancha normalar kiritildi. Ana shunday normalardan biri bu – xizmat tekshiruvini o’tkazish tartibidir.

Xizmat tekshiruvi – bu xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning aybini, qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablarni va shart-sharoitlarni, shuningdek ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo’lgan zararni aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshiruvdir. Demak, xizmat tekshiruvi xodimlarning o’z mehnat majburiyatlarini to’liq va lozim darajada bajarishini ta’minlovchi muhim mexanizmlardan biri hisoblanadi.

Xizmat tekshiruvini o’tkazish uchun ish beruvchi maxsus komissiya tuzadi. Komissiya tarkibi kamida uch nafar a’zodan iborat bo’lib, ulardan biri komissiya raisi etib tayinlanadi. Komissiya tarkibiga ish beruvchining vakili, kasaba uyushmasi vakili (tashkilotda kasaba uyushmasi mavjud bo’lsa) va boshqa mas’ul xodimlar kiritiladi. Shu bilan birga qonunda o’ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o’tkazilayotgan xodim bilan yaqin aloqada bo’lgan, manfaatlar kelishmovchiligi mavjud bo’lgan shaxslarni komissiya tarkibiga kiritishga yo’l qo’yilmasligi belgilangan.

Komissiya xizmat tekshiruvini o’tkazish davomida xodimlar va boshqa shaxslardan ular yuzasidan tushuntirishlar olish, tekshiruv uchun zarur bo’lgan hujjatlar bilan tanishish, inventarizatsiya, taftish yoki audit o’tkazishni talab qilish hamda maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalar bo’yicha mutaxassislarni jalb qilish kabi huquqlarga ega.

O’ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o’tkazilayotgan xodim ham o’z navbatida xizmat tekshiruvining nima sababli o’tkazilayotganini bilish, o’z fikrini bayon etish, dalillar taqdim etish va guvohlarni taklif qilish, xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishish hamda ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga ega bo’ladi.

Xizmat tekshiruvining eng muhim jihati – uning belgilangan muddatlarda yakunlanishi zarurligidir. Qonunga ko’ra, tekshiruv o’n besh ish kunidan oshmasligi kerak. Faqat ayrim holatlarda, obyektiv sabablarga ko’ra bu muddat yana o’n besh ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.

Tekshiruv yakunida komissiya xizmat tekshiruvi natijalari to’g’risidagi dalolatnomani tuzadi. Ushbu dalolatnomada xodimning aybi tasdiqlanishi yoki tasqiqlanmasligi, intizomiy qilmish oqibatida yetkazilgan zarar miqdori va uni undirib olish zaruriyati, shuningdek xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo’llash haqidagi tavsiyalar keltiriladi. Agar tekshiruv chog’ida xodimning sha’niga putur yetkazuvchi ma’lumotlarning asossiz ekanligi aniqlansa, dalolatnomada bu holat ko’rsatiladi.

Shunday qilib, xizmat tekshiruvini o’tkazish tartibi mehnat intizomiga rioya etilishini va ishda suiiste’molliklarni bartaraf etishni ta’minlashning muhim kafolati hisoblanadi. Xizmat tekshiruvi o’tkazishga doir qonunchilik talablari xodimlarning ham, ish beruvchilarning ham manfaatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Ushbu normalar amalga oshirilishi mehnat munosabatlarida qonuniylik va adolat tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications