Xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya talablari oʻzgardi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan:

1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga quyidagi bandlar kiritildi:

• XBA tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarni “labor-migration” axborot tizimida real vaqt rejimida roʻyxatdan oʻtkazish;

• xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida bajarilgan shartnomalarga oid arxiv materiallarini shakllantirish va saqlash;

• XBA toʻgʻrisidagi, shuningdek, uning filiallari va vakolatxonalari haqidagi maʼlumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida litsenziyalovchi organni 7 ish kuni ichida xabardor qilishi.

Bundan tashqari, zaxiraga qoʻyiladigan mablagʻlarning eng kam miqdoriga doir talablar oʻzgartirildi:

ariza beruvchining shakllantirilgan ustav fondi mablagʻlari hisobidan BHMning 8 500 baravari miqdoridagi mablagʻlar (ilgari 50 ming AQSH dollari edi) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi depozit hisobraqamiga zaxiraga kiritiladi.

2. Litsenziya olish uchun arizani koʻrib chiqish tartibiga oʻzgartirish kiritildi, unga muvofiq ariza beruvchi axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali ERIdan foydalangan holda ariza bilan murojaat etishi lozim boʻladi. Barcha ilova qilinadigan hujjatlar, shu jumladan “Yagona milliy mehnat tizimi”ga kiritilgan maʼlumotlar elektron shaklda taqdim etiladi.

3. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish uchun litsenziyalovchi organga quyidagilarni amalga oshirish huquqi berildi:

• XBAning hududlari va binolariga moneliksiz kirish;

• barcha zarur hujjatlar bilan tanishib chiqish;

• mansabdor shaxslardan tekshiruv oʻtkazish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar olish;

• qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun yetarli boʻlgan muddatlarni belgilash;

• tekshiruvlar natijalari asosida xulosa tuzish;

• sudga murojaat qilish yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qilish;

• litsenziya olmay fuqarolar xorijda ishga joylashtirilganligi yoki litsenziya bitimida nazarda tutilmagan xizmatlar koʻrsatilganligi aniqlanganligi toʻgʻrisidagi materiallar va maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications