Skip to main content

Yangi islohotlar – yoshlar kelajagi uchun

Behruz Shamsutdinov
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tashabbuslar va innovatsiyalar markazi boʻlim boshligʻi,
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, AQShning Pensilvaniya davlat universiteti bitiruvchisi

Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida soʻnggi yillarda yoshlarning taʼlim olishi, bandligini taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi yangi qarorlari bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun muhim qadam boʻldi.

Xususan, “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-62-son qarori doirasida 2025-2027-yillarda 350 ming nafar yoshni qamrab olish va kamida 100 mingta yangi ish oʻrinlarini yaratish koʻzda tutilgan. Bu dasturning oʻziga xos jihati shundaki, AT “Aloqabank” yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar koʻrsatish va ularning faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tayanch “yoshlar banki” etib belgilandi.

Dastur doirasida yoshlarga 100 million soʻmgacha imtiyozli mikroqarzlar ajratilishi, yosh tadbirkorlarning startap va innovatsion loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, fan, sanʼat va sport yoʻnalishlarida oʻz qobiliyatini namoyon etgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan. Bu esa yoshlarimizning oʻz biznesini boshlashi va rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur dastur doirasida yoshlar uchun ustuvor sohalar sifatida axborot texnologiyalari, “yashil texnologiyalar”, innovatsion ishlanmalar, qishloq xoʻjaligi va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish sohalari belgilangan. Bundan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan AT “Aloqabank”ga 150 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar milliy valyutada ajratilishi, shuningdek 2025-2026-yillarda jami 50 million AQSh dollarini bank ustav kapitaliga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.

Ayniqsa, eʼtiborli jihati shundaki, yosh tadbirkorlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirishga alohida urgʻu berilmoqda. “Startaplar” loyihasi doirasida 2025-yil yakuniga qadar akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar soni 200 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu yoshlarimizning zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida oʻz salohiyatlarini toʻliq namoyon etishlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Shuningdek, venchur jamgʻarmasi orqali yosh tadbirkorlarning startap loyihalari uchun 10 million AQSh dollari ekvivalentida mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. Bu mablagʻlar orqali iqtidorli yoshlarning istiqbolli startap gʻoyalari qoʻllab-quvvatlanadi, jumladan minimal mahsulot namunasini (MVP) ishlab chiqish uchun 500 million soʻmgacha, Oʻzbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startap loyihaga 1 milliard soʻmgacha va xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan startap loyihalarga 2 milliard soʻmgacha investitsiya mablagʻlari ajratiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilayotgan yana bir muhim yangilik – “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlarining tashkil etilishidir. Bu markazlar tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan yoshlarga nafaqat tayyor ofislarni ijaraga berish, balki buxgalteriya, marketing va eksport bozorlariga chiqish bilan bogʻliq kompleks xizmatlarni koʻrsatish orqali har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydi.

Dastur geografiyasi Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida magistral yoʻllar boʻyi va jamoat joylarida savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, shu jumladan, sayilgohlar, turistik maskanlar, gastronomik va ijod koʻchalaridagi kamida 1 mingta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarni ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Axborot platformasi orqali ish beruvchilarning talabnomalarini kiritish va bitiruvchilarni ishga joylashtirish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish koʻzda tutilgan. Bu esa yoshlarimizning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish topishi va mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam beradi.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan ushbu qarorlar bank sektori va xususiy sektor imkoniyatlarini yoshlar manfaati yoʻlida safarbar etishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, AT “Aloqabank” zimmasiga yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim vazifalar yuklatilgan boʻlib, bank tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilishi belgilangan.

Qarorlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻziga xos jihati shundaki, ular nafaqat markazda, balki barcha hududlarda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga qaratilgan. Hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlarining tashkil etilishi, startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi buning yaqqol isbotidir.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur islohotlar yoshlarni nafaqat moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, balki ularga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni berish, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirishga ham qaratilgan. Bu esa yoshlarimizning zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassis boʻlib yetishishlariga zamin yaratadi. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunday keng koʻlamli islohotlar yoshlarimizning kelajagini taʼminlash, ularning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishlari uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davriga kirishida yoshlarning faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qiladi.

Categories: Ilmiy maqolalar