Yashash joyi boʼyicha vaqtincha roʼyxatga qoʼyish tartibi qanday?

Fuqaroni viloyatda turgan joyi boʼyicha hisobga olish fuqaroni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan besh kundan bir yil muddatga amalga oshiriladi. Doimiy propiskaning yoʼqligi turgan joyi boʼyicha hisobga olishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.

Viloyatlarga besh kundan ortiq boʼlmagan muddatga kelgan fuqarolar hisobga olinmaydi.

Viloyatlardagi mehmonxonalarga, davolash muassasalariga, sanatoriylar, dam olish uylariga va shunga oʼxshash boshqa muassasalarga kelgan fuqarolarni hisobga olish ushbu muassasalarning maʼmuriyati tomonidan, ular kelganlaridan keyin ularning bu yerda boʼlish muddatidan va kelishining davriyligidan qatʼi nazar, shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Viloyatda hisobga turish uchun fuqaro kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda oʼzi vaqtincha turgan joydagi MvaFRBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

belgilangan shakldagi ariza;

pasport;

kontrakt boʼyicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);

tugʼilganlik toʼgʼrisidagi guvohnoma va 35 x 45 mm oʼlchamdagi ikkita rasm — 16 yoshga toʼlmagan shaxslar uchun;

uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish toʼgʼrisidagi arizasi (roziligi);

uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);

belgilangan miqdorda davlat boji toʼlanganligi toʼgʼrisidagi kvitantsiya.

MvaFRB inspektori ariza roʼyxatdan oʼtkazilgandan, shuningdek, taqdim etilgan hujjatlar oʼrganib chiqilgandan va belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin oʼsha kunning oʼzida ariza beruvchiga belgilangan shaklda turgan joyida hisobga olish toʼgʼrisida fuqaroning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatga qayd varagʼi yoki BARE-CODE bilan himoyalangan qayd varagʼini beradi.

Hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼi qatʼiy hisobda turuvchi hujjat hisoblanadi. Hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼi hamda BARE-CODE* bilan himoyalangan qayd varagʼi fuqaroning turgan joyida hisobga olinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi va pasport, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki tugʼilganlik toʼgʼrisidagi guvohnoma (16 yoshga toʼlmagan shaxslar uchun) koʼrsatilgan taqdirda unda koʼrsatilgan muddat mobaynida haqiqiydir.

Hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼi Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasida yagona namuna boʼyicha tayyorlanadi;

Аriza beruvchining pasportiga va turar joyning uy daftariga (propiska kartochkasiga) hisobga olish toʼgʼrisida belgi qoʼyilmaydi.

Viloyatda hisobga qoʼyilgan fuqaro hisobga olish joyida yashashi shart.

Taʼlim muassasalariga oʼqishga kelgan fuqarolarni MvaFRB inspektori tomonidan hisobga olish turar joyi (uy-joy maydoni) boʼyicha amalga oshiriladi.

Oʼqish viloyatdan tashqarida joylashgan boshqa taʼlim muassasasiga koʼchirilgan, fuqaro akademik taʼtil olgan yoki taʼlim muassasasidan oʼqishdan chetlatilgan taqdirda ushbu muassasalar rahbariyati tegishli qaror qabul qilingan kunda bu haqda fuqaroni vaqtincha turgan joyida hisobga olishni rasmiylashtirgan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimini xabardor qiladi.

Taʼlim muassasasi rahbariyatining bildirishnomasi asosida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi hisobga olishni bekor qiladi.

Quyidagilar:

viloyatda hisobga olish joyi boʼyicha turgan vaqtida muntazam ravishda huquqbuzarliklar sodir etilishi;

shaxsning viloyatda bundan buyon boʼlishi jamoat tartibi buzilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning mavjudligi;

hujjatlarda notoʼgʼri maʼlumotlarning mavjudligi hisobga olishni rasmiylashtirish rad etilishi uchun asos hisoblanadi.

Fuqarolarning hisobda turishi rad etilgan taqdirda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi inspektori tomonidan xulosa tuziladi, ushbu xulosa migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi boshligʼi tomonidan tasdiqlanadi, unda rad etishning aniq asoslari koʼrsatilgan boʼlishi kerak.

Hisobda turishni rasmiylashtirish rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin.

Hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼi yoʼqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda fuqaro tegishli MvaFRBga oʼz shaxsini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etgan holda qayd varagʼi yoʼqolishi yoki yaroqsiz holga kelishi holatlarini koʼrsatib, hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼining dublikati rasmiylashtirilishi toʼgʼrisidagi arizani taqdim etadi.

MvaFRB inspektori koʼrsatilgan turgan joyda ushbu fuqaroning hisobga olinishi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar mavjudligini tekshiradi. Ular tasdiqlangan taqdirda ariza beruvchiga oʼsha kunning oʼzida hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼining dublikati rasmiylashtiriladi.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi inspektori ariza beruvchiga hisobga olish toʼgʼrisidagi qayd varagʼi bergandan keyin hisobga qoʼyilgan fuqarolar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni MvaFRBBning kompьyuter maʼlumotlar bazasiga kiritadi.

Viloyatlardagi mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylari va shunga oʼxshash boshqa tashkilotlarning masʼul shaxslari 12 soat mobaynida ushbu tashkilotlarga kelgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Internet tarmogʼi orqali ixtisoslashtirilgan elektron avtomatlashtirilgan dasturga (keyingi oʼrinlarda Dastur deb ataladi) kiritib qoʼyadilar.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlimi fuqarolarni hisobga olish toʼgʼrisidagi maʼlumotlar kompьyuter maʼlumotlar bazasiga kiritilgandan keyin ularni real vaqt rejimida maʼlumotlarni uzatishning idoraviy tarmogʼi boʼyicha Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining (MvaFRBB) markaziy maʼlumotlar bazasiga yuboradi.

Ichki ishlar organi tayanch punktining profilaktika inspektorlari oʼzlari xizmat koʼrsatadigan hududda pasport rejimi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications