Yengil issiqxonalar uchun yer olish tartibi qanday?

Vazirlar Mahkamasining 25.02.2019 yildagi 167-son qarori bilan meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʼorish, tayyorlash va saqlash boʼyicha yengil konstruktsiyali infratuzilma obʼektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi tasdiqlandi.

Eslatib oʼtamiz, tadbirkorlik subyektlari Prezidentning 17.10.2018 dagi PQ–3978-son qaroriga muvofiq oʼzlariga ajratilgan yerlarda ana shunday qurilishni amalga oshirish huquqiga ega boʼlganlar.

Huquqiy asos!

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 167-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʼorish, tayyorlash va saqlash boʼyicha yengil konstruktsiyali infratuzilma obyektlarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi toʼgʼrisida”

Yodda tuting!

Yengil konstruktsiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor boʼlgan tadbirkorlik subʼektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi.

Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalariga boʼlgan huquq bekor boʼlganda yengil konstruktsiyali infratuzilma obʼektlari, shuningdek, yengil konstruktsiyali issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga boʼlgan huquq ham bir vaqtning oʼzida bekor boʼladi.

Yengil konstruktsiyali infratuzilma obyektlari—engil konstruktsiyalardan barpo etilgan, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yer osti inshootlariga (0,5 metrdan koʼp) ega boʼlmagan, buzib olib (bartaraf etib) koʼchirish imkoniyati mavjud meva-sabzavot mahsulotlarini sugʼorish, tayyorlash va saqlash maqsadida, shuningdek, kapital hisoblanmagan ombor sifatida ishlatiladigan bino va inshootlar.

Yengil konstruktsiyali issiqxona — yerning ustki qatlamiga zarar yetkazilmasdan ixcham metall yoki yogʼoch konstruktsiyalardan foydalanib plyonka bilan yopiladigan issiqxona.

Yengil konstruktsiyali obʼektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish boʼyicha ariza berish tartibi:

Tadbirkorlik subʼekti yer uchastkasiga yengil konstruktsiyali obʼektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta aloqasi vositasi orqali tuman (shahar) hokimliklariga beradi (yuboradi). Talabgorlar arizani Oʼzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berishlari mumkin. Bunda berilgan arizalar tuman (shahar) hokimliklariga avtomatik ravishda yuboriladi.

Аrizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • tadbirkorlik subʼekti davlat roʼyxatidan oʼtganligi toʼgʼrisidagi guvohnoma nusxasi;
  • yer uchastkasiga boʼlgan huquqning davlat roʼyxatidan oʼtganligi toʼgʼrisidagi guvohnoma nusxasi.

Diqqat!

Tadbirkorlik subyektidan nazarda tutilmagan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni talab qilishga yoʼl qoʼyilmaydi.

Yengil konstruktsiyali obyektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish boʼyicha berilgan arizani

Koʼrib chiqish tartibi

Tuman (shahar) hokimligi kelib tushgan arizani bir ish kuni mobaynida koʼrib chiqadi va ularda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda ariza hamda tegishli hujjatlarni shu kunning oʼzida ijrochiga yuboradi.

Tuman (shahar) hokimligi ariza va hujjatlarda tegishli kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, tadbirkorlik subʼektiga ariza tushgan kunning ertasidan kechiktirmay kamchiliklarni aniq koʼrsatgan holda asoslangan yozma xabar beradi. Ushbu xabarda ariza va hujjatlardagi kamchiliklar tegishli qonun hujjatlari normalariga asoslangan holda bayon etilib, ularni bartaraf etish va arizani qayta taqdim etish muddatlari koʼrsatiladi.

Аriza koʼrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi tomonidan shu kunning oʼzida ijrochiga yuboriladi

Ijrochi kim va uni vazifasi nima?

Ijrochi —yengil konstruktsiyali obyektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratish materiallarini tayyorlash va kelishish ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va koʼchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)lardagi filiallari.

Ijrochi ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida yengil konstruktsiyali obyektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlaydi va ularni kelishish uchun bir ish kuni mobaynida tuman (shahar) qishloq xoʼjaligi boʼlimiga, tuman (shahar) irrigatsiya boʼlimiga va tegishli hududlar va inshootlardan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarga yuboradi.

Ijrochi tomonidan yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlash davomida:

  • yengil konstruktsiyali obʼektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun joylashadigan yer maydoni aniqlanadi;
  • yer tuzish hujjatlari, yer kadastrlari maʼlumotlari oʼrganiladi;
  • yengil konstruktsiyali obʼektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun, birinchi navbatda, tadbirkorlik subʼektiga ajratilgan yerlardagi qishloq xoʼjaligida foydalanilmaydigan yerlardan beriladi;
  • yer uchastkalarini tanlashda bogʼ va uzumzorlar hamda boshqa daraxtzorlar buzib tashlanishiga yoʼl qoʼymaslik, suv xoʼjaligi obʼektlaridan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishda noqulayliklar yaratmaslik holatlari inobatga olinadi.

Eʼtibor bering!

Аriza beruvchining ariza berishidan tortib to yer uchastkasini berishga doir hujjatlar paketini olishigacha boʼlgan butun jarayon uchun 18 ish kunigacha boʼlgan vaqt sarflanadi. Masalaning yechimi tuman emas, balki viloyat hokimligi vakolatiga kirsa, bu muddat birmuncha koʼpayadi.

Tadbirkorlik subʼektlariga ajratilgan yer uchastkalarida yengil konstruktsiyali obʼektlar, shuningdek, yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yer ajratish boʼyicha materiallarni tayyorlaganlik va kelishganlik uchun ariza beruvchidan Vazirlar Mahkamasining «Kadastr hujjatlarini tayyorlash boʼyicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʼgʼrisida» 2014 yil 10 iyuldagi 186-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda toʼlov undiriladi. Ushbu toʼlov vakolatli organning yengil konstruktsiyali obʼektlar hamda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasini ajratish toʼgʼrisidagi qarori qabul qilingandan soʼng ariza beruvchi tomonidan Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va koʼchmas mulk kadastri davlat korxonasining bankdagi hisob raqamiga oʼtkaziladi.

Yodda tuting!

Yer uchastkalaridan foydalanishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratib berilgan hollardagida ruxsat beriladi. Yer uchastkalaridan qonunda belgilanmagan tarzda foydalanish gʼayriqonuniy ravishda foydalanilgan va egalik qilingan deb topiladi. Bu holat qonunchilikda yer uchastkasini oʼzboshimchalik bilan egallab olish deb baholanadi va aybdorlarga tegishli tartibda javobgarlik belgilanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications