Yer uchastkasini oldi-sotdi qilish mumkinmi?

Ha! Аgar yer uchastkasi sizga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʼlsa.

Yo’q! Yer uchastkasi sizga meros qilib qoldiriladigan umrbod (vaqtincha) foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida tegishli boʼlsa.

Bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasining 2019-yil 13-avgust “Qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-552-son qonuniga muvofiq qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish va qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan boʼsh yer uchastkalarini auksion shaklidagi elektron savdolarida mulka huquqi asosida sotib olish mumkin.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi kerak. Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishga boʼlgan huquqlarini oʼz xohish-irodasi bilan va oʼz manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradi. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga majburlash taqiqlanadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish toʼlov asosida amalga oshiriladi.

Bilasizmi?

Yuridik va jismoniy shaxslarning koʼchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu obyektlarning mulkdorlariga tegishlidir.

Koʼchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu yer uchastkalarida joylashgan koʼchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish bilan birga amalga oshiriladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish obyektlari quyidagilardan iborat:

  • yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʼlgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek ularga tutash boʼlgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur oʼlchamlardagi yer uchastkalari;
  • Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  • boʼsh turgan yer uchastkalari;
  • Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʼarmasiga berilgan yer uchastkalari.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish subyektlari

  • Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari boʼlgan jismoniy shaxslar va Oʼzbekiston Respublikasi rezidentlari boʼlgan yuridik shaxslar

Chet ellik fuqarolar va Oʼzbekiston Respublikasining norezidentlari boʼlgan yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi boʼlmagan shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish subyektlari boʼlmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari:

  1. Doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʼlgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish yoʼli bilan
  2. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish.
Аriza berish va koʼrib chiqish tartibi

Аriza yer uchastkasi joylashgan yerdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Oʼzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Аriza yer uchastkalarini xususiylashtirish masalasini Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʼrib chiqish boʼyicha komissiya tomonidan koʼrib chiqish uchun asos boʼladi.

Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʼrib chiqish boʼyicha komissiya ariza olingan kundan eʼtiboran oʼn ish kuni ichida uni koʼrib chiqadi va Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishga doir maʼmuriy reglamentga muvofiq oʼz ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi.

Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʼrib chiqish boʼyicha komissiyaning xulosasi tuman (shahar) hokimining yer uchastkalarini xususiylashtirish toʼgʼrisidagi yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos boʼladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun quyidagilar asos boʼladi:

  • yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun “Qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʼgʼrisida”gi qonunda nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi;
  • xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan tugallanmagan sud muhokamalarining mavjudligi;
  • xususiylashtiriladigan yer uchastkalarida joylashgan koʼchmas mulk obyektlariga nisbatan taqiqning yoki xatlovning mavjudligi;
  • aholi punktlari tasdiqlangan bosh rejalarining, shuningdek ariza berilguniga qadar qabul qilingan hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita toʼsqinlik qilayotgan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʼyish, infratuzilma obyektlarini qurish toʼgʼrisida vakolatli davlat organlari hujjatlarining mavjudligi;
  • arizada notoʼgʼri, bir-biriga zid boʼlgan yoki buzib koʼrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganligi;
  • xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun toʼlovning belgilangan muddatda amalga oshirilmaganligi yoki toʼliq amalga oshirilmaganligi.
Yodda tuting!

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni boshqa sabablarga koʼra rad etishga yoʼl qoʼyilmaydi.

Boʼsh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish

Boʼsh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining va hududlarning bosh rejalariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadi.

Boʼsh turgan yer uchastkalari Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi bilan kelishilgan holda elektron onlayn-auktsion orqali yuridik va jismoniy shaxslarga mulk qilib sotiladi.

Boʼsh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali investitsiya majburiyatlari bilan sotilishi mumkin.

Boʼsh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʼyicha elektron onlayn-auktsionda ishtirok etish uchun buyurtma:

  • tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun Oʼzbekiston Respublikasi rezidenti boʼlgan yuridik shaxs tomonidan;
  • yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi boʼlgan jismoniy shaxs tomonidan beriladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʼlgan xususiy mulk huquqi

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyektlaridir.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʼlgan xususiy mulk huquqi unga boʼlgan huquq Koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarning va ularga doir bitimlarning davlat reestriga elektron tarzda tegishli yozuv kiritish orqali davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga boʼlgan xususiy mulk huquqi daxlsizdir va u «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat tomonidan himoya qilinadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari quyidagi huquqlarga ega:

  • xususiylashtirilgan yer uchastkasiga yuridik va jismoniy shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda, oʼz xohishiga koʼra va oʼz manfaatlari yoʼlida erkin egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shu jumladan undan garov predmeti sifatida foydalanish, yuridik shaxsning ustav kapitaliga (ustav fondiga) hissa sifatida kiritish, ijaraga berish;
  • xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʼlgan mulk huquqining har qanday buzilishi bartaraf etilishini talab qilish;
  • xususiylashtirilgan yer uchastkasida mustaqil ravishda xoʼjalik yuritish;
  • uy-joy, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy va boshqa imoratlar hamda inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzish.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining majburiyatlari

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari:

  • yer uchastkasidan foydalanishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
  • boshqa yer uchastkalarining mulkdorlariga yetkazilgan zararning oʼrnini belgilangan tartibda qoplashi;
  • yer uchastkalarini olish chogʼida oʼz zimmasiga yuklatilgan investitsiya majburiyatlarini bajarishi shart.
Yer uchastkalariga boʼlgan mulk huquqi vujudga kelishining alohida hollari

Chet ellik fuqarolar va Oʼzbekiston Respublikasining norezidentlari boʼlgan yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi boʼlmagan shaxslar, agar Oʼzbekiston Respublikasining Yer kodeksida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʼlmasa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas.

Yer uchastkalariga boʼlgan huquqni xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega boʼlmagan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga, fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga oʼtkazish maqsadida tuzilgan hujjatlar, bitimlar va amalga oshirilgan boshqa harakatlar haqiqiy emasdir.

Yuridik va jismoniy shaxslar bankrot boʼlganligi, merosni qabul qilib olganligi, yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi yoki tugatilganligi oqibatida va boshqa holatlarda yer uchastkalariga boʼlgan mulk huquqi xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega boʼlmagan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga, fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga oʼtgan taqdirda, olingan yer uchastkalari bunday holat yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran olti oy ichida oʼzga shaxsga oʼtkazilishi lozim.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications