Yerni noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik belgilandi

“Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslariga qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, yerni noqonuniy olib qoʻyish mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (22 mln 300 ming soʻmdan 33 mln 450 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (33 mln 450 ming soʻmdan 44 mln 600 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Jinoyat kodeksiga maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran yerlarni noqonuniy olib qoʻygan mansabdor shaxslarga quyidagi jazo choralarini belgilovchi qoʻshimcha kiritildi:

➖BHMning 200 baravaridan 250 baravarigacha (44 mln 600 ming soʻmdan 55 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima;

➖300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

➖2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Mazkur jinoyat mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa mansabdor shaxs 3 yilgacha, koʻp miqdorda zarar keltirsa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Yerni noqonuniy olib qoʻyish mulkdorga juda koʻp miqdorda zarar yetkazsa yoki koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda sodir etilsa, muayyan huquqdan mahrum etib 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications