Suluvlardan suluv bir qiz sochim silar,
Mening esa ko’zlarimdan yosh tomchilar.
Sevaman deb aldar meni yolg’onchilar,
Yuragimni yo’lbarslarga yediraman.
Bag’ri-dilim kuydiradi yolg’onlari,
Yonlariga chorlar mohi tobonlari.
Bo’lsam agar men bitta qurbonlari,
Yuragimni yo’lbarslarga yediraman.
Ko’hna dunyo, bu qizlaring buncha go’zal,
Qarab tursam, ko’klarda oy-kuncha go’zal.
Qancha go’zal bo’lsa, aldar shuncha go’zal!..
Yuragimni yo’lbarslarga yediraman.
Hozir ko’zim yumamanu yerga yotib,
Yuragimni sug’uraman qon yig’latib.
Yo’lbarschalar yesin uni kasirlatib —
Yuragimni yo’lbarslarga yediraman.
Kimni suysam suyganimdan kuygan dilim,
Ko’z o’ngimda bo’laqolsin tilim-tilim.
Harom bo’lsin muhabbatsiz ko’rgan kunim,
Yuragimni yo’lbarslarga yediraman!..