«Yoshlar daftari» — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
«Yoshlar daftari»ga 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar — muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida, profilaktik hisobda yoki ma’muriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi farzandlari;
- iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar;
- psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj yoshlar (suitsid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);
- ishsiz yoshlar — haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno).
Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlashning aniq miqdori yoshning hayotiy vaziyati murakkabligini inobatga olgan holda BHMning 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lab beriladi.
Bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda tayinlanadi.
Quyidagilarga birinchi navbatda tayinlanadi:
- boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz yoshlarga;
- I va II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
- qaramog‘ida nogiron bola bo‘lgan yosh oila (er-xotinning biri)ga;
- ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
- tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar etgan yoshlarga.
Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni «Yoshlar daftari»dan chiqarishga asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam shaxsga bir kalendar yil davomida bir marotaba beriladi.
«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi bilan tanishing.
«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yosh fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda BHMning 25 baravarigacha qismi qoplab berilishi mumkin.
«Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.
«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berilishi mumkin.
«Yoshlar daftari»dan qanday hollarda chiqariladi?
- bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
- to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
- tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
- turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
- malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda; to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
- aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
- o‘z arizasiga ko‘ra;
- «Yoshlar daftari»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
- boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
- sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
- arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
- arizachi vafot etgan taqdirda.