Yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga egadir

Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? Ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak?” degan savollarga javob beradigan, shunday eʼtiqod bilan yashaydigan vaqt keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev

Boy oʻtmish tarixiga hamda buyuk kelajakka ega boʻlgan Oʻzbekiston oʻzining istiqbolini yoshlar bilan koʻradi. Jonajon yurtimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgach asosiy eʼtiborni davlat va jamiyat rivojiga rahna solayotgan tahdidlardan asrash, aholining isteʼmol talabini qondirish, yangi davlat barpo boʻlganini dunyohamjamiyatiga bildirish maqsadida olib borilishi kerak boʻlgan asosiy ijtimoiy-siyosiy harakatlar bilan bir qatorda yoshlar masalasiga ham eʼtibor berila boshladi. Ushbu fikrlarni amaliy ifodasi sifatida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ramziy maʼnoda yillarga berilgan nom va davlat dasturlari zamirida aholi turmush darajasini sifat nuqtai nazaridan yaxshilash bilan bir qatorda yoshlarga nisbatan ham keng imkoniyatlar yaratib berish chora-tadbirlari koʻrilardi.

Yoshlarga boʻlgan eʼtibor soʻngi besh yilda davlat siyosati darajasiga yetdi. 2016-yil 14 sentabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi 406-son-OʻRQ qabul qilingani Respublika yoshlari hayotida unutilmas va tub burilish yasagan tarixiy voqea sifatida muhrlandi. Ayni shu asnoda, yosh avlod vakillarini iqtisodiy-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqiga oʻzgarishi, mazkur tashkilot negizida berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bilan xarakterlanadi. Yoshlar ittifoqiga boʻlgan davlat va hukumat miqyosidagi koʻmak, eʼtibor natijasida yoshlar ham endilikda davlat tashkilotlari tadbirlariga, oliy darajadagi yigʻilishlarga ishtirok etishi, huquq va erkinliklarini sud oldida himoya qilishi hamda tiklashi masalalarida Yoshlar ittifoqi va Oliy Sud oʻrtasidagi memorandum ham tarixiy nuqtai nazardan hali roʻy bermagan yangiliklar sirasiga kiradi.

Har bir soha oʻziga yaqin doiralarga ega boʻlganidek, yoshlar doirasiga – gender tenglikni ham, taʼlim-tarbiya, sogʻlom muhit, dunyo yoshlari bilan oʻzaro hamkorlik, sport kabi qator soha faoliyatlarini kiritishimiz mumkin. Har bir bunyodkorlik ishlari albatta xalq manfaatlari uchundir. Ayniqsa, madaniyat binolari, sport inshootlari, taʼlim hamda tibbiyot maskanlari. Oʻz oʻrnida mazkur sohalarga bogʻliq kadrlarga ham koʻproq imtiyozlar, imkoniyat joriy etilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Respublikaning ilgʻor yoshlari ishtirokida 2020-yil 25-dekabrda “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida yoshlar forumi oʻtkazildi. Ushbu forum boshqa tadbirlarga nisbatan yuqori pozitiv kayfiyatga hamda kuchli motivatsiyaga boy boʻlgani bilan farqlandi. Ushbu forumda davlat rahbari tomonidan yoshlarga bildirilgan yuksak ishonchi hamda joriy yilni aynan Respublika yoshlari manfaati uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochilishi maqsadida 2021-yilni – “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, mamlakatimizdagi yangi islohotlar va jamiyat oldida yechimini kutib turgan muammolarda bevosita yoshlarning ishtiroki ahamiyatli ekanligidan
dalolat beradi.

Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b. Sodiqjon Xudoyqulov, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi, “CIVILIST” nomli toʻgarak aʼzosi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications