Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 18-bandiga asosan yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:
YPX xodimi tomonidan to‘xtatish asoslarini, qoidalarning qaysi bandi (bandlari)ni buzganligi to‘g‘risida tushuntirish berilishini talab qilish;
transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimidan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini va ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilishini talab qilish;
xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;
YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno);
mazkur Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatga kirishish;
sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini ko‘rsatishni talab qilish;
huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
asossiz to‘xtatib turilmasligini talab qilish;
YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi ko‘zdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
o‘zi to‘xtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi haqidagi dislokasiya ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishish yoki maxsus tadbirlar o‘tkazilayotganligi haqida MADX — ADXdan ma’lumot olish;
huquqbuzarlik to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng YPX xodimining dislokasiyasi saqlanayotgan saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘idan dislokasiya haqida yozma ma’lumot berishni talab qilish;
o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o‘z hisobidan nusxa ko‘chirish yoki ularni fotosuratga olish;
YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;
o‘zi guvohi bo‘lgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy ma’lumotni bayon qilish.
Yo‘l harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.