
Yuridik matnlarda lisoniy mezonlar
Gulyamova Gulnora
Toshkent davlat yuridik universiteti professoriMustaqil mamlakatimiz erishayotgan ulkan yutuq va zafarlar haqida so’z yuritilganda, boshqa muhim sohalar qatori ta’lim-tarbiya borasida amalga oshirayotgan ishlar ham diqqtga sazovordir. Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilingan va ishlab chiqilayotgan har qanday davlat hujjati ilm-ma’rifat rivoji, intellektual taraqqiyot, umumbashariy qadriyatlar asosida har tomonlama yetuk zamonaviy kadr tayyorlashga yo’naltirilgandir. Darhaqiqat, bizga jamiyat talablariga mos, ta’lim sirlarini puxta o’zlashtirgan, o’zini jamiyat, davlat va oila oldida javobgar deya his etadigan yangi avlod vakili – har tomonlama kamol topgan mutaxassislar kerak.
Ilm-fan rivojlanayotgan bugungi kun ta’lim-tarbiya tizimi oldiga yangi-yangi mas’uliyatli vazifalar qo’ymoqda. Jumladan, zamonning o’zi soha mutaxassisidan bilimdon bo’lish bilan bir qatorda, davlat tilini puxta bilish, hozirgi zamon o’zbek adabiy tili me’yorlarini to’liq o’zlashtirishni ham talab etmoqda.
Bu borada yurtimizda diqqatga sazovor ishlar jadal olib borilmoqda. O’zbekiston ta’lim tizimida til o’rganish bo’yicha jiddiy o’zgarish va yangilanishlar sodir bo’lmoqda. Mamlakatimizda til ta’limi o’quv shakllari bo’yicha mashg’ulot turlarini yuksak nazariy, ilmiy-uslubiy va kasbiy darajada amalga oshirish, ta’lim sifatini ta’minlash produktiv ta’limning ustuvor funktsional vazifalaridan hisoblanadi. Chunki millat, jamiyat taraqqiyoti, tarix jarayonlari, eng avval, tilda aks etadi. Unda xalq hayoti, milliy mafkura ifodalanadi, ruyobga chiqadi. Demak, til inson faoliyatini boshqarib turuvchi muhim vosita, demak til xalqning ma’naviy mulkidir.
Tilning taraqqiyoti jamiyat, millatning taraqqiyoti bilan uzviy bog’liq. Milliy til mustaqil davlatning eng muhim ramzlaridan sanaladi. Til jamiyatda muloqot vositasi sifatida muhim ahamiyatga ega. Har qanday mamlakatning til siyosati davlat tili maqomini mustahkamlashni nazarda tutadi, chunki davlat tili maqomi tilning har tomonlama rivojini kafolatlaydi. Har bir mustaqil mamlakat o’zining davlat tiliga ega ekan, u o’z ona tili ravnaqi uchun kurashadi.
Xuddi shu masala – o’zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish, boyitish bizning davlat siyosatimizning ustuvor yo’nalishi hisoblanadi. “Davlat tilining obro’-e’tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro’-e’tiboridir”, deb alohida ta’kidlaydi muhtaram Yurtboshimiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yer yuzida o’zbek tilida so’zlashadiganlar 50 milliondan oshiq ekani, 65ta xorijiy OTMda tilimiz o’rganilishi haqida aytib, o’zbek tilining davlat tili sifatidagi o’rni va nufuzini yanada mustahkamlash vazifasini bajarish lozimligini uqtiradi[1] .
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbuskorligi ostida o’zbek tilining davlat tili sifatida obro’ va mavqeini yanada oshirish bo’yicha tub chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yurtboshimiz tomonidan “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”, “Mamlakatimizda o’zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” kabi farmonlar imzolandi[2]. Mazkur hujjatlar bilan 2020-2030-yillarda o’zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O’zbek tilini rivojlantirish jamg’armasi tashkil etildi, ish yuritish asoslarini davlat tilida o’qitish markazi tashkil etildi.
Jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo’nalishlaridan biri fan va ishlab chiqarishning barcha sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi. Darhaqiqat, bizga jamiyat talablariga mos, bilimlarni puxta o’zlashtirgan, zamon nafasini his etadigan yangi avlod vakili – har tomonlama kamol topgan mutaxassislar kerak. Xuddi shunday, hozirgi zamon yurist mutaxassisi jamiyatda barqarorlik va huquqiy tartibni o’rnatish maqsadida, yurisprudentsiya qonun-qoidalarini puxta o’zlashtirgan, ijtimoiy munosabatlar qonuniyatlari va huquqiy qoidalarni chuqur bilgan, yangilanayotgan jamiyatning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan o’z kasbining yetuk bilimdoni bo’lishi lozim. Shuningdek, zamonaviy yurist yetuk mutaxassis bo’lishi bilan bir qatorda davlat tilini mukammal bilishi ham lozim. Davrning o’zi har qanday malakali komil kadrdan davlat tilini puxta bilishni taqozo etmoqda.
Huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini yaratishning asosiy tamoyillaridan biri bu qonun ustuvorligini ta’minlash va odamlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir. Fuqarolarning qonunlarga qat’iy rioya qilishining asosiy omili uning aniqligi, puxtaligi va ravshanligidir.
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning muhim tamoyillaridan biri bo’lib, u uchun qonunlar tabiatan adolatli va odamlar uchun tushunarli, ya’ni yaratilgan huquqiy hujjatlar tili batafsil, ravon bo’lishi kerak. Shu bois, til va huquq bir-biri bilan chambarchas bog’liq tushunchalar hisoblanadi. Til – bilimlarni yetkazish va shakllantirish, insonni rivojlantirish va tarbiyalash vositasidir. Huquq esa jamiyat hayotini tartibga soluvchi, bevosita nazorat qiluvchi vosita. Shunday ekan, har qanday hujjat sifati nafaqat ularni ishlab chiqaruvchilarning yuqori malakasiga, balki ularning kommunikativ va adabiy savodxonligiga ham bevosita bog’liq.
Mustaqillik tufayli ona tilimizda yangidan-yangi qonuniy akt, hujjatlarning qabul qilinishi, sodir bo’layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar o’zbek adabiy tilining tarkibiy qismi hisoblangan yuridik til shakllanishi uchun qulay sharoit yaratib berdi.
Tilning lug’at tarkibini puxta o’rganib, tadqiq etish tilshunoslikning muhim masalasi hisoblanadi. Hozirgi hayotimizni yuridik til leksikasisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Chunki ular hayotimizning barcha tarmoqlarida unumli qo’llaniladi. Afsuski, mazkur sohaga XX asrning 90-yillarigacha e’tibor berilmadi, o’zbek yuridik tili soha tili sifatida rivojlanmadi. Chunki qonunlarimiz mustaqil qabul qilinmas va yaratilmas edi. Inson huquqlari esa umuman o’rganilmagan, yuridik tilning ilmiy jihatlari ishlab chiqilmadi.
Demak, huquq tili, qonunchilik uslubi, yuridik terminologiya muammolarini hal etish kabi masalalar bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.Chunki mamlakatimiz ravnaq topishida, demokratik huquqiy davlat qurishda huquq va tilning o’zaro aloqadorligi, ular o’rtasidagi munosabat muhim
ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat hayotining huquq aralashmagan bironta bir sohasi yo’q. Shunday ekan, davlat hujjatlari va qonunlarini yaratishda, eng avvalo, adabiy til me’yorlariga, yozma yuridik til talablariga, yuridik tilning so’z boyligiga qat’iy rioya qilish zarur, aks holda hujjat qiymati yo’qoladi. Yozma yuridik nutqning muhim ko’nikmalaridan biri bu – yozma huquqiy nutqni grammatik jihatdan to’g’ri tuzish, termin, atama va so’zlarning muqobilini tanlashdir.
To’g’ri, yurisprudentsiya sohasida qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, qonun tili, yuridik texnika, huquqiy terminologiya bo’yicha diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin shunga qaramay, yurisprudentsiya tilida hali o’zining to’liq yechimini topa olmagan qator muammolar mavjud.
Mustaqilligimizdan keyin respublikamizda qabul qilingan qonunlar, yo’riqnomalar bir me’yorga keltirildi, tartibga solindi, normalashtirilgan yuridik terminlar muloqotga kirdi. Bu, albatta ijobiy holat. Biroq hanugacha yuridik terminlar borasida e’tirozga sabab bo’layotgan jihatlar ham yo’q emas. Ayrim huquq manbalarida terminlar uchun salbiy hodisa hisoblangan sinonimiyadan unumli foydalanilyaptiki, natijada matnda fikr chalkashligiga yo’l qo’yilmoqda. Vaholanki, yuridik termin birligi qoidasiga, ayniqsa, bir me’yoriy hujjatlar doirasida og’ishmay amal qilinmog’i lozim, aks holda qonunchilik texnikasi buziladi, qonun mohiyati aniq tushunilmaydi. Shu o’rinda dalillarga murojaat qilamiz: shartli hukm qilish – shartli jazo belgilash; shartli ozod qilish – shartli ravishda ozod qilish; elchi – vakil – konsul; mehnatga qobiliyatsizlik – mehnatga yaroqsizlik – mehnatga layoqatsizlik kabilar fikrimizning dalilidir.
Shuningdek, ilmiy jihatdan asosli andozalangan xalqaro siyosiy-huquqiy terminlarni tilimizda shakllantirishda milliy xususiyatlarimizning o’ziga xos jihatlarini ham hisobga olish zarur. Hozirgi kunda agreman – rozilik, zapas – zahira, povestka – chaqiruv qog’ozi, kapital – sarmoya shaklida ishlatilyapti. Mazkur o’girishlar maqsadga muvofiq bo’lib, bunda tilimizning milliy jihat va imkoniyatlari e’tiborga olingan. Bu ijobiy hol, albatta. Ammo ayrim terminlar terminologiyaning talabiga javob bermayapti, ular noo’rin qo’llanib kelinmoqda. Masalan: forum – anjuman; konferentsiya – anjuman; kongress – anjuman, simpozium – anjuman, seminar – anjuman kabi. Forum — mintaqaviy yoki global muammolarni aniqlash va muhokama qilish uchun o’tkaziladigan tadbir.
Konferentsiya – davlatlar, partiya, ijtimoiy, ilmiy va sh.k. tashkilotlar vakillarining biror masalani muhokama qilish, hal etish uchun chaqirilgan majlisi, kengashi. Konferentsiyada ishtirokchilar uchun tavsiyalar berilib, so’ngida qaror qabul qilinadi. Kongress – muhim siyosiy, ilmiy va boshqa masalalar yuzasidan o’tkaziladigan xalqaro s’ezd, kengash, u xalqaro tushuncha hisoblanadi. Simpozium – yig’ilish, muayyan bir ilmiy mavzu doirasida (odatda turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar ishtirokida) o’tkaziladigan tadbir. Shu bois sempozium ham ko’pincha xalqaro darajada tashkil etiladi. Seminar – aniq masala muhokamasiga bag’ishlangan ilmiy, o’quv, o’quv-uslubiy, ma’rifiy-tarbiyaviy va shu kabi mashg’ulotlarning bir turi. Seminar muayyan shaxs boshchiligida o’tkaziladi.
Demak, mazkur tushunchalar o’rtasida farq bor. Ma’lumki, jamiyat rivojlanar ekan, tabiiy, yangi tushuncha, so’zlar paydo bo’ladi. Tabiiy bu jarayonda tillarning o’zaro ta’siri va aralashuvi katta ahamiyatga ega. Chunki ana shu jihat ham milliy lug’at tarkibining boyishiga sabab bo’ladi, yangi til birliklari yaralishiga sharoit yaratadi. Demak bu holat har bir millat tili leksikasida o’zlashgan so’zlar qatlamini hosil qiladi. Ushbu qatlam mavjudligi xorijiy so’zni o’z holicha qabul qilish yoki tarjima qilish evaziga bo’ladi.
Tarjimachilik so’z yoki so’z birikmasining original tushunchasini yuzaga chiqaruvchi omil hisoblanadi. Chunki o’zlashayotgan leksika yoki so’z birikmasining aniq tushunilishi ma’no chalkashligiga yo’l qo’ymaydi, jumlalarni to’g’ri tuzish uchun imkon yaratadi.
Tilshunoslikning talabiga ko’ra, biror bir tilga boshqa tildan so’z yoki so’z birikmasi o’zlashtirilsa, bunda o’sha so’z yoki fikrning originaldagi ma’nosi diqqat – e’tiborda bo’lmog’i shart, aksa holda so’z mavqeiga putur yetadi. Afsuski, tarjimachilik sohasida na faqat yuridik tilda, balki boshqa soha tillarida ham bir qator kamchilik va nuqsonlar mavjud: seyf – yonmas sandiq; jurnal – jarida; ofitsiant – girgitton; massaj – uqalash; veteran – kayvoniy; pensiya – nafaqa; arxiv – hujjatxona; ekspertiza – tahqiq, muoyana kabi tarjimalar shular jumlasidandir.
Hozirgi kunning eng dolzarb, hal qilinishi lozim bo’lgan masalalaridan biri bu – huquq terminologiyasini tartibga solish, aniq tushunchalarni to’g’ri ifodalovchi ko’plab terminlarni ona tilimiz imkoniyatlari doirasida yaratishdir.
Hayotning o’zi nutq madaniyati muammosini ham kun tartibiga qo’ymoqda, chunki nutq madaniyatisiz jamiyatining ma’naviy-ma’rifiy qiyofasini tasavvur qilib bo’lmaydi. Haqiqiy san’at sifatida keng ma’noda yuristning nutq madaniyati, buyuk Aflotunning fikriga ko’ra, “his-tuyg’ular va ehtiroslarni tartibli holatga keltiradigan, shu bilan birga, eng yuqori adolatni o’zida mujassam etadigan ijodiy faoliyatdir”.
[1] Sh. Mirziyoev. O’zbek tili bayrami munosabati bilan tabrik. 2020-yil, 21-oktyabr.
[2] Sh. Mirziyoev. O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida. T.: 2019-yil, 21-oktyabr. PF-5850. Sh.Mirziyoev. Mamlakatimizda o’zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida. T.: 2020-yil, 20-oktyabr, PF-6084.