
YURISTNING POLEMIK MAHORATI:UNI EGALLASH UCHUN NIMALARGA E’TIBOR QARATISH ZARUR?
O‘z kasbining chin ustasi bo‘lgan yurist ko‘plab muammolarga faqatgina ochiq va oshkora fikr almashish yo‘li bilan yechim topishi mumkin. Hayotiy muhim masalalarni to‘g‘ri va samarali muhokama qilishni, o‘z nuqtayi nazarini isbotlay olishni va unga ishontira olishni hamda unda qat’iy tura olishni va qarshi tomonning fikrlarini inkor eta olishni bilish, ya’ni, munozaraga kirisha olish mahoratiga ega bo‘lish har bir yuristda mavjud bo‘lishi kerak bo‘lgan sifatlaridan biridir. “Munozaraga kirisha olish mahorati” tushunchasi tarkibiga bahs mavzusini bilish, ommaviy bahs mohiyatini va uning turlarini tushunish, bahslashish madaniyatining asosiy talablariga amal qilish, ilgari surilgan holatni isbotlay olish va qarshi tomonning fikrlarini rad eta olish, munozara usullaridan foydalanish, qarshi tomonning dalillariga qarshi tura olish kabi sifatlarga ega bo‘lish kiradi.
Bahs o‘zi nima, uning mohiyati nimada va biz qanday bahs turlariga duch kelishimiz mumkin? Buning uchun “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga murojaat qilamiz. Unda bahs so‘zining barcha ma’nolari va ma’noviy farqlari keltirilgan: Bahs (arabcha so‘zdan kelib chiqqan muhokama, tadqiqot, mubohaza)
- Biror narsa, holat yoki masalani yoqlash maqsadida o‘tadigan munozara, tortishuv.
- Ilmiy yoki diniy adabiyotda biror masala, muammoga bag‘ishlangan qism, bo‘lim.
Musobaqa, bellashuv. E’tibor bering bahs so‘zining o‘zi umuman olganda, qarama-qarshiliklar, yagona fikrning yo‘qligi, qarshilik ko‘rsatish degan ma’nolarni anglatyapti. Zamonaviy ilmiy metodik adabiyotda bahs so‘zi qarama-qarshi fikrlarni almashish uchun xizmat qiladi. Biroq ushbu tushunchaning yagona ta’rifi yo‘q. Bizningcha, bahs so‘zi ostida har qanday fikrlar to‘qnashuvi, qandaydir masala bo‘yicha qarashlarning xilma-xilligi, har bir tomon o‘zining haqligini isbotlashda kelib chiqadigan kurash tushuniladi. O‘zbek tilida mazkur hodisani anglatish uchun boshqa so‘zlardan ham foydalaniladi, masalan, muzokara, munozara, tortishuv, mubohasa, debat va shu kabilar. Ko‘pincha ular bahs so‘zining sinonimlari sifatida ishlatiladi. Buni o‘zbek tilining izohli lug‘atidan va sinonimlar lug‘atidan ko‘rish mumkin. Ilmiy tadqiqotlarda publitsistik va badiiy asarlarda bu so‘zlar ko‘pincha bahsning alohida turlari nomlanishi bo‘lib ham xizmat qiladi. Masalan, munozara (arabcha so‘zdan olingan bo‘lib tortishuv bahs; nazorat maʼnolarini anglatadi) deb bahsli masalaning to‘g‘ri yechimini topish uchun turli xil fikrlarni solishtirish, turli xil qarashlar orasidan to‘g‘risini izlash va topishga qaratilgan ommaviy bahsga aytiladi. Munozara ishontirishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi, chunki uning ishtirokchilari muayyan xulosaga o‘zlari kelishadi. Mubohasa so‘zi ham arab tilidan olingan bo‘lib, munozara, muhokama, bahs, muzokara maʼnolarini anglatadi. Hozirgi kunda bu so‘zdan juda kam foydalaniladi. Tortishuv so‘zi esa biroz boshqacharoq xarakterga ega, tortishuv bu shunchaki bahs emas, balki ikki tomonning o‘zaro ziddiyatga kelishi, qarama-qarshi bo‘lishi va o‘zaro ikki tomonning, g‘oyalarning yoki gaplarning bir-biriga qarshi bo‘lishidir. Umuman olganda tortishuv deb muayyan masala bo‘yicha qarama-qarshi fikrlarning kurashi bir tomonning o‘z qarashlarini himoya qilish, unda qat’iy turish va qarshi tomonning fikrlarini inkor etish maqsadida bahsga kirishishidir. Tortishuv muayyan ma’noda munozara va mubohasadan o‘zining maqsadli yo‘nalishi bo‘yicha farqlanadi. Munozara va mubohasa ishtirokchilari qarama-qarshi fikrlarni o‘rtaga qo‘yish bilan yagona fikrga kelish uchun harakat qilishadi, umumiy yechim topishga va haqiqatni qaror toptirishga urinishadi. Tortishuvning maqsadi esa boshqacha: qarshi tomon ustidan g‘alaba qozonish, o‘z qarashida qat’iy turish va uni tasdig‘ini topdirish, biroq shunga ham e’tibor berish kerakki, asl tortishuvlar shunchaki g‘alaba qozonishlar uchun olib borilmaydi. O‘zlarining yondashuvlariga tayangan holda polemistlar, ya’ni ushbu tortishuvga kirishgan qarama-qarshi tomonlar ijtimoiy muhim masalalarni hal qilishadi, ularning chiqishlari jamiyatning samarali rivojlanishiga xalaqit berayotgan barcha narsaga qarshi yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Debat so‘zi esa fransuzchadan olingan bo‘lib, bahs, muzokara degan ma’noni anglatadi. Muzokara deyilganda, qandaydir masalani muhokama qilish, qandaydir masala bo‘yicha ommaviy bahsga kirishish tushuniladi. Debatning o‘zi esa qandaydir masalalar bo‘yicha fikr almashish, muhokama qilish tushuniladi. Debat, muzokara so‘zlaridan odatda ma’ruzalarni, xabarlarni, yig‘ilishlardagi chiqishlarni muhokama qilishda, majlislar, konferensiyalar va shu kabilarda masalalarni muhokama qilishda yuzaga keladigan bahslarni nomlashda foydalaniladi.
Bahslarning har xil turlari mavjud. Ilmiy va metodik adabiyotlarda ularni tizimlashtirishga urinishadi. Asos sifatida turli xil belgilar olinadi, biroq hozirgi kungacha bahslarning yakuniy tasnifi yaratilmagan. Bahsning xarakteriga va uning xususiyatlariga ta’sir etuvchi asosiy faktorlarga quyidagilar kiradi: bahsning maqsadi, ishtirokchilarning soni, bahsni o‘tkazish shakli. Mazkur omillardan kelib chiqib bahsning qanday turlarini ajratish mumkinligini tahlil qilamiz.
Ma’lumki, odamlar bahsga kirishayotib birgina maqsadni ko‘zlashmaydi, ularga turli xil omillar ta’sir ko‘rsatadi. Maqsadi bo‘yicha bahslar quyidagi turlarga bo‘linadi: haqiqat uchun bahs, kimnidir ishontirish uchun bahs, g‘alaba qozonish uchun bahs, bahs uchun bahs. Bahsning muvafaqqiyati uning tuzilish xususiyati, muammolarni yechishdagi samaralilik, muayyan darajada polemistlar tarkibiga bog‘liq bo‘ladi. Ularning madaniyat darajasi, bilimi, zakovati, hayot tajribasi, bahslashish ko‘nikmalariga va bilimlariga ega bo‘lishi, ommaviy bahs qoidalarini bilishi muhim ahamiyatga ega.
Dildora Raxmonova
Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD