Zargarlarga qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, sohada ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, buning asosida yangi ish oʻrinlarini yaratish va yosh mutaxassislarni tayyorlash hisobiga kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining 2023-yil 1-martga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida yoki kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibini joriy qilish boʻyicha takliflari maʼqullanadi.

Belgilanishicha,

qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish boʻyicha davlat buyurtmasi doirasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallar keyinchalik xom ashyo koʻrinishida qayta sotish huquqisiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida yoki tovar-xom ashyo birjasi orqali narxning 15 foizlik avans toʻlovini amalga oshirgan holda 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan sotiladi;

zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib olish uchun “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga qimmatbaho metallarga boʻlgan ehtiyojini koʻrsatgan holda murojaat qiladi;

zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan olingan qimmatbaho metallar uchun toʻlovni kafolatlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan kelishilgan holda “Oʻzmilliybank” AJ kafolatini taqdim etadi;

“Oʻzmilliybank” AJ tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan sotilgan qimmatbaho metallar uchun bank kafolatini shartnoma summasining 85 foizigacha (85 foizi ham kiradi) miqdorda yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications