Zebi, Zebi… – Muhammad Yusuf

Suzilma oy osmonda,
Sendan to’lin yuzlar bor.
Surxon degan tomonda
Oydan oydin qizlar bor.

Zebi deyman, Zebona,
Ishqingda men devona,
Bolalikda do’st qizlar,
Bo’yga yetgach — begona!..

Chog’im yetmas chog’lasam,
Oftob erir taftidan.
Kechagina xohlasam,
Suv ichardim kaftidan.

Zebi derdim, Zebona,
Ishqingda men devona.
Bolalikda do’st qizlar,
Bo’yga yetgach begona…

Na u menga elandi,
Na men unga qayrildim.
Do’stim unga uylandi,
Do’stimdan ham ayrildim.

Zebi dedim, Zebona,
Sevganim sen yagona.
Bolalikda sog’ qizlar
Bo’yga yetgach — devona!..

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications