Aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish mumkinmi?
Garov shartnomasi qarzdor va undiruvchi oʼrtasida aliment toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash va aliment majburiyatlari ikki oydan ortiq muddat davomida bajarilmagan taqdirda undiruvchiga undiruvni garov predmetiga qaratish huquqini berish uchun tuziladi.
Garov shartnomasida qarzdorning (garovga qoʼyuvchining) amalga oshirgan aliment toʼlovlari boʼyicha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda har oyda davlat ijrochisini xabardor qilish majburiyati koʼrsatilishi shart.
Yodda tuting! Garov shartnomasi tuzishga qarzdorning aliment toʼlovlaridan qarzdorligi mavjud boʼlmaganda amalga oshiriladi.
Аliment toʼlovlarini ixtiyoriy ravishda toʼlayotgan shaxslar aliment toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov shartnomasini tuzishga haqlimi?
Davlat ijrochilari ish yurituvida boʼlmagan ijro hujjatlari boʼyicha aliment toʼlovlarini ixtiyoriy ravishda toʼlayotgan jismoniy shaxslar muayyan davr uchun aliment oluvchi bilan kelishilgan holda aliment toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov shartnomasini tuzishga haqli.
Aliment toʼlovlarini ixtiyoriy ravishda toʼlayotgan shaxslar aliment toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov shartnomasini tuzishga haqlimi?
Davlat ijrochisi ish yurituvida boʼlgan ijro hujjatlari boʼyicha alimentlarni oldindan toʼlash yoki aliment toʼlash majburiyatini taʼminlashda garov taqdim etish uchun qarorlarni ijro etish usuli va tartibini oʼzgartirish fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
Yodda tuting! Аliment toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov shartnomasining tuzilishi alimentlarni toʼlamaganlik uchun qonun bilan belgilangan maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Аlimentlarni toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash tartibi qanday?
Аlimentlarni toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash yoʼli bilan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʼzgartirish toʼgʼrisidagi ariza qarzdor tomonidan ijro hujjatini bergan sudga taqdim qilinadi.
Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʼzgartirish toʼgʼrisidagi arizada qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun toʼsqinlik qiladigan obʼektiv holatlarni koʼrsatadi (boshqa mamlakatga tashrif buyurish toʼgʼrisida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi toʼgʼrisidagi buyruq va h.k.).
Аrizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- garov shartnomasi;
- Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan aliment toʼlovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi toʼgʼrisidagi maʼlumotnoma;
- aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarishi uchun toʼsqinlik qiladigan obʼektiv holatlar (ketishini kechiktirib boʼlmaydigan) ni tasdiqlovchi hujjatlar.
Yodda tuting! Аgar aliment undiruvi notarial tasdiqlangan kelishuv boʼyicha amalga oshirilgan boʼlsa, ariza ijro ishi yuritishni amalga oshirayotgan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʼlimi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari boʼyicha tuman (shahar) sudiga beriladi.
Аlimentlarni toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash shartnomasiga qanday talablar qoʼyilgan?
Аliment toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash toʼgʼrisidagi garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanadi. Garov huquqi shartnoma notarial tasdiqlangan paytdan boshlab, majburiy roʼyxatdan oʼtkazilishi lozim boʼlsa — roʼyxatdan oʼtgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Аgar garov predmeti qonun boʼyicha yoki shartnomaga muvofiq garovga qoʼyuvchida saqlanishi lozim boʼlsa, garov huquqi garov predmeti topshirilgan paytda vujudga keladi, agar topshirish shartnoma tuzishdan oldin amalga oshirilgan boʼlsa — notarial tasdiqlangan (roʼyxatdan oʼtkazilgan) paytdan boshlab vujudga keladi.
Garov predmeti qiymati taraflar kelishuviga binoan aniqlanadi. Taraflar kelishuviga asosan garov predmeti qiymatini baholash tegishli baholash tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Yodda tuting! Аliment toʼlash majburiyatini taʼminlash uchun garovga qoʼyilgan mol-mulkning, qayta garovga qoʼyilishiga yoʼl qoʼyilmaydi, mazkur masala garov shartnomasida aks ettiriladi.
Аliment toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlashda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam boʼlmasligi lozim.
Аliment toʼlovlaridan qarzdorlik mavjud emasligi toʼgʼrisidagi maʼlumotnoma qanday olinadi?
Аliment toʼlovlaridan qarzdorlik mavjud emasligi toʼgʼrisidagi maʼlumotnomani olish uchun qarzdor ijro ishi yuritishni amalga oshirayotgan Byuroning tuman (shahar) boʼlimiga ariza bilan (shu jumladan, elektron pochta orqali) murojaat qiladi.
Аrizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- avvalgi davrlar uchun toʼlangan (ushlab qolingan) aliment miqdorlari;
- oylik ish haqi va boshqa daromadlar;
- chet elda olingan daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Yodda tuting! Qarzdorlik mavjud emasligi toʼgʼrisidagi maʼlumotnoma va davlat ijrochisining oldindan toʼlash belgilangan alimentlar miqdorini hisoblash toʼgʼrisidagi qarorini berish toʼgʼrisidagi ariza yetti ish kuni davomida koʼrib chiqiladi. Hujjatlarni qoʼshimcha oʼrganish talab etilganda ariza oʼn besh ish kuni ichida koʼrib chiqilishi mumkin.
Аliment boʼyicha garov shartnomasi tuzilgandan keyin qanday harakatlarni amalga oshirish zarur?
Qarzdor tomonidan ketma-ket ikki oy davomida aliment toʼlovlari toʼlanmagan taqdirda, davlat ijrochisi undiruvni garov predmetiga qaratish choralarini koʼradi. Garov predmetini sotuvga chiqarishning boshlangʼich bahosi ijro hujjati ijro usuli va tartibini oʼzgartirish toʼgʼrisidagi sudning ajrimida koʼrsatilgan qiymat bilan belgilanadi.
Undiruvni garov predmetiga qaratish natijasida kelib tushgan mablagʼlar, MIBning tegishli tuman (shahar) boʼlimi depozit hisobraqamiga oʼtkaziladi, mazkur mablagʼ hisobidan oyma-oy aliment toʼlovlari amalga oshiriladi.
Garov predmeti sotilmaganda va garovga oluvchi qarz hisobiga garov predmetini oʼziga olishni rad etganda garov shartnomasi tugatiladi. Bunda davlat ijrochisi aliment boʼyicha qarzdorlikni qarzdorga tegishli boshqa mol-mulki hisobidan undirish choralarini koʼradi.
Esda tuting! Аliment toʼlovlarini toʼliq toʼlamaslik ham toʼlanmagan aliment hisoblanadi.
Garov predmeti mablagʼi hisobidan farzandlar voyaga yetguniga qadar toʼlangan aliment toʼlovlaridan ortgan qismi qarzdorga qaytariladi.
Eslatma. Garov predmeti bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam boʼlmagan mol-mulk boʼlishi lozim.