Fuqaroni sud tartibida vafot etgan deb e’lon qilish nima? Uning huquqiy oqibatlari-chi?
Yanvar 19, 2023 kuni chop etildi, muallif:
Fuqaroning qayerda turgani haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning (ota-onalari, eri (xotini), farzandlari (farzandlikka olingan bolalari), kreditorlari) arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi. O‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning o‘lgan kuni deb topishi mumkin.
Sud tartibida er-xotindan birining vafot etgan deb e’lon qilinishi ham huquqiy oqibati bo‘yicha o‘limga tenglashtiriladi. Shuning uchun vafot etgan deb e’lon etilgan shaxs bilan uning eri yoki xotini o‘rtasidagi nikoh ham tugallanadi.
Er-xotindan biri vafot etgan yoki sud tartibida vafot etgan deb e’lon qilingan hollarda ular o‘rtasidagi nikoh huquqiy munosabati tugallanadi. Bunday holda tirik bo‘lgan tomon yangi nikohga kirish huquqiga ega. Fuqaroni qonunda belgilangan tartibda vafot etgan deb e’lon qilish uni vafot etgan, degan ehtimolga asoslanadi. Ba’zi hollarda bu fuqaro tirik bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.
Asos: Fuqarolik kodeksi 36-modda; Oila kodeksi, 48-modda.