Kripto daromadlar qanchalik xavfli?
So‘nggi yillarda dunyo moliya tizimida tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. An’anaviy bank tizimi bilan bir qatorda markazlashmagan moliyaviy vositalar — kriptoaktivlar, tokenlar, DeFi platformalari keng tarqalmoqda. Internet orqali daromad topish, kripto savdosi, steyking, mayning yoki token sotuvi orqali foyda olish haqidagi reklama va takliflar ko‘payib bormoqda. Biroq asosiy savol shundan iborat: kripto daromadlar qanchalik huquqiy va ular qay darajada xavfli?
Huquqiy nuqtai nazardan kripto-aktivlar O‘zbekistonda qonuniy maqomga ega, biroq ularning muomalasi qat’iy tartibga solinadi. Faqat litsenziyaga ega kripto-birjalar va ruxsat etilgan platformalar orqali operatsiyalarni amalga oshirish mumkin. Bu yondashuvning asosiy maqsadi — moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, noqonuniy operatsiyalarni cheklash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdir.
Shu o‘rinda muhim jihat shuki, kripto daromad olishning o‘zi noqonuniy emas. Biroq u qanday yo‘l bilan olingani va qaysi platforma orqali amalga oshirilgani huquqiy ahamiyat kasb etadi. Agar operatsiya nazorat qilinmaydigan yoki noqonuniy platforma orqali amalga oshirilsa, u holda bu daromad huquqiy xavf ostida qoladi.
Nima uchun P2P operatsiyalar xavfli deb baholanmoqda? Ushbu tranzaksiyalarning asosiy muammosi bu anonimlik va nazoratning murakkabligidir. Markazlashgan birjada har bir operatsiya qayd etiladi, identifikatsiya tizimi mavjud bo‘ladi. P2P esa bevosita ikki shaxs o‘rtasida amalga oshiriladi. Kim kimga va nima maqsadda kripto yuborayotgani ko‘pincha aniqlanmaydi.
Bu quyidagi omillar bilan bog‘liq:
Birinchidan, yuqori volatillik. Kripto bozori keskin o‘zgaruvchan. Bugun olingan daromad ertaga yo‘qolishi mumkin. Bitcoin yoki boshqa tokenlar narxi bir necha soat ichida sezilarli darajada pasayishi ehtimoli mavjud. Bu esa investitsiya xavfini oshiradi.
Ikkinchidan, huquqiy noaniqlik. Ko‘plab DeFi platformalar markazlashmagan bo‘lib, ularning yuridik manzili yoki javobgar subyekti mavjud emas. Agar foydalanuvchi mablag‘ini yo‘qotsa, kimga murojaat qilish masalasi ochiq qoladi. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston fuqarolari uchun murakkab vaziyat tug‘dirishi mumkin.
Uchinchidan, firibgarlik va piramida sxemalari. “Tez boyish” va’dalari bilan ishlaydigan ko‘plab soxta tokenlar va loyihalar mavjud. Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kripto bozorida firibgarlik operatsiyalari milliardlab dollar zarar yetkazgan. O‘zbekistonda ham noqonuniy investitsiya loyihalari bilan bog‘liq jinoyat ishlari qayd etilgan.
To‘rtinchidan, pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish xavfi. Anonim tranzaksiyalar jinoyat faoliyatidan olingan mablag‘larni legallashtirish uchun qulay vosita bo‘lishi mumkin. Shu sababli davlat organlari bu sohada qat’iy nazorat o‘rnatishga intilmoqda.
Beshinchidan, soliq va deklaratsiya masalalari. Kripto daromadni qanday hisobga olish, qanday soliqqa tortish masalasi ko‘plab davlatlarda hamon bahsli.
Agar markazlashgan kripto-birjalarning o‘zi xavfli bo‘lsa, DeFi (markazlashmagan moliya tizimlari) tizimi bundan ham murakkabdir. DeFi platformalarda kreditlash, likvidlik havzalari, steyking kabi operatsiyalar avtomatlashtirilgan smart-kontraktlar asosida ishlaydi. Agar smart-kontraktda xato bo‘lsa yoki xakerlik hujumi yuz bersa, mablag‘ni qaytarish deyarli imkonsiz bo‘lishi mumkin.
Ushbu sohada davlatning asosiy vazifasi bir tomondan innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdir. O‘zbekiston kripto sohasini to‘liq taqiqlamagan, aksincha, litsenziyalash va nazorat mexanizmini tanlagan.
Kelgusida “tartibga solish qumdoni” modeli, ya’ni nazorat ostida tajriba hududlari tashkil etilishi, kripto daromadlarni deklaratsiya qilishning soddalashtirilgan mexanizmi ishlab chiqilishi mumkin. Bu esa noqonuniy operatsiyalarni kamaytiradi va fuqarolarga huquqiy aniqlik beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 03.07.2018-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-3832-son qaroriga muvofiq, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartibini belgilaydi. Demak, ushbu xizmatni faqat litsenziyaga ega xizmat provayderlari ko‘rsatishi mumkin va bu orqali topilgan daromadlar 2029-yil 1-yanvarga qadar yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq operatsiyalari, jumladan, norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmasligi ushbu qarorda ko‘rsatib o‘tilgan. Tegishli tartibda litzensiya olmagan provayderlar yordamida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish (2788-modda) deganda aynan shu ya’ni “qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun” javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Kripto daromad o‘zi mutlaqo noqonuniy emas. Biroq, u yuqori riskli va nazorat talab qiladigan soha hisoblanadi. Xavf narx o‘zgaruvchanligi, firibgarlik, anonimlik, huquqiy noaniqlik va xalqaro moliyaviy xavfsizlik tahdidlari bilan bog‘liq. P2P operatsiyalariga nisbatan cheklovlar ham aynan shu xavflarni kamaytirish maqsadida qo‘llanilmoqda.
M.Yoqubjonov
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi