“Bul kitob jism-u fig‘onimdir mening,
Bu kalom jon-jahonimdir mening”.
Ushbu jumlalardan ham qaysi asar haqida fikr yuritmoqchi ekanligimizni sezgan bo‘lsangiz kerak. Albatta bu, asarni o‘qigan insonda Sobitjon, Jo‘lamon singari insonlarga nafrat, Edigey, Nayman Ona kabi qahramonlarga achinish tuyg‘ularini yuzaga keltiruvchi, barchaga sevimli bo‘lgan “Asrga tatigulik kun” asari uchun bitilgan epigraf edi.
“Asrga tatigulik kun”…
Bu nomni eshitgan ko‘pchilik insonlarning ko‘z oldida, birinchi navbatga, Nayman ona obrazi va uning ayanchli taqdiri gavdalanadi. Ammo asar qahramonlari Edigey Bo‘ron, Abutolib, Zarifa singari insonlarning taqdirini kuzata turib, asosiy, asar mazmunini, maqsad-mohiyatini tashkil etuvchi, haqiqatni ko‘ra olamiz. Urushda jang qilish uchun olib ketilgan, ammo yaroqsiz holga kelgach, uyiga yuborilgan va butun hayoti ag‘dar-to‘ntar bo‘lib, o‘z ona yeridan ketishga majbur bo‘lgan Edigey Bo‘ron, nemislarga asir tushib, inson zoti bardosh bera olmaydigan qiynoqlarga chidab, yurti uchun, tinchligi,ozodligi uchun partizanlar safida jang qilgan, ammo tinchlik davri kelganda ayanchli o‘lim topgan Abutolib singari shaxslar taqdiri asar voqealarining asosini tashkil etadi. Nayman ona voqeasi esa, tarixiy rivoyat shaklida keltirilib, Jo‘lomon shaxsi orqali zamonaviy manqurt Sobitjon qiyofasi ochib berilgan. Har ikkala manqurtning birgina farqi, Jo‘lomon junjanglarning vahshiyligi natijasida, qiynoqlar azobidan ong-u shuuridan ayriladi, Sobitjon esa ongli ravishda shu yo‘lni tanlagandi. Uning qiyofasida ajdodlar udumlarini mensimaslik, ota-onaga mehr, kattalarga hurmat tuyg‘ularining begonaligi, mansab-martabaga intilish, ochko‘zlik illatlarining mavjudligi, shunday xulosa chiqarishimizga sabab bo‘ldi. Yozuvchi o‘zi izoh berganidek, Sario‘zak, Nevada singari kosmodromlar mavjud emas, ammo ularning asarda tasvirlanishi insonlarning o‘zaro ixtiloflari, davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, insoniyatni tanglikkka olib boruvchi, taraqqiyotni sekinlashtiruvchi asosiy g‘ov ekanligini, inson ongiga singdirish edi. Asar voqealarini kuzatar ekansiz Edigey Bo‘ron va uning sir-sinoatlarga to‘la hayoti bilan tanishasiz, inson deya atalmish buyuk yaratiqning har qanday sharoitda, har qanday joyda ham o‘z mehnati tufayli yashab qolishiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz.
Maqolani Munisa Hasanova tayyorlagan