“Ayollar daftari”ga kiritish tartibi qanday?

Ayollar daftari — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.

«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar (bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, shu jumladan, mehnat qilish qobiliyatini qisman yo‘qotgan, biroq ishlash ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar);
  • boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar (boquvchisi bo‘lmagan, qo‘shimcha moddiy yordamga muhtojlar);
  • ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar (mehnatga qobiliyatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtojlar);
  • uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar (mehnat qilish qobiliyatini butunlay yo‘qotgan, yolg‘iz yashaydigan, uy-joyini ta’mirlash imkoniyati bo‘lmaganlar);
  • noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan xotin-qizlar (ma’muriy binolar, erto‘lalar va istiqomat qilish maqsadlariga mo‘ljallanmagan boshqa binolarda yolg‘iz yoki oila a’zolari bilan birgalikda yashayotgan, shuningdek, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan holda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar);
  • qaramog‘ida bir va undan ortiq I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollar; tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar (o‘zi va birgalikda yashovchi oila a’zolari og‘ir ijtimoiy vaziyatda bo‘lgan, surunkali yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan, nogironlik guruhi belgilanmagan, etarli daromad manbaiga ega bo‘lmaganlar);
  • huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar (huquqiy maslahat olish istagida bo‘lgan, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat qilganlar);
  • psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar (tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar).

Xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari qanday shakllarda o‘rganiladi?

  • sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yig‘inlari xodimlari va faollari bilan birgalikda barcha yo‘nalishdagi muammolarni har yarim yilda bir marotaba, bunda yarim yillik birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurish orqali;
  • xotin-qizlarning murojaatlarini, shu jumladan, «Ayollar maslahat kengashi»ga murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali.
  • O‘rganish davomida xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari anketa-so‘rovnomalar orqali aniqlanadi.
  • Xotin-qizlarning aniqlangan muammolari sektorlar shtablari kotiblari va fuqarolar yig‘ini xodimlari tomonidan xotin-qizlarning shaxsiy individual anketalariga 3 kundan oshmagan muddatda kiritiladi.

Xotin-qizlar qanday hollarda «Ayollar daftari»dan chiqariladi?

  • bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
  • bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish orqali muammosi hal etilganda;
  • turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda; malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
  • to‘liq davlat ta’minotiga olinganda; aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
  • o‘z arizasiga ko‘ra;
  • «Ayollar daftari»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
  • boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
  • sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
  • shaxs vafot etgan taqdirda.

«Ayollar daftari»ga ikki va undan ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan xotin-qizlarning barcha masalalari to‘liq hal etilishi daftardan chiqarish uchun asos bo‘ladi.

“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 kundan kechiktirmasdan «Ayollar daftari»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications