Davlat funksiyalari tushunchasi

Davlat funksiyalari – bu davlatning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan davlat faoliyatining asosiy (bosh) yo‘nalishlaridir.

Davlat va huquq nazariyasi: darslik. – Toshkent: TDYU, – 57-bet.

Davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishishi uchun ma’lum bir vazifalarni hal qilishi lozim, bu esa, o‘z navbatida, ushbu vazifalarni bajarishga qaratilgan tegishli funksiyalarni amalga oshirishni taqozo etadi.

“Funksiya” so’zi lotin tilidan tarjima qilinganida “faoliyat” degan ma’noni anglatadi. Funksiya deganda biron-bir obyekt xususiyatlarini ma’lum munosabatlar tizimidagi tashqi ifodasi tushuniladi. Umuman olganda, funksiya – vakolat doirasidan kelib chiquvchi harakat demakdir.

Davlat funksiyalarining muhim xususiyatlari quyidagilardir:

davlat funksiyalarida mamlakat ichki va xalqaro maydondagi amaliy faoliyati namoyon bo‘ladi;
davlat funksiyalari uning tarixiy taraqqiyotidagi maqsad va vazifalariga mos ravishda yuzaga keladi va rivojlanib boradi;
davlat funksiyalarida jamiyat hayotida ro‘y berayotgan ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalardagi o’zgarishlar va islohotlar aks etadi.

O ‘z navbatida, davlat funksiyasini uning alohida organlari funksiyalaridan farqlash kerak. Davlat mexanizmiga kiruvchi barcha davlat organlari va tashkilotlarining har biri o‘z vakolatlari doirasida davlat faoliyatining muayyan sohalarida o‘z funksiyalarini amalga oshiradi.

Davlat funksiyalari davlat maqsadi va vazifalari bilan chambarchas bog’liq bo’ladi. Shu o’rinda maqsad, vazifa va funksiya tushunchalarini bir-biridan farqlab olish lozim bo’ladi. «Maqsad», «vazifa», «funksiya» tushunchalari bir-biridan ajralmas bo’lib, ular davlatning mohiyatiga mos ravishda shakllanadi.

Maqsad bu muayyan davlatning taraqqiyotidagi keyingi bosqichda erishmoqchi bo’lgan holati hisoblansa (masalan: fuqarolik jamiyatini shakllantirish, huquqiy demokratik davlat barpo etish), vazifa esa ushbu maqsadga erishish uchun hal qilinishi lozim bo’lgan masalalar, funksiya – vazifalar yechimiga yo‘naltirilgan
faoliyat yo‘nalishidir.

Davlat maqsadining quyidagi xususiyatlari mavjud:

  • davlat faoliyatini yonaltiruvchi va tartibga soluvchi, uning
  • bajarishi lozim bo‘lgan vazifalari ketma-ketligi va xarakterini
  • belgilab beruvchi bevosita motivi bo’lib maydonga chiqadi;
  • muayyan vazifalarni bajargandan keyin kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan davlatning obrazi va modeli sifatida namoyon bo‘ladi;
  • davlat faoliyatini rejalashtirish va taraqqiyotning muqobil yo‘nalishlarini tanlash imkonini beradi;
  • davlat faoliyatini mantiqiylik va tizimlilik asosida amalga oshishini ta’minlaydi;
  • maqsadga erishish amaldagi hayotiy vaziyat va maqsad o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish jarayoni hisoblanadi.

Davlatning vazifalari quyidagi xususiyatlarga ega:

  • funksiyaning mavjud bo’lishi (amalga oshishi)ni taqozo etadi;
  • uning amalga oshishidan oldin yuzaga keladi;
  • funksiyaga nisbatan obyektiv xarakterga ega;
  • funksiyaning mazmunini belgilab beradi;
  • funksiyaning shakl va metodlariga ta’sir qiladi;
  • funksiyasiz davlatning birorta ham vazifasi hal etilmaydi;
  • bitta funksiya orqali davlatning bir qator vazifalari bajarilishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin.

Davlatning funksiyalari uning vazifalariga bog‘liq bo’ladi, chunki vazifalar funksiyalarning mavjudligini va
ularning mazmunini belgilaydi, ularni amalga oshirish shakl va usullariga ta’sir ko‘rsatadi. Funksiyalar mazmuni davlatning qanday faoliyat olib borayotganligi, shu muhitda boshqaruv harakatlarini qay yo’sinda yuritayotganligi, uning tegishli organlari nima bilan shug‘ullanayotganligini ko’rsatadi.

Davlat funksiyalarini tasniflash

Davlat funksiyalari asosan quyidagi to’rt asosiy guruhga tasniflanadi:
a) faoliyat doirasi bo’yicha;
b) amal qilishining davomiyligi bo’yicha;
d) ijtimoiy ahamiyati bo‘yicha;
e) amalga oshirish shakllari bo’yicha.

Davlat funksiyalari faoliyat doirasi bo‘yicha ichki va tashqi funksiyalarga bo’linadi.

Ichki funksiyalar davlatning ichki vazifalarini yechishga yo‘naltirilgan bo‘lib, davlatning jamiyat hayoti ustidan rahbarligini amalga oshirishga qaratilgan faoliyatining asosiy yo’ ‘nalishlarini namoyon qiladi.

Tashqi funksiyalar esa xalqaro-huquqiy munosabatlarning subyekti sifatida ishtirok etayotgan davlatning davlatlararo miqyosdagi vazifalarni hal qilishi bilan bog‘liqdir.

Davlatning asosiy ichki funksiyalari quyidagilar:

  • iqtisodiy funksiya;
  • ijtimoiy funksiya;
  • siyosiy funksiya;
  • huquq-tartibotni ta’minlash funksiyasi;
  • tinchlikni ta’minlash funksiyasi;
  • ekologik funksiya va boshqa funksiyalar.

Iqtisodiy funksiya – bu davlat tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish borasida asosiy yo’nalishlarini ishlab chiqish, ushbu sohada boshqaruvni amalga oshirish va tartibga solib turishdan iboratdir. Bundan tashqari, davlat budjetini shakllantirish, jamiyatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini aniqlash, turli xil mulk shakllarini tenglik sharoitida amal qilinishini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabilar
ham davlatning iqtisodiy sohadagi funksiyasi doirasiga kiradi.

Ijtimoiy funksiya – bu aholini ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, insonlarga munosib turmush tarzini yaratish, ta’lim sohasi, sog’liqni saqlash va madaniyatni rivojlantirish va boshqalar.

Siyosiy funksiya – bu davlat (jamiyat)ning siyosiy hayotini boshqarish, davlat organlarini shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etishdan iborat.

Huquqiy tartibotni muhofaza qilish funksiyasi – davlatning jamiyatda qonuniylik va huquqiy tartibotni mustahkamlash, inson va fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish kabilarga qaratilgan.

Tinchlikni ta’minlash funksiyasi – bu davlat tomonidan aholining tinch-totuv yashashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, turli millatlarni va ijtimoiy guruhlarni murosai madorada saqlab turish, ularning orasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan nizolarning oldini olish hamda bartaraf etishdan iborat.

Davlatning ekologik funksiyasi – uning jamiyat talab va ehtiyojlarini yanada to’liqroq ta’minlash va jamiyat a’zolarining yashash, mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish vazifalarini hal etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni tiklash va ko‘paytirish borasidagi faoliyatidir. Ichki tuzilishiga ko‘ra, davlatning ekologik funksiyasi o‘zaro bog‘liq uch yo‘nalishda amalga oshiriladi: a) atrof tabiiy muhit obyektlarini saqlash; b) tabiiy resurslardan oqilona foydalanish; d) tabiiy resurslarni tiklash. Davlatning ekologik funksiyasi jamiyatning iqtisodiy va ekologik manfaatlarini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiiy resurslarni tiklash, ko‘paytirish, fuqarolar uchun qulay tabiiy atrof muhitni yaratish maqsadlariga qaratilgan.

Davlatning asosiy tashqi funksiyalariga quyidagilardir:

  • boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik funksiyasi;
  • mudofaa funksiyasi.

Boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik funksiyasi – bu davlatning iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa munosabatlarni o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatidir. Jamiyat rivojlanishining zamonaviy darajasi barcha taraqqiy etgan davlatlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy turmushini integratsiyalashtirish, har bir davlatning alohida ichki muammolari hamda butun jahon hamjamiyati muammolarini yanada samarali hal qilish uchun ularning umumiy sa’y-harakatlarini birlashtirishni obyektiv ravishda taqozo etadi. Bunday hamkorlik integratsiya masalalariga keng va o‘zaro foydali yondashuvni, nafaqat muayyan bir mamlakat, balki hamkorlikning boshqa ishtirokchilari manfaatlariga ham javob beradigan ratsional yechimlarni umumiy harakatlar bilan topa bilishni nazarda tutadi.

Davlatlararo iqtisodiy hamkorlikda xalqaro mehnat taqsimoti, ishlab chiqarishni kooperatsiyalashtirish va ixtisoslashtirish, eng yangi texnologiyalarni ayirboshlash va joriy etish, tovar aylanishini muvofiqlashtirish, moliya-kredit aloqalarini rivojlantirish muhim o’rin tutadi. Xalqaro iqtisodiy hamkorlikni umumiy muvofiqlashtirishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari amalga oshiradi. Shuningdek, iqtisodiy hamkorlik davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnomalar asosida ham amalga oshiriladi.

Davlatlarning siyosiy sohadagi hamkorligi davlat hokimiyatining barcha tarmoqlarida, ya’ni parlamentlararo, hukumatlararo miqyosda amalga oshiriladi. BMT hozirgi zamon davlatlarining siyosiy manfaatlarini muvofiqlashtiruvchi asosiy xalqaro organ hisoblanadi. Nizolarni, shu jumladan qurolli
mojarolarni tartibga solish masalalari bilan BMTning doimiy faoliyat yurituvchi organi – Xavfsizlik kengashi shug’ullanadi.

Unga xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, davlatlararo munosabatlarning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng huquqlar berilgan. Jahonda siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash ishiga mintaqaviy xalqaro tashkilotlar Shanxay hamkorlik tashkiloti, Amerika davlatlari tashkiloti va boshqalar ham munosib hissa qo‘shmoqda. Siyosiy xususiyatga ega bo’lgan ko’pgina masalalarni davlatlar bevosita diplomatik yo‘l bilan ikki yoki ko‘p tomonlama muzokaralar asosida hal qiladi.

Madaniy va ilmiy-texnik hamkorlik turli shakllarda va davlatlararo miqyosda amalga oshiriladi. BMTda bunday hamkorlikni muvofiqlashtirish bilan ta’lim, fan va madaniyat masalalari boyicha ixtisoslashgan muassasalar (YUNESKO), Xalqaro atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE) va boshqa tashkilotlar shug‘ullanadi. Madaniy va ilmiy-texnik rivojlanishning alohida masalalari esa davlatlar va nohukumat
tashkilotlari o’rtasidagi ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shartnomalar asosida hal qilinadi. Xalqaro va ilmiy-texnik hamkorlik doirasida ilmiy ma’lumotlar, san’at asarlari, musiqa va sahna madaniyati yutuqlarini almashish, o‘zaro mutaxassislar tayyorlash, fan va madaniyat masalalariga doir turli konferensiyalar va festivallar, olimlar, madaniyat arboblari va sportchilar o‘rtasida bevosita aloqalar o‘rnatiladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik yer yuzida normal ekologik vaziyatni saqlash bo‘yicha ko‘pgina davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtiradi. Ushbu faoliyat keng qamrovli xususiyatga ega bo’lib, insonning yashashi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ekologik sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. U BMTning ixtisoslashgan muassasalari yo’nalishida hamda mintaqaviy va boshqa davlatlararo organlar doirasida faol amalga oshiriladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish uchun davlatlarning tibbiyot, biologiya, kosmonavtika va elektronika sohalaridagi eng so’nggi yutuqlari qo’llaniladi. Davlatlarning tashqi faoliyati xalqaro huquqiy normalarga asoslanadi hamda jahon hamjamiyatiga kiruvchi barcha xalqlarning tub manfaatlari va milliy xususiyatlarini hisobga oladi.

Mudofaa funksiyasi. Davlatning mamlakatni tashqi tazyiqlardan mudofaa qilish funksiyasi davlat faoliyatining muhim yo’nalishi hisoblanadi. Davlatning mudofaa funksiyasi iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va harbiy usullar bilan amalga oshiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications