Davlatning boshqaruv shakllari: Monarxiya va Respublika

Davlat quyidagi asoslarga ko‘ra turlarga bo‘linadi: boshqaruv shakli; hududiy tuzilishi; siyosiy tartib (rejim).

Boshqaruv shakliga ko‘ra davlatlar monarxiya va respublika turlariga bo‘linadi.

Davlat shakllari deyilganda, davlatning bosh qaruv, hududiy tuzilishi va siyosiy tartibi jihatidan qanday shakllarga bo‘linishi tushuniladi.

Boshqaruv shakli deganda, davlat hokimiyati, uning idoralarining aholi bilan o‘zaro munosabatlari, aholining ushbu idoralarni shakllantirishda ishtirok etish darajasi tushuniladi.

Davlat boshqaruv shakli davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining shakllantirilishi va tashkil etilishi tartibi, ularning o‘zaro hamda aholi bilan aloqadorligidir. Bu tushuncha orqali mamlakatda kim hukmron va u hokimiyatni qanday boshqaradi, degan savollarga javob olinadi. Boshqaruv shakliga qarab davlatlarning monarxiya va respublika shakllari farqlanadi.

Monarxiya – oliy hokimiyat yakka hokim – davlat boshlig‘ining qo‘lida bo‘lgan davlat boshqaruv shakli. Bunda hokimiyat aksariyat hollarda yakka-hokim (monarx)ning farzandlariga, ayrim hollarda esa yakka-hokimning qaroriga ko‘ra boshqa shaxsga meros bo‘lib o‘tadi.

Monarxiya – yunoncha so‘z bo‘lib, yakka hokimlik ma’nosini bildiradi.

Monarxiya oliy hokimiyat xalq tomonidan saylab qo‘yilgan organlarga emas, balki meros tariqasida egallagan podsho-hukmdorga tegishli bo‘ladi.

Monarxiya boshqaruv shakliga asoslangan davlatlarda mamlakat boshliqlari imperator, xon, podsho, sulton, qirol, qirolicha, amir, shoh va boshqa shu kabi nomlar bilan ataladi.

Monarx davlatni tanho hokimlik asosida boshqaradi. Albatta, bu davlatning barcha ishlarini uning bir o‘zi hal etar ekan, degan ma’noni bildirmaydi.

Turli davlat organlarida xizmat qiluvchi ko‘p sonli maslahatchilar, vazirlar, amaldorlar davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etadi. Ayni paytda, eng muhim davlat ishlari bo‘yicha monarxning o‘zi hukm chiqarishiga to‘g‘ri keladi. U davlat hokimiyatining to‘laqonli suveren egasidir. Monarx hokimiyati oliy maqomga ega bo‘lib, u mustaqildir. U – davlatdagi oliy hokimiyat sohibidir. Monarxiya hokimiyati vorislik asosida bir avloddan ikkinchi avlodga meros bo‘lib o‘tadi.

Hokimiyatni bir shaxsdan ikkinchisiga o‘tishiga xalqning hech qanday aloqasi bo‘lmaydi, hokimiyatning hukmdor tomonidan egallanishi va uning faoliyat ko‘rsatishi maxsus marosimlar orqali amalga oshiriladi. Monarx muddatsiz, umrbod hokimiyat egasi hisoblanadi. Lekin, monarxlar ag‘darib tashlanganligi, o‘ldirilganligi, boshqa kishilar bilan almashtirilganligiga tarixda misollar ko‘p. Monarx siyosiy boshqaruvda mas’uliyatdan ozod hisoblanadi, ya’ni u o‘z boshqaruvi natijalari uchun yuridik va siyosiy javobgar hisoblanmaydi. Hukmdor qoidaga ko‘ra, qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Masalan,
1809-yildagi Shvetsiya davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi qonunda Qirolning xatti-harakatlari qonunga kirmaydi, deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston hududida tarixda mavjud bo‘lgan monarxiya boshqaruviga misol qilib Temuriylar davri davlatchiligini keltirish mumkin.

Buyuk Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri davlat boshqaruvi va huquq ning rivojlanishida yangi davr bo‘lgan. Amir Temur davlat boshqa ruvi soha sida o‘tmishda mavjud bo‘lgan siyosiy boshqaruv tajribalaridan keng foy dalana olgan. Uning tarixdagi xizmati shundan iboratki, u dav latchi likning boshqaruv tizi mi, ichki va tashqi siyosatining tartib-qoidalari, huquqiy asoslarini yangi tarixiy sharo itda takomillashtirdi. Davlat boshqa ruvi tizimi islom qonun-qoidalariga asos langan. Qozilar shaxsan Amir
Temurning o‘ziga hisobot berib turgan. Temur qat’iy tartiblar va qonunlarni o‘z tuzuklarida ifodalagan.

Monarxiyaning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
1) monarx davlatni shaxsiylashtiradi, tashqi va ichki siyosatda davlat boshlig‘i sifatida maydonga chiqadi;
2) monarx davlatni yakka o‘zi boshqaradi;
3) monarx hokimiyati muqaddas va ilohiy deb e’lon qilinadi;
4) monarx o‘z faoliyatida mustaqildir;
5) hokimiyatni o‘rnatish, qabul qilishning alohida tartibi mavjud;
6) umrbod boshqaruv;
7) monarx o‘z boshqaruvining natijasi uchun yuridik jihatdan javobgar
emas

Monarxiya mutlaq va cheklangan (yoki parlamentar) shakllarda bo‘ladi. Agar monarx o‘z davlatini boshqarishda uning boshqaruvi boshqa biron bir idora bilan cheklanmasa, bunday monarxiya mutlaq monarxiya deyiladi.

Mutlaq monarxiya boshqaruv shaklida davlat boshlig‘i hokimiyatdan muddatsiz, ya’ni umrbod foydalanadi, taxtni meros yoki qarindoshlik senzi bo‘yicha egallaydi hamda o‘z xatti-harakatlari uchun qonun yoki biror davlat organi oldida javobgar bo‘lmaydi, balki faqat xudo oldida mas’uliyatning
mavjudligida namoyon bo‘ladi. Mutlaq monarxiyaning o‘ziga xos yana bir xususiyati shundaki, mazkur boshqaruv shakliga asoslangan davlatlar qonunlarida davlat boshlig‘i, ya’ni monarx tomonidan qabul qilingan qonun yoki boshqa turdagi huquqiy hujjatning biror-bir shaxs tomonidan bajarilmasligi holatida u
faqat yuridik javobgarlikka tortilibgina qolmay, balki monarx xudoning yerdagi vakili hisoblangani uchun uning amrini bajarmaslik katta gunoh sanaladi va xudoning qahriga uchraydi hamda inson o‘limidan so‘ng narigi dunyoda xudo oldida ham javob berishi haqida uqtiriladi. Monarx hokimiyati ilohiylashtirilgan shaklda namoyon bo‘ladi.

Agar monarxning hukmronligi konstitutsiyaga tayanuvchi biron-bir idora bilan cheklangan bo‘lsa, bunday monarxiya cheklangan, konstitutsiyaviy, parlament boshqaruvi shaklidagi monarxiya bo‘ladi (masalan, Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya).

Cheklangan monarxiyada mutlaq monarxiyadan farqli ravishda monarx hokimiyatining vakolatlari konstitutsiya va qonun asosida yoki davlatning biron-bir vakolatli idorasi tomonidan cheklangan bo‘ladi. Cheklangan monarxiya, o‘z navbatida, dualistik va parlamentar turlarga bo‘linadi.

Parlamentar monarxiyada hokimiyat hukmdor bilan birga davlat hokimiyatining oliy organlari – parlament, hukumat va boshqa organlar o‘rtasida taqsimlangan bo‘ladi. Parlament xalq tomonidan ko‘ppartiyaviylik asosida saylash yo‘li bilan shakllantiriladi. Hukumatni parlamentda ko‘pchilik o‘rin egallagan partiya tuzadi, xuddi parlamentar respublikada bo‘lganidek, saylov natijalariga ko‘ra hukumat parlament oldida hisob beradi. Eng ko‘p deputatlik mandatiga ega bo‘lgan partiya rahbari huqumatga boshchilik qiladi.

Parlamentar monarxiyada hokimiyatning taqsimlanishiga amal qilinadi. Hukmdor siyosiy hayotda ishtirok etadi, lekin uning hokimiyat funksiyalari juda kam bo‘lib, tantanavor marosimlar xususiyatiga ega (hukumatning o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishini qabul qilish, xalqaro munosabatlarda davlat nomidan vakillik qilish, davlat nishonlarini taqdim etish va hokazo). Faqat ba’zi bir parlamentar monarxiya davlatlarida hukmdor qo‘lida davlatni boshqarishning real vositalari mavjud (masalan, Buyuk Britaniyada qirolicha parlamentni tarqatib yuboradi, u ayni vaqtda, sud hokimiyati va cherkov boshlig‘i hisoblanadi), lekin amalda hokimiyatni boshqarish vositalari qo‘llanilmaydi. Qonunlarni parlament qabul qiladi va monarx tomonidan imzolangach yuridik kuchga kiradi. Bunday imzolash ramziy ma’noga ega.

Parlamentar monarxiya dualistik monarxiyaga qaraganda boshqaruvning ancha keng tarqalgan shakli. Bugun Buyuk Britaniya, Belgiya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Yaponiya va boshqa ko‘pgina davlatlarda parlamentar monarxiya mavjud. Davlatni boshqarishda monarxning real hokimiyatga ega emasligi parlamentar monarxiyaga xos xususiyatdir. Uning, ya’ni monarxning vakolatlari asosan vakillik xususiyatiga ega. Bundan tashqari, u barcha muhim davlat hujjatlarini imzolab, o‘ziga xos davlat notariusi» vazifasini ham bajaradi.

Bunda monarx vakolatlari hujjatlar tayyorlanishi to‘g‘riligini rasmiy tekshirish bilan chegaralanadi. Odatda, muayyan hujjat mazmunini o‘zgartirishga monarx o‘zicha erisha olmaydi. Shu bois, «monarx javobgar emas» (monarx o‘z faoliyati uchun siyosiy va yuridik javobgar sanalmaydi) prinsipidan kelib chiqqan holda monarx imzosi yonida bosh vazir yoki mas’ul bir vazirning imzosi talab etiladi. Monarx imzolayotgan barcha hujjatlar amalda hukumat tomonidan tayyorlanadi. Monarx qonunchilik hujjatlariga ham imzo chekadi, lekin u parlament qabul qilgan qonunlarga nisbatan veto qo‘llash huquqiga ega emas.

Parlamentar monarxiyaning hammasida ham monarxlarning vakolatlari bir xil emas. Ayrim davlatlarda u davlat faoliyatida ishtirok etishdan mutlaqo chetlatilgan bo‘lsa, ayrimlarida (masalan, Shvetsiya) tashqi ishlar bo‘yicha vakil sanaladi. Ayrimlarida monarx (masalan, Ispaniyada 1978-yilda qabul qilingan konstitutsiyaga binoan qirol ispan armiyasining bosh qo‘mondonidir) ancha keng vakolatlar egasidir.

Noan’anaviy monarxiya cheklangan monarxiya shakli sifatida ko‘p uchramaydigan davlat shakli bo‘lib, davlat boshqaruvi amaliyotida faol rivojlanmagan. Ushbu boshqaruv shakli monarxiyaning boshqa urlaridan farqli o‘laroq, ayrim o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Noan’anaviy monarxiyada ham respublika, ham monarxiya shaklining elementlari uyg‘unligi namoyon bo‘ladi. Birlashgan Arab Amirligi yetti amirlik – Abu Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Um mul-Qayvayn, Al-Fujayra va Ra’s ul-Xaymadan iborat bo‘lib, hokimiyatning oliy organi – amirliklarning shayxlaridan iborat Oliy kengash hisoblanadi. Mazkur kengash a’zolari 5 yil muddatga davlat boshlig‘i – Oliy amirni saylaydilar. Uning monarxiya boshqaruv shakliga xos xususiyati shundaki, Oliy amir faqatgina yetti amirlik rahbarlaridan va kelajakda shu amirlarning taxt merosxo‘rlaridan saylanadi. Amir lavozimi esa faqatgina yagona avlod va uning merosxo‘rlariga tegishlidir. Hukmdorning taxtni egallashi jarayoni xalqning irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda shakllantiriladi, bu esa, o‘z navbatida, monarxiyaga xos xususiyat kasb etadi.

Mazkur boshqaruv shaklining respublikaga oid jihati shundaki, Oliy amir saylov yo‘li bilan belgilanib, u muayyan davrgacha vakolatli hisoblanadi. Demak, saylovning mavjudligi va muayyan muddatning o‘rnatilganligi respublikaga xos bo‘lgan xususiyatdir.

Malayziya davlati misolida quyidagilarni ko‘rish mumkin: davlat boshlig‘i – Oliy hukmdor (podshoh, 2001-yil 12-dekabrdan Sulton Tuanku Said Nutra Jamolullayl) 9 malayya shtati sultonlari kengashida yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Bunda uning tor doiradagi shaxslar tomonidan saylanishi hamda davlat boshlig‘i lavozimiga faqat sulton va uning qavm-qarindoshlari tarkibidan nomzodlar taqdim etilishi monarxiyaning belgisi sifatida e’tirof etilsa, saylov institutining mavjudligi hamda muayyan davriy muddatga vakolat berilishi esa respublika boshqaruv shaklining ko‘rinishi hisoblanadi.

Monarxiyaning yana bir shakli mavjud bo’lib, uni dualistik monarxiyada ko’rish mumkin.

Dualistik monarxiya davlatlariga Saudiya Arabistoni, Quvayt, Nepal kabi davlatlar kiradi. Dualistik monarxiyada hokimiyat monarx va parlament o‘rtasida bo‘linadi. Lekin bu bo‘linish noteng bo‘lib, unda monarx hokimiyati cheklangan bo‘lsa-da, parlament qabul qiladigan birorta ham qonun monarx roziligisiz kuchga kirmaydi. Ijro hokimiyati esa to‘laligicha monarx va u tayinlaydigan hukumat qo‘lida jamlanadi. Boshqaruvning bunday shakli XIX asr va XX asrning boshlarida ancha keng tarqalgan edi (jumladan, Germaniya birlashtirilgandan keyin 1871-yilda qabul qilingan Konstitutsiya bo‘yicha shunday boshqaruv shakllangan edi). Bugun rivojlangan G‘arb mamlakatlarida boshqaruvning bunday shakli mavjud emas. Faqat Lixtenshteyn bundan mustasno bo‘lib, 1921-yilgi Konstitutsiyaga bu yerda 2003-yilda o‘zgartirishlar kiritilgan. Yaqin Sharqning bir necha mamlakatlarida, masalan, Iordaniya va Marokashda esa, dualistik monarxiya hali ham mavjud.

Dualistik monarxiyalarda saylanadigan vakillik organi – parlament (har bir davlatda turlicha nomlanadi, masalan, Iordaniyada «majlis») faoliyat yuritadi. U qonunlar qabul qilish va budjetni ma’qullash huquqiga ega.

Monarx tomonidan tayinlanadigan hukumat faqat uning oldida javobgar sanaladi. Hukumatning parlament oldida mas’ulligi, javobgarligi instituti dualistik monarxiyalarda mavjud bo‘lmaydi. Monarx parlamentni tarqatib yuborish, favqulodda dekretlar chiqarish va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish huquqiga ega. U qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondonidir.

Dualistik monarxiya mutlaq monarxiyadan parlamentar monarxiyaga o‘tishda oraliq, o‘tish shakli bo‘lib, hukmdor bilan bir qatorda, mutlaq monarxiya uchun xos bo‘lmagan boshqa oliy davlat hokimiyat organlari – parlament va hukumatning mavjudligida namoyon bo‘ladi. Amaldagi va yuridik hokimiyat monarx tuzadigan hukumat va qonun chiqaruvchi idora hisoblangan parlament o‘rtasida bo‘linadi.

Dualistik monarxiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, parlament (yoki uning bir palatasi) va hukumat a’zolari hukmdor tomonidan tayinlanadi va uning oldida shaxsan javobgar bo‘ladi. Ushbu monarxiya shaklida davlat boshlig‘ining vakolatlari qisman cheklangan bo‘lsada, ammo u aslida davlat boshlig‘i funksiyasini amalga oshiradi. Hukumatni tuzish parlamentning partiyaviy tarkibiga bog‘liq emas.

Respublika davlat boshqaruvining shunday shakliki, unda hokimiyat oliy idoralari ma’lum muddatga saylanadi.

Respublika shaklidagi boshqaruvga ega bo‘lgan davlatning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
♦ hokimiyat oliy idoralarining saylab qo‘yilishi;
♦ hokimiyat vakolatlarining taqsimlanishi;
♦ hokimiyat oliy idoralarining o‘z qarorlarini saylangan muddati
davomida qabul qilishi;
♦ odil sudlovni amalga oshiruvchi idora bo‘lgan sudlar obro‘sining
ortishi;
♦ fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok eta olishi.

Respublika” so‘zi yunoncha “umumiy ish” ma’nosini bildiradi.

Respublikalar prezidentlik respublikasi va parlamentar respublika turlariga bo‘linadi.

Prezidentlik respublikasida davlatni bevosita xalq saylaydigan va juda keng vakolatlarga ega bo‘lgan Prezident boshqaradi. U ijro hokimiyatining bevosita boshqaruvchisi hisoblanadi.

Prezidentlik respublikasiga yaqqol misol qilib AQSH, Braziliya, Argentina va Meksika davlatlarini keltirish mumkin.

Prezidentlik boshqaruv shaklida «kuchli prezident» qoidasiga asoslaniladi. Prezident hukumat boshlig‘i hisoblanib, uni tuzadi va hukumat prezident oldida hisobot beradi. Prezident ham rasman, ham amalda davlat boshlig‘i hisoblanib, maxsus tartibda xalq yoki saylovchilar hay’ati tomonidan saylanadi, shu bois u parlamentdan mustaqil holda faoliyat yuritadi. Prezident mustaqil holda normativ va normativ bo‘lmagan hujjatlar qabul qilish hamda parlament qabul qilgan qonunlarga veto qo‘yish huquqiga ega.

Davlat boshlig‘i keng vakolatlarga va mamlakatda hokimiyatni amalga oshirishda muhim nufuzga ega bo‘lib, shaxsan o‘zi yoxud parlament roziligi bilan hukumat a’zolarini tayinlaydi hamda vazifasidan ozod qiladi, shuningdek ba’zi hollarda parlamentni ham tarqatib yuborish huquqiga ega.

Prezident ijroiya hokimiyat rahbari bo‘lsada, ayni vaqtning o‘zida millatning yaxlitligi ramzi hisoblanadi. Prezident mamlakatda oliy bosh qo‘mondon vazifasini ham amalga oshiradi. Masalan, Rossiya, Fransiya, O‘zbekiston Respublikasi va boshqa qator davlatlarda prezident bevosita xalq tomonidan saylanadi. Saylovlar tegishli qonunlar asosida amalga oshiriladi.

Parlamentar respublikada davlat boshlig‘i – prezident saylanuvchi mansab dor shaxs bo‘lib, asosan, parlament tomonidan saylanadi.

Parlamentar respublikaga yaqqol misol qilib Italiya, Germaniya, Portugaliya, Gretsiya, Irlandiya va Hindiston davlatlarini keltirish mumkin.

Parlamentar respublikaning mohiyati shundan iboratki, parlament oliy davlat hokimiyat organlari orasida muhim mavqega ega bo‘lib, hukumatni tuzishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hukumat parlament oldida hisobdordir.

Hukumatni parlament saylovlarida eng ko‘p o‘rin egallagan partiya tuzadi. Davlatning amaldagi rahbari hukumat boshlig‘i – Bosh vazir bo‘lib, u qoidaga ko‘ra saylovlarda g‘olib chiqqan partiya yo‘lboshchisi hisoblanadi.

Parlament davlat hokimiyati organlari tizimida eng muhimidir. Hukumat o‘z vazifalarini qonun chiqaruvchilarning aksariyati qo‘llab-quvvatlasagina bajarishi mumkin, bunday ishonchdan mahrum bo‘lgan taqdirda, u iste’foga chiqadi.

Parlamentar respublikalarda prezidentlik lavozimi ko‘zda tutilgan bo‘lsada, odatda, u katta mavqega ega bo‘lmaydi. Ushbu boshqaruv shaklida «kuchli parlament» qoidasi amalda bo‘lib, parlament keng doiradagi vakolatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, Germaniya, Avstriya, Italiya, Hindiston kabi davlatlar parlamentar respublika shaklidagi davlatlar qatoriga kiradi. Shuningdek, jahon tajribasida respublikaning aralash shakli ham uchrab turadi. Aralash (prezidentlik-parlamentar) respublika boshqaruv shakli noan’anaviy monarxiya shakli singari boshqaruv amaliyotida kam uchraydigan turlardan biri bo‘lib, yuridik adabiyotlar va huquqshunoslik manbalarida batafsil o‘rganilmagan.

Aralash respublika shakli mamlakatda bir vaqtning o‘zida «kuchli parlament» va «kuchli prezident» mavjudligi bilan boshqaruvning boshqa shakllaridan keskin farq qilib, prezident va parlament vakolatlari o‘rtasidagi muvozanatning mavjudligida namoyon bo‘ladi.

Prezident umumxalq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. U keng vakolatlarga ega bo‘lsa-da, lekin hukumat boshlig‘i bo‘lmaydi. Prezidentlik lavozimi bilan bir qatorda, keng vakolatlarga ega bo‘lgan Bosh vazir mansabi nazarda tutiladi. Hukumatni tuzishda prezident ham, parlament ham faol ishtirok etadi.

Hukumat ham parlament oldida (ishonchsizlik votumi), ham prezident oldida mas’uldir. Aralash respublika shakliga hozir Fransiya va Armaniston davlatlaridagi mavjud boshqaruv shaklini misol sifatida ko‘rsatish mumkin.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications